Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida fuqaro farzandi vafot etganini aytgan shifokorni urdi. Bu haqda Millar ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

Videoda aytilishicha, 2 yoshli bola divandan yiqilib tushib, Shahrisabz shahri bolalar shifoxonasiga yotqizilgan. Bolaning bosh miyasiga qon quyilgani sababli reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilib, sun’iy nafas apparatiga ulangan.

Shifokorlar uning ahvoli haqida ota-onasiga axborot berib turgan. 17-aprel kuni ahvoli og‘irligi sabab bolada biologik o‘lim kuzatilgan. Buni eshitgan bolaning otasi esa shifokorni urgan.

“Otasiga aytganimdan keyin, otasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuzimga musht bilan urdi. Hushimni yo‘qotdim, qolganini to‘liq eslolmayman”, — deydi 47 yoshli jarrohlik bo‘limi boshlig‘i.

Shifokorga kallamiyaning yopiq shikasti, boshmiya chayqalishi, chap ko‘z qovoqlari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. U hozirda qo‘shma shikastlanish va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markazida davolanmoqda.

“Mening bolam o‘lganini aytmay turib ular o‘zlari boshladi muammoni. Erim asabiylashib bir musht urib yubordi, boshqa kuch ishlatganlari yo‘q, faqat ko‘tara olmadilar”, — dedi bolaning onasi va shifokordan “to‘g‘ri tushunish”ni so‘radi.

Kaltaklangan shifokor farzandini yo‘qotgan ota-onaga hozir juda qiyin ekanini, shu bois holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilmaganini aytgan.

Shu sababli tekshiruv harakatlari boshlanmagan, ammo holat Qashqadaryo viloyati IIBning qattiq nazorati ostida, deyiladi xabarda.

Avvalroq bir yil ichida sudlar tomonidan tibbiyot xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilgan yoki ularga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatgan 87 nafar shaxsga nisbatan jarima yoki qamoqqa olish jazosi tayinlangani ma’lum bo‘lgandi.