Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki o‘rtasida “Raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish uchun 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha kelishuv imzolandi, deb xabar qildi xalqaro moliya tashkiloti matbuot xizmati.

Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Jahon banki guruhi (JBG) va Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) bahorgi sammiti doirasida Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bilan O‘zbekiston hukumatining bozor islohotlarini amalga oshirish sohasidagi sa’y-harakatlari va iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi chora-tadbirlar strategiyasini muhokama qildi.

Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonga raqamli iqtisodiyotni shakllantirish, jumladan, IT-xizmatlar sohasida rivojlanish, investitsiyalarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlari yaratishga yordam beradigan loyihani moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Avval xabar qilinganidek, imtiyozli kredit O‘zbekistonning qishloq va chekka tumanlaridagi 9 mingga yaqin yoshni, jumladan, 4,5 ming nafar ayol va 360 nafar nogironligi bor shaxsni axborot texnologiyalariga asoslangan xizmatlar (ITES) sohasida ish bilan ta’minlashga yordam berishi kerak.

Yana bir yo‘nalish — butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy ofis maydonlarini taklif qiluvchi 11 tagacha hududiy ITES markazlari ishga tushirish. Ushbu chora-tadbirlar ITES kompaniyalarini O‘zbekiston hududlarida o‘z vakolatxonalarini ochishga rag‘batlantiradi.