Hududlarda fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

DXXning Samarqand tumani bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar U.R., Z.M. va A.S. fuqaro H.Sh.ni 18 ming dollar evaziga Isroil davlatiga ishga yuborishni va’da qilgani aniqlandi. Ular 2 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Departamentning Shahrisabz shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.K. 4 nafar fuqaroni Turkiya davlati orqali Nikaragua davlatiga ishga yuborishini va’da qilgani ma’lum bo‘ldi. U jami 35 ming dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, “K-O‘.” MCHJga qarashli o‘quv markazi xodimi S.A. fuqaro Sh. B.ni Janubiy Koreya davlatiga borishda talab etiladigan ishchi viza uchun koreys tili imtihonidan tanishlari orqali o‘tkazib berishini aytgan. Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u xizmati evaziga 10 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan JKning 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.