Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida odamlar va kontrabanda tovarlarni qo‘shni O‘zbekiston hududiga noqonuniy olib o‘tishda foydalanilgan yerosti yo‘li topildi. Bu haqda O‘sh viloyati IIB matbuot xizmatiga tayanib Kaktus xabar qildi.

5-aprel kuni O‘sh viloyati IIB xodimlari Qirg‘iziston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi. Tekshiruv davomida u Qirg‘izistonga ikki davlatni bog‘laydigan yashirin tunnel orqali qonuniy chegarani chetlab o‘tgani ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 168-moddasi “Noqonuniy migratsiyani tashkil etish, migrantlarni noqonuniy olib kirish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochildi.

12-aprelga o‘tar kechasi Nooken tumanida Qirg‘iziston fuqarosi qo‘lga olindi. U Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tishni pul evaziga tashkil qilganlikda gumonlanmoqda.

IIB ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olish chog‘ida gumonlanuvchidan maxsus belgili valyuta va tungi ko‘rish durbinlari musodara qilingan. Shuningdek, uning uyidan dastlabki qiymati qariyb 30 ming dollarga teng 87 quti narkotik modda topilgan.