Olti yoshli Amal ko‘rishish uchun qo‘lini uzatarkan, kaftingiz uchlari qora silikonli oq plastmasa barmoqlarni his qiladi. Bo‘g‘im (falanga)lar bir-biriga metall detalchalar yordamida biriktirilgan. Bunday kiberpanjalar robotlar va superqahramonlarda bo‘ladi. Bolakay — superqahramonlar muxlisi.

Namanganlik Yekaterina Ablyasovaning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘li tug‘ma amputatsiya bilan tug‘ilgan — homila vaqtidayoq bolaning o‘ng qo‘l tirsakdan quyi qismi shakllanmagan. Na ultratovush tekshiruvi (UTT)da, na skriningda bu anomaliya va uning rivojlanib borishi aniqlanmagan.

“Bizda kinder-syurpriz bo‘lgan desa ham bo‘ladi”, — deydi ayol o‘g‘liga mehr bilan boqarkan; bolakay bu vaqt ichida nariroqdagi bir kursiga borib, o‘tirib olishga ham ulguradi.

Yosh ota-ona internetdan yordam, ko‘mak izlashga tushgan, forumlar va guruhlarda ularning o‘g‘li kabi o‘ziga xoslikka ega oilalarning tajribasi bilan tanishgan. Shunday muhokama maydonlarining birida bolalar va kattalar uchun ko‘p funksiyali qo‘l protezlarini ishlab chiqaruvchi “Motorika” (Rossiya) kompaniyasi haqida xabar topgan.

“Amal o‘shanda hali olti oylik ham emasdi. Biz protez olish shartlari qanday, narxi qancha va tayyorlash muddatini bilish maqsadida shunchaki so‘rov qoldirgandik. O‘g‘limiz sal kattaroq bo‘lsa, sotib olmoqchi edik. Oradan uch yil o‘tib, kompaniyaning o‘zi bizga aloqaga chiqdi va Moskvadagi „Farishalar klubi“ („Klub angelov“) xayriya fondi orqali bizga protez yasab berishni taklif qildi. Naq mo‘’jizaning o‘zginasi!”, — deya hikoya qiladi Yekaterina.

protez-ortopediya moslamalari, protezlar, reablitatsiya qilishning texnik vositalari

“Motorika” kompaniyasiga 2015-yili rossiyalik muhandislar Ilya Chex va Vasiliy Xlebnikov asos solgan. Panja kiberprotezlarini ishlab chiqish va yasashga ixtisoslashgan startap oradan ikki yil o‘tib “Skolkovo” innovatsion markazi rezidentiga aylangan. Shundan beri kompaniya Rossiya, MDH, Janubi-Sharqiy va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi foydalanuvchilar 7400 ta protez yetkazib bergan.

Bugungi kunda “Motorika” funksional protezlarning ikki xil — tortiladigan (mexanik) faol va bionik turlarini chiqarmoqda. Birinchi tur protezlar bilak yoki tirsak bo‘g‘imi hisobiga ishlaydi: kishi bo‘g‘imini buksa, protez yopiladi, yozsa (kersa, rostlasa) — ochiladi. Shu tariqa ushlab (tutib) olish harakati amalga oshiriladi. Bionik protezlar esa nisbatan zamonaviy, kuchli va murakkabroq. U mushak qisqarishlari hisobiga ishlaydi.

Ikkala tur protez ham qo‘l, bilak va yelka darajasidagi qo‘l amputatsiyasi yoki aplaziyasi (qo‘lning tug‘ma yo‘qligi yoki rivojlanmaganligi) bo‘lgan bolalar va kattalarga mos keladi. Bu protezlar intuitiv darajada tushunarli bo‘lib, foydalanuvchilarga narsalarni olish, ovqat pishirish, velosiped yoki samokatda uchish, smartfon va sensor ekranli boshqa gadjetlardan foydalanish kabi oddiy kundalik ishlarni bajarishga imkon beradi.

“Kompaniyamizning missiyasi bor — foydalanuvchilarimizga yangi imkoniyatlarni ochishlariga, harakat erkinligini his qilishlariga yordam beramiz. Biz jarohatni niqoblab, yashirib turadigan emas, balki aynan foydalanish mumkin bo‘lgan protezlarni yasaymiz”, — deydi kompaniyaning MDH yo‘nalishi rahbari Valeriya Chemikos.

Barcha protezlar individual ravishda, jarohatning o‘ziga xosliklarini hisobga olgan holda tayyorlanadi. Protez korpusi 3D-printerda chop etiladi, qolgan qismlari esa tokarlik, frezerlik yoki boshqa mexanik qayta ishlash uskunalari yordamida yasaladi. Foydalanuvchilarda protez rangini tanlash yoki dizaynerlardan uni sevimli multfilm va komiks qahramoni uslubida bezatib berishni so‘rash imkoni bor. Bu narsa ayniqsa bolalar protezi yo‘nalishida juda dolzarb.

“Biz dizayn borasida ota-onalar bilan albatta gaplashamiz, bola nima xohlayotganini so‘raymiz. Agar rangli protez so‘rayotgan bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashlarini iltimos qilamiz. Bola protezdan foydalanishi, bu narsa unga yoqishi juda muhim. Bu narsa bolaning o‘z jarohatiga va umuman o‘ziga nisbatan munosabatini qanchalik o‘zgartirishini amaliyotda ko‘p ko‘rganmiz”, — deya tushuntiradi Valeriya Chemikos.

protez-ortopediya moslamalari, protezlar, reablitatsiya qilishning texnik vositalari

Dizaynerlar Amal uchun birinchi kiberprotezni Amerikaning mashhur “O‘rgimchak-odam” komiksi uslubida qizil va ko‘k ranglarda, butun korpusini o‘rgimchak to‘ri egallagan ko‘rinishda bezatib bergan edi. Amalning bunday “qo‘li” bog‘chada tengdoshlarining katta qiziqishiga sabab bo‘lgan. Ko‘plab bolalar ota-onalaridan ularga ham shunday narsa olib berishni so‘ragan — ular protezni tibbiy vosita emas, balki qandaydir zamonaviy gadjet deb tushungan.

Bolakayga Yangi yil arafasi “Ishonch” kompaniyasi sovg‘a qilgan ikkinchi protez ham superqahramonlik mavzusida bezatilgan. Kaftning orqa tarafida Betmen ramzi — ko‘rshapalak tasvirlangan. Protez oq-qora — maktab formasi rangida. sentabrda Amal 1-sinfga chiqadi.

Dizaynni bolaning o‘zi tanlagan. Protezni odatiy qo‘lga o‘xshatib ishlash taklifini Amalning o‘zi rad etdi. Ota-onasiga: “Yo kiborg bo‘laman, yo o‘zimning qo‘lim bilan yuraveraman”, dedi.

“Amalga kichikligidan qo‘lini yashirmaslikni o‘rgatganmiz. Suzishga ham, qo‘li chiniqishi uchun, protezsiz qatnaymiz. Orada bir Amal: „Bog‘chaga protezsiz boraman“, deb qoldi — u tortinchoqroq, hamma e’tibor beraverishi yoqmagan. Unga protezi bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham e’tibor beraverishlarini, lekin kiberqo‘l bilan imkoniyatlar ko‘proqligini aytib, tushuntirdik”, — deydi Yekaterina.

protez-ortopediya moslamalari, protezlar, reablitatsiya qilishning texnik vositalari

Amal bilan birga 10 yoshli Hadiyatulloh Ahmadaliyev ham “Ishonch”dan Yangi yil sovg‘asi sifatida kiberprotez oldi. Bu bolakayning o‘ng qo‘l panjasi chaqaloqligidan rivojlanmay qolgan. Katta bo‘lgani sayin u o‘zidagi bu holatdan ko‘proq uyala boshlagan. Endi bo‘lsa Hadiyatulloh o‘zida yo‘q xursand: bolakay nafaqat fantastik filmlardagi kiborglarga o‘xshaydi, balki ancha-muncha mustaqillashib, uy ishlarida ota-onasiga ham yordam bera boshlagan.

“Bu mavzudan uzoq bo‘lsang, odatiy hayot tarzida bu kabi muammolarga duch kelmasang, texnologiyalar naqadar rivojlanib ketganini va qanchalik ko‘p odam yordamga muhtojligini anglay olmaysan. Bolalar bugunning o‘zidayoq o‘zini kuch va ishtiyoqqa to‘la his qilishi va bolaligi baxtiyor o‘tishi uchun e’tibor qarata olayotganimiz biz uchun katta sharaf. Bunday protezlarga muhtoj kattalar va bolalarga ko‘rsatiladigan manzilli yordam tizimli bo‘lishini istardik”, — deydi “Ishonch” kompaniyasi kreativ direktori Zamira Rahmonova.

Uchinchi bolakay — xorazmlik 6 yoshli Mirabror Shavkatov uchun kiberprotez rossiyalik metsenat tomonidan sovg‘a bo‘ldi.

protez-ortopediya moslamalari, protezlar, reablitatsiya qilishning texnik vositalari

O‘zbekistonda “Motorika” protezlari, 2022-yildan boshlab hisoblaganda, 13 kishiga taqdim etilgan. Kompaniya O‘zbekistondagi protez va ortezlar tayyorlashga ixtisoslashgan “Ortoprotez reabilitatsiya servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda. Ushbu jamiyat mahalliy bozorda ishlayotganiga 25 yildan oshgan bo‘lib, Toshkentdan tashqari Samarqand, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo, Navoiy, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda filiallariga ega.

Tashkilot protezchilari rossiyalik hamkasblari bilan birga ishlab, tortiladigan faol protezlarni o‘rnatish bo‘yicha malaka oshirdi va bu yo‘nalishda sertifikatlashtirishdan o‘tdi.

2024-yilda kompaniyalar “Ortoprotez reabilitatsiya servis” negizida nogironligi bor shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari (RQTV) bilan ta’minlashning yangi tizimini ishlab chiqishga doir qo‘shma loyihalarga e’tibor qaratishni maqsad qilgan. Bunda O‘zbekiston prezidentining fevraldagi “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reablitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va Aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi muhim dasturilamal bo‘ladi. 2030-yilga borib o‘zbekistonliklarning zamonaviy protez-ortopediya anjomlariga bo‘lgan talabi to‘liq qoplanishi kutilmoqda.