Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi va Ekologiya vazirligi mutaxassislari Qibray tumanidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosining qirg‘oqbo‘yi muhofaza zonasida bir qator qonunbuzilish holatlarini aniqladi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Xususan, “B.A.” MCHJ rahbari S.A.ning topshirig‘i bilan daryoning o‘ng qirg‘og‘idan jamiyat ishchilari tomonidan 7683,18 metr kub qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olingan. Oqibatda davlat va jamiyat manfaatlariga 225,6 million so‘m zarar yetkazilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 192−11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) va 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.