Yaponiya 2023-yil oxiriga kelib, ichki iste’mol zaiflashuvi tufayli yuzaga kelgan kutilmagan inqiroz sharoitida dunyoning uchinchi yirik iqtisodiyoti sifatida Germaniyaga yo‘l ochib berdi, deya CNN nashri xabar bermoqda.

Mamlakat yalpi ichki mahsuloti so‘nggi uch oyda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,4 foizga qisqardi, deya ta’kidlamoqda telekanal. Uchinchi chorakda ham pasayish qayd etildi. Odatda ketma-ket ikki chorak iqtisodiy tanazzul kuzatilsa, unga repressiya sifatida qaraladi.

Yaponiyaning o‘tgan yilgi nominal YAIM hajmi 4,21 trillion dollarni tashkil etdi, deya Yaponiya hukumati ma’lumotlariga tayanib, AP aniqlik kiritmoqda. Germaniyaning nominal YAIM hajmi 2023-yilda taxminan 4,4 trillion dollarni tashkil etdi.

Yaponiya iqtisodiyotining yarmini tashkil etuvchi xususiy iste’mol hajmi oziq-ovqat, yoqilg‘i va boshqa tovarlar narxi oshgani hisobiga 0,9 foizga kamaydi. Yaponiya o‘zining yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojining 94 foizini va oziq-ovqatning 63 foizini chet eldan import qiladi, shuning uchun mamlakat iyenasining zaiflashishi yashash narxining sezilarli darajada oshishiga olib keladi, deya CNN`ga Japanmacro strategi Nil Nyuman tushuntirish bermoqda.

“Afsuski, yanvar oyida Yaponiya dengizidagi zilziladan keyin vaziyat yanada yomonlashdi. Odamlar tabiiy ofatlar paytida pul sarflashni to‘xtatadi”, — deya ogohlantirmoqda iqtisodchi.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, bozorda ko‘pchilik Yaponiya banki aprel oyida salbiy stavkalardan voz kechishini kutmoqda. Mamlakat iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish va tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlarni yengillashtirish uchun 2016-yilda salbiy foiz stavkalari siyosatidan foydalanishni boshlagandi.

  • 1-yanvar kuni Yaponiyaning Ishikava shahrida 7.6 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. Tabiiy ofat jiddiy vayronagarchilik va yong‘inlarga olib kelgan. 200 dan ortiq odam halok bo‘ldi va 1000 dan ortiq kishi jarohat oldi.
  • AQSh va Xitoy iqtisodiyoti dunyodagi eng yirik iqtisodiyotlar reytingida mos ravishda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallamoqda.