“Gazeta.uz” muxbiri Nikita Makarenko Sirdaryo viloyatida mahalliy aholi hamda ofat hududida ishlayotgan turli idoralar xodimlari bilan suhbatlashib, ularning hikoyalariga quloq tutdi. 60 mingdan ortiq insonlarning ortga qaytishi kutilmoqda.

Sardoba suv omboridan chiqqan suv oqimlari M-39 avtoyo‘lidan toshib, shimol tomonga o‘tmoqda. Oldinda — qulab tushgan ko‘prik.

Qutqaruv operatsiyasi ishtirokchