Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga borish uchun zarurat bo‘lmaganda fuqarolarga qo‘shimcha xavfsizlik choralari va davlat chegarasi orqali kirishda kuchaytirilgan nazorat rejimi bekor qilinmaguncha u yerga borishdan vaqtincha tiyilishni tavsiya qildi.

Tavsiyalar TIV saytida 22-mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus siti xoll” konsert zalida sodir etilgan va yuzlab odamlarning o‘limi va jarohatlanishiga sabab bo‘lgan teraktdan so‘ng butun Rossiya bo‘ylab kuchaytirilgan xavfsizlik va terrorizmga qarshi himoya choralari joriy etilishi munosabati bilan e’lon qilindi.

Rossiyaga sayohat qilishni rejalashtirayotgan fuqarolarga RF Ichki ishlar vazirligining veb-sayti orqali mamlakatga kirish cheklovlari mavjudligini oldindan tekshirish tavsiya etiladi. Ilgari RFda bo‘lgan vaqtida ikki yoki undan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga mamlakatga kirishga ruxsat berilmasligi yoki shu bilan bog‘liq oqibatlar yuzaga kelmasligi uchun chegarani kesib o‘tmaslik tavsiya etiladi.

Rossiyadagi Qirg‘iziston fuqarolariga odamlar gavjum joylarga bormaslik, o‘zlari bilan har doim shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va RFda qonuniy tarzda bo‘lib turganini tasdiqlovchi hujjatlarini olib yurish hamda huquqni muhofaza qilish organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlashga doir qonuniy talablariga rioya qilish tavsiya etiladi.