Toshkent shahar Mirobod tumani Beshkent ko‘chasi 45-uyda joylashgan (“Fayzobod GAI”) bir muddat ta’mirlash ishlari amalga oshirilganligi sababli Mirzo Ulug‘bek hamda Olmazor tumanlarida Ro‘yxatdan o‘tkazish, imtihon olish bo‘linmasi ish faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi. YHXB ushbu bo‘limlar o‘z faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2024-yilning 25-mart kunidan boshlab, YHXBning xalq tilida “Fayzobod” deb tanilgan Ro‘yxatdan o‘tkazish, imtihon olish bo‘limida, zamonaviy talablarga javob beradigan shart-sharoitlar yaratilgan. Hozirda ushbu ro‘yhatdan o‘tkazish bo‘limida bir vaqtning o‘zida 10 ta avtotransport vositalarini ko‘zdan kechirish va avtotransport vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ketadigan vaqt 1 soatdan 15−20 daqiqagacha qisqartirilgani ma’lum qilindi.

“Shu bois Mirzo Ulug‘bek hamda Olmazor tumanlarida joylashgan Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtixon olish bo‘linmasi ish faoliyati to‘xtatildi. Fuqarolarimiz o‘z vaqtlarini tejash maqsadida Mirobod tumani, Beshkent ko‘chasi, 45-uyda joylashgan (Fayzobod GAI)ga tashrif buyurishlari mumkin”, — deyiladi xabarda.

Toshkent shahar IIBB YHXB Ro‘yhatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limiga qarashli xizmat ko‘rsatayotgan manzillar:

  • Yunusobod tumani O.Zokirov ko‘chasi 2-uy;
  • Mirobod tumani Vodil ko‘chasi 53-uy;
  • Mirobod tumani, Beshkent ko‘chasi, 45-uy (Fayzobod GAI);
  • Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasi 118 “a” uy;
  • Sergeli tumani avtomashina bozor hududida;
  • Yangihayot tuman Tashkent Index avtomashina bozor hududida.

Avvalroq Toshkent shahar hokimligi “Fayzobod GAI”da amalga oshiriladigan ishlar haqida video e’lon qilgan edi.