Toshkent shahridagi Bobur ko‘chasini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti bilan bog‘laydigan hamda Sodiqxo‘ja Tolipov ko‘chasiga chiquvchi va tushuvchi yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi loyihasi doirasida 1422 tup daraxt ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda 26-sentabr kuni loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazuvchi kompaniya va Ekologiya vazirligi vakillari ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Loyihaning birinchi bosqichida 69 tup daraxt aeroport yaqinidagi bog‘ga ko‘chirib o‘tkaziladi. oktabr oyining birinchi o‘n kunligida hujjatlashtirish ishlari boshlanadi. Unga qadar — ikki hafta davomida aholining fikri o‘rganiladi, monitoring qilinadi.

“Jami 1422 ta daraxt bo‘lsa, bu ularning hammasini ko‘chirishga ruxsat beriladi, degani emas. Qanday turdagi daraxtlarni ko‘chirishga zarurat bo‘lyapti va nima uchunligini o‘rganamiz, jamoatchilik roziligi olinadi. Ular orasidan 4 tupi ko‘p yillik, qolganlari ekilganiga bir-necha yil bo‘lgan archalar. Bundan oldin odamlar, jamoatchilik nima deydi kabi savollarga javob berish uchun ushbu eshituvni o‘tkazdik. Qayerga, qanday ekadi, barchasi ochiq, shaffof bo‘ladi”, — dedi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev.

aeroport yaqinidagi yo‘l ўтказгич, daraxt ko‘chirish, ekologiya vazirligi

Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik har bir ko‘chirishga tushgan daraxt hisobiga 10 tup ko‘chat ekib berish majburiyatini qo‘ymoqda. Misol uchun, birinchi bosqichda 69 tup daraxt ko‘chirilsa, qo‘shimcha 690 tup daraxt ekiladi.

69 tup daraxtning 18 tasi qrim qarag‘ayi, 14 tasi sliva pisardi, 11 tasi kashtan, 12 tasi farzitsiya, 8 tasi hind nastarini, 2 tasi chinor, 1 tasi shumtol va 3 tasi pavloniya.

“Ko‘chirish agrotexnika qoidalari bo‘yicha o‘tkaziladi. Hozir daraxtlarning suv yutish jarayoni to‘xtagan, yozdan o‘tib oldik, bemalol ko‘chirsa bo‘ladi. 50−60 yoshli daraxtlarning ko‘chirib o‘tkazishda ziyon yetmasligi va yashab ketishiga ham kafolat beramiz. Ular aeroport yaqinidagi bog‘ga ko‘chiriladi, ayrimlari yana joyiga qaytishi ham mumkin. Obodonlashtirish xodimlari nazoratida bo‘lgani uchun bu yerda qurigan daraxtlar bo‘lmagan”, — dedi daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazishga mas’ul Unamak korxonasi rahbari Farrux Hakimov.

Kompaniya rahbari bu holatda “daraxtlar 100 foiz yashab keta olishiga va’da berib”, shu paytga qadar ishlarining 90 foizi holatda muvafaqqiyatli amalga oshganini ta’kidladi.

“Amaliyotimiz bo‘yicha yaqin atrofdagi aholi bilan suhbatlashib, ularning roziligini olishimiz kerak. Lekin bu atrofda aholi yashamaydi. Shuning uchun, bugungi jamoatchilik eshituvini tashkil etdik. Biroq xohlagan odam ko‘chirish jarayonini o‘zi ko‘rmoqchi bo‘lsa, ekologlarimiz bilan borib ko‘rishi mumkin, ruxsat beriladi. Qo‘ygan 3 yil muddatimiz ichida birorta daraxt qurib qoladigan bo‘lsa, har bir qurigan daraxt kesilgani bilan tenglashtiriladi va o‘zining qiymatidan 10 baravar oshirilgan zararni undirish choralari ko‘riladi. Lekin amaliyotda ko‘chirish qoidalarini buzib, uni quritib qo‘yganlar ham bor. Biz shuni inobatga olgan holda oldin fuqarolar, jamoatchilik bilan gaplashib, keyin shunga qarab ish boshlash tizimini yo‘lga qo‘ydik. Loyiha bir-necha yil oldin boshlangan. U paytda hozirgidek moratoriy talablari bo‘lmagan. Keyinchalik balki ovozga qo‘yish kabi mexanzmlari yaratilar, lekin bunga hali yetib kelmadik”, — dedi Rasul Kusherbayev.

aeroport yaqinidagi yo‘l ўтказгич, daraxt ko‘chirish, ekologiya vazirligi

“Ko‘prikqurilishloyiha” unitar korxonasi Bobur Elmurodov loyihaning boshqa variantlari o‘ylab ko‘rilmaganini aytdi. “Bo‘lganida ham odamlarning uyiga tushishga, mingdan ortiq daraxti bor o‘rmonga tushishga to‘g‘ri kelardi”, — dedi u.

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, loyiha 2024-yil oxiriga qadar bitishi, birinchi bosqichi esa oktabr oxiri — noyabr o‘rtalarida tugashi kutilmoqda va uning umumi qimayti 463 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Avvalroq “Gazeta.uz” yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish ishlari borasida batafsilroq ma’lumot bergandi.