17-aprel kuni Gruziya parlamenti ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi” qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi, deya xabar bermoqda Mtavari TV. Muxolifatning fikricha, qonun loyihasi Rossiya “xorijiy agentlar” haqidagi qonunchiligini takrorlaydi.

83 deputat qonunni loyihasini yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, hech kim qarshi ovoz bermadi. Sababi muxolifatchi deputatlar hukmron partiya deputatlari bilan og‘zaki janjaldan so‘ng ovoz berish jarayoni oldidan zalni tark etdi, deb yozadi telekanal.

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili agar hujjat uch o‘qishda ham qabul qilinsa, unga veto qo‘yishini aytdi.

“Ushbu qonun loyihasi “Putin qonuni”ning aniq nusxasidir… Men Yevropa Ittifoqining strategiyasi va tavsiyalariga zid bo‘lgan boshqa qonunlar bilan bo‘lgani kabi bu qonun loyihasiga ham veto qo‘yaman”, dedi u BBC bilan suhbatda va suhbat bu so‘zlarining tasvirini X dagi sahifasiga joyladi.

Zurabishvili, shuningdek, uning vetosi parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan bekor qilinishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

Qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish jarayoni Tbilisida uch kundan beri davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida o‘tmoqda. Namoyishchilar parlament binosi oldida to‘planib, Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini ko‘tarib, “Yevropaga ha, Rossiya qonuniga yo‘q” degan va boshqa shiorlarni aytishmoqda.

  • “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini parlament muhokamasiga hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi kiritdi. Bu hujjatni tasdiqlash uchun ikkinchi urinish hisoblanadi. 2023-yili jamoatchilik tanqidi va ko‘plab norozilik namoyishlaridan so‘ng hukumat uni qaytarib olishga majbur bo‘lgandi.
  • Hujjat qabul qilinsa, 20 foizdan ortiq mablag‘ni xorijdan oluvchi nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalariga “xorijiy davlat manfaatlarini ko‘zlovchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tish majburiyati yuklatiladi.
  • Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening aytishicha, taklif etilayotgan qonun loyihasi grant oluvchilarning moliyaviy shaffofligini ta’minlash uchun zarur. Muxolifat partiyalari va mustaqil jurnalistlar esa, o‘z navbatida, hujjat Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirish imkoniyatlarini yo‘q qilishga urinish, deb hisoblamoqda.