O‘tgan 40 yil mobaynida ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish ancha sust bo‘lmoqda, ularning ayrimlari esa aholi jon boshiga o‘sish bo‘yicha o‘nlab yillar davomida o‘ta sekin rivojlanishmoqda. Tabiiyki, o‘sish bo‘lmasa, bunday mamlakatlarda yashash sifati past bo‘lib qolaveradi: ushbu mamlakatlardagi odamlar boy mamlakatlarga qaraganda qisqaroq umr ko‘radi, bolalar ko‘proq kasal bo‘ladi va go‘daklar o‘limi darajsi yuqoriroq bo‘ladi, ko‘plab odamlar qashshoqlikda yashaydi, maktab va shifoxonalarning sifati yomon, oddiy havo va suvning ham sifati past, shaharlar qulay hayot uchun kamroq moslashtirilgan, natijada odamlar avtohalokat va favquloddagi vaziyatlarda ko‘proq halok bo‘ladi. Qisqasi, agar siz imtiyozga ega bo‘lgan juda tor doiraga aloqador bo‘lmasangiz, iqtisodi yomon bo‘lgan mamlakatda yashash unchalik oson emas.

Noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat ushbu sust o‘sishning asosiy sababi hisoblanadi. Ushbu davlatlar o‘zlarining qoloqligini ko‘rib, Gonkong va Singapur kabi iqtisodiy muvaffaqiyatga erishgan mamlakatlarning iqtisodiy islohotlarini o‘zlashtirish kerakligini va ish bermayotgan an’analaridan voz kechish lozimligini tan olishmaydi. Aksincha, kambag‘al va rivojlanayotgan mamlakatlar aksariyat holatlarda iqtisodiy o‘sishni chegaralovchi iqtisodiy siyosatni yuritishadi: proteksionizm, tor doiradagi guruhlar manfaatiga xizmat qiladigan “sanoat siyosati”, biznesni keragidan ortiqcha nazorat qilishga urinish, resurslarni taqsimlashda davlat rolining kattaligi, yuqori soliq ulushi, davlat korxonalarining samarasiz boshqarilishi, markaziy bankning hukumatga bo‘ysunuvchanligi va shaffof bo‘lmagan fiskal siyosat. Diqqatga sazovor narsa shundaki, mamlakat qanchalik kambag‘al bo‘lsa, ushbu holat shunchalik keng tarqalgan bo‘ladi.

Shu sabab kambag‘al mamlakatlarning rivojlanishini kuzatib boradiganlarning ta’kidlashicha, bunday jamiyatlarni faqat jiddiy inqirozlar va chuqur sarosimalar iqtisodiy siyosatni isloh qilishga va taraqqiyotga to‘siq bo‘lib turgan choralardan voz kechishga unday olishi mumkin.

Ayrim kuzatuvchilarning fikricha, to‘g‘ri islohotlar “juda yomon voqealar” natijasida sodir bo‘ladi, bunday holatlar jamiyatni atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga “yangicha nazar” bilan qarashga undaydi va iqtisodiy siyosatni o‘zgartiradi. Islohotlar haqidagi ushbu nazariya fatalistik (taqdirga tavakkal qilish — tahr.) bo‘lishi mumkin, lekin u juda keng tarqalgan.

Masalan, XX asr boshida Nikolay Chernishevskiyning “Qanchalik yomon bo‘lsa — shunchalik yaxshi” degan iborasi mashhur edi. Ba’zan Leninning repressiya va erkinliklarni cheklash tarafdori bo‘lganligini ta’kidladb, ushbu iborani unga tegishli deyishadi, chunki bu inqilobni tezlashtirishi mumkin edi. Boshqacha aytganda, mamlakatdagi vaziyat qanchalik yomon bo‘lsa, bu kelajakdagi islohotlar va o‘zgarishlar uchun shunchalik yaxshi.

