2023-yil 12-aprel kuni Toshkentdagi Ekoparkda Tabiat resurslari vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshiriladigan “Bioxilma-xillik bo‘yicha global dasturini erta qo‘llab-quvvatlash” qo‘shma loyihasining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov OAV vakillariga intervyu berdi. U Chiroqchi tumanida Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining otib o‘ldirilgani bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

“Ayiq adashib, aholi punktiga kirib qolganida, mahalliy aholi tushunmaganligi yoki ekologik madaniyatimizning rivojlanmaganligi sabab, ayiqni mashinada urishga harakat qilishgan. Buni barchamiz tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘rdik. Shundan keyin ayiq qo‘rqib, g‘orga berkinib olgan. Biz ayiqqa tegilmay turilishi, Toshkent hayvonot bog‘idan maxsus mutaxassislar borib, uni uxlatib, keyin tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborishni rejalashtirgan edik. Bu haqda mahalliy rahbarlarga tavsiya bergandik. Lekin shunga qaramay, vahshiylik bilan [otib o‘ldirishdi]”, — dedi u.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayiq aholiga hech qanaqa xavf tug‘dirmagan, deya qayd etdi vazir.

“Bechora ayiq berkinib turgan joyida odamlar yig‘ilib, uni qo‘rqitib, qo‘lidagi miltiqlar bilan otganidan keyin u yana qochishga harakat qilgan va o‘ldirilgan. Bu holat bo‘yicha shaxsan tabiat vaziri sifatida Bosh prokuraturaga ariza kiritdim. Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov jarayonlari ketmoqda. Odamlar ham, mas’ul mutaxassislar ham bilishi kerakki, tabiatga bunday munosabat qilib bo‘lmaydi, bu juda ham katta jinoyat”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Avvalroq Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgan edi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondorlarning aybi sud jarayonida o‘z isbotini topsa, ular Qizil kitobiga kiritilgan hayvonni nobud qilgani uchun BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilishi mumkin.