Ammo buning aksini ko‘rsatadigan tadqiqotlar ham mavjud: taraqqiyot yomonlik emas, yaxshilik natijasida sodir bo‘ladi. Jorj Meyson universiteti iqtisodchisi Brayan Kaplan “g‘oyalar tuzog‘i” degan modelni taklif qiladi. Ushbu modelga ko‘ra, agar vaziyot yomon bo‘lsa, jamiyatda to‘g‘ri islohotlar uchun talab tug‘ilishi dargumon. Ya’ni: jamiyatdagi holat qanchalik yomon bo‘lsa, to‘g‘ri islohotlar ehtimoli shunchalik kam.

Uning modelining asosida quyidagi faraz yotadi — dunyoda yashash eng yoqimsiz bo‘lgan joylar uchta umumiy xususiyatlarga ega: birinchisi, past iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi; ikkinchisi, o‘sishga to‘siq bo‘layotgan iqtisodiy siyosat; uchinchisi esa qaror qabul qiluvchi shaxslarning boshqa iqtisodiy siyosat yaxshiroq degan tushunchani inkor etishi.

Tasavvur qiling, o‘sish, siyosat va g‘oya — bu uchta o‘zgaruvchanlar iqtisodiy va siyosiy vaziyatni aks ettiradi. Bunda biz uchta xulosaga kelishimiz mumkin, dastlabki ikkita xulosa o‘z-o‘zidan kelib chiqadi:

1. Yaxshi g‘oyalar to‘g‘ri iqtisodiy siyosatni keltirib chiqaradi.

2. To‘g‘ri iqtisodiy siyosat yaxshi o‘sishga olib keladi.

Uchinchi xulosa oldingilariga nisbatan kamroq intuitivroq:

3. Yaxshi o‘sish yaxshi g‘oyalarga olib keladi.

Uchinchi xulosani tushunish uchun, daromadning o‘sishi iqtisodiy savodxonlikni oshishiga olib kelishi, daromad darajasi esa bunga ta’sir qilmasligini ko‘rish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, daromadi tez o‘sayotgan qambag‘al insonlar ham daromad o‘sishi kuzatilmayotgan boylardan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy sezgirlikka ega.

Xulosa shuki: Yaxshi g‘oyalar to‘g‘ri iqtisodiy siyosatga olib keladi, to‘g‘ri iqtisodiy siyosat yaxshi o‘sishga olib keladi, yaxshi o‘sish esa yaxshi g‘oyalarni mustahkamlaydi.

Yomon xabar shundaki, ushbu tushunchaning aksi bo‘lgan ketma-ketlik ham mavjud. Jamiyat “g‘oyalar tuzog‘i"ga tushib qolsa, unda yomon g‘oyalar noto‘g‘ri iqtisodiy siyosatga, noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat esa — yomon o‘sishga olib keladi, va bu vaziyatda yomon o‘sish esa yomon g‘oyalar uchun unumli tuproq vazifasini o‘tab berishi mumkin.



Ushbu tuzoqqa tushganda, undan chiqib ketish uchun sizga faqatgina sog‘lom fikrlash yordam berishi mumkin. Afsuski, odamlar tushkunlikda bo‘lganda bu haqida o‘ylanishlari qiyin masala. Yaqinda AQShda sodir bo‘lgan himoya niqoblari tanqisligi muammosi bunga yorqin misol. Sog‘lom fikrlash himoya niqoblari va vositalari yetishmovchiligini hal qilish uchun ularni ishlab chiqarish va yetkazishni daromadliroq qilib, bozorga narxni ko‘tarish imkoniyatini berish kerakligigi ishora qiladi. Lekin buning o‘rniga jamiyat ta’minotchilarga “o‘z ishlarini bajarishmayapti” deb tashlandi va hukumatdan narxlarning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi.

Boshqa so‘z bilan aytganda, tushkunlik xolatlarida to‘g‘ri siyosat va yaxshi g‘oyalar paydo bo‘lishi dargumon. Ya’ni, vaziyat qanchalar yomon bo‘lsa, jamiyat tomonidan to‘g‘ri qarorlar qabul qilinishining ehtimoli shunchalik kam.

Iqtisodiy o‘sish va g‘oyalar o‘rtasida mantiqiy bog‘liqlikdan ko‘ra ko‘proq psixologik bog‘liqlik mavjud. Albatta, faqatgina vaziyat yomonlashgani uchun foydali bo‘lmagan g‘oyalarni qabul qilish va noto‘g‘ri siyosatni amalga oshirish unchalik mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, lekin odamlar buni faol ravishda bajarib kelishmoqda.

Bunga misol topish uchun turli mamlakatlarda turli davrlarda valyuta bozorlarining holatiga nazar solish mumkin. Masalan, yaqinda Turkiyada sodir bo‘lgan holat yoki Osiyo moliyaviy inqirozi davri: valyuta kurslari o‘sgan bir paytda jamiyat va siyosiy rahbarlar bor aybni chayqovchilar va qora bozorda faoliyat yurituvchilarga to‘nkab qo‘yishdi. Qandaydir mahsulotlar narxi ko‘tarilganda, jamiyat va rahbarlar qabul qilish mumkin bo‘lgan eng yomon qarorlarni qabul qiladilar. Yana bir misol, 2003 yilda Argentinada go‘sht narxi keskin oshib ketganda hukumat go‘sht eksportini taqiqlab qo‘yadi. Bu esa ushbu sanoat rivojlanishini to‘xtatib qo‘ydi va boshqa ko‘plab salbiy tasirlarga ega bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy natijalarga olib keldi.

Xuddi shu narsa yuqori inflyatsiya davrida ham sodir bo‘ladi: jamiyat va rahbarlar aybdorlarni qidirib, inflyatsiyaning yanada ko‘tarilishiga sabab bo‘luvchi qarorlarni qabul qilishadi. Xattoki o‘zimizning yangi tariximiz misolida ko‘rishimiz mumkinki, yomon sharoitlarda yanada yomonroq qarorlar qabul qilinadi. Hukumat so‘mni konvertatsiya qilib bo‘lmaydigan valyutaga aylantirib, importni cheklab va sun’iy yuqori dollar kursi evaziga “eksportni rivojlantirmoqchi” bo‘lganda, bizning asosiy eksport maxsulotlarimizning dunyo bozoridagi narxlari keskin pasydi, ya’ni, bu qaror “yomon vaziyatda” qabul qilingan edi.

Kaplan modelida ushbu ikki muvozanat barqaror va doimiy: siz yoki yaxshi o‘sish yaxshi g‘oyalarni keltirib chiqaradigan muvozanatdasiz, yoki o‘sish yo‘qligi yanada yomonroq g‘oyalarni keltirib chiqaruvchi xolatda.

Bu boshi berk vaziyatdan qanday qilib chiqib ketish mumkin? O‘z modelida Kaplan buni “omad” deb nomlaydi. Vaqti-vaqti bilan, jamiyat lotereyada katta bo‘lmagan yutuqqa erishish imkoniyatiga ega. Misol uchun, qandaydir tasodifiy holat sababli rahbarlar bozor munosabatlariga erkinroq yondashuvni sinab ko‘rishlari mumkin. Ularning siyosati ma’lum o‘sishga olib keladi, bu esa, o‘z navbatida, jamoatchilik ongini yaxshilaydi va rivojlanish uchun yanada ko‘proq to‘g‘ri g‘oyalar va islohotlarga talab yaratadi. Boshqa modellarda ushbu ssenariy “sinish nuqtasi” deb nomlanadi, bunda biror voqea mamlakatni bir holatdan boshqa holatga o‘tkazishi mumkin.

Islohotlar mohiyatini tushunish uchun Kaplanning ikkita muvozanatli holatlar xaqidagi xulosalari muhim ahamiyatga ega. Bir tomondan olib qaraganda, to‘g‘ri islohotlar va o‘zgarishlar “vaziyat yaxshi bo‘lsagina” sodir bo‘lishini va fatalist bo‘lish maqsadga muvofiq emasligini tushunish muhim. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, agar siz unchalik muhim yoki inqilobiy deb hisoblamaydigan o‘zgarishlarga to‘qnash kelsangiz, optimist bo‘ling, chunki har bir mayda ijobiy o‘zgarishlar o‘z o‘rnida yaxshi g‘oyalar va to‘g‘ri islohotlar uchun zamin yaratishi mumkin.

Boshqa tomondan, unchalik muhim tuyulmagan noto‘g‘ri qarorlar va muhim bo‘lmagan ortga siljishlarga nisbatan juda ham e’tiborli bo‘lish lozim. Agar qandaydir qaror bu iqtisodga sezilarli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatmasa ham, biz bir narsani doimo yodda tutishimiz lozim. Ushbu kichik noto‘g‘ri qadamlar kelajakda yanada noto‘g‘riroq qadamlar qo‘yilishiga olib keladi.

“Status-kvo"ni o‘zgartirish va xatolar ustida ishlash haqida qachon o‘ylanish mumkin? Qachonki vaziyat yaxshi, rahbarlar va jamiyat tinch bo‘lsa. Shuning uchun ham bozor islohotlari tarafdorlari doimo yaxshi vaziyat tarafdorlari bo‘lib, mayda ijobiy o‘zgarishlarga ham quvonishlari lozim.

Xatolar odamlarni to‘g‘ri xulosalar chiqarishga o‘rgatishi mumkin degan tabiiy va intuitiv tendensiya mavjud, lekin, afsuski, bunday emas. Fatalist bo‘lmaslik muhim — boshimiz devorga urilganidan keyingina yaxshi o‘zgarishlar boshlanadi, to‘g‘ri xulosalar chiqaramiz va iqtisodiyotni vayron qilayotgan choralardan voz kechamiz deb kutish kerak emas. Aksincha, xatolar ketidan yanada yomonroq xatolar sodir bo‘lishi, “omad” va “sinish nuqtasi"dan bo‘lak boshqa narsa o‘zgarishga olib kelishi amrimaholligi tarix va nazariyadan bizga ma’lum. Bir narsani tushunish kerak: rivojlanish ham, degradatsiya ham bir zumda sodir bo‘lmaydi, va ma’lum yo‘nalish bo‘ylab bosilgan har qanday qadam ushbu yo‘nalishda davom etish ehtimolini oshiradi. Bu ba’zan marom yoki yo‘lga bog‘liqlik deb ataladi (path dependence).

Qabul qilinayotgan qarorlar sababli biz kutayotgan iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlarini tahlil qilar ekanmiz, ushbu qarorlarni va ularning oqibatlarini baholashda ochiq bo‘lishimiz va vijdonan yondashishimiz kerak. Misol uchun, proteksionizm va tanish-bilish bo‘lgan joyda biz raqobat xamda samaradorlikni kutishimiz noto‘g‘ri. To‘g‘ri g‘oyalar va erkin tashabbuslar uchun sharoitlarga talab hamon kam emas, shuning uchun biz hattoki mayda noto‘g‘ri qarorlarga ham yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Bo‘lmasa biz tuzoqqa tushib qolamiz.

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasiligi mumkin.

Behzod Hoshimov — iqtisodchi, Medisondagi (AQSh) Viskonsin universiteti biznes-maktabining doktoranti. 2016 yil may oyidan buyon Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi bo‘lib ishlaydi. Viskonsin universitetining iqtisodiyot magistri va Nanyang texnologik universitetining (Singapur) matematika bakalavri darajasiga ega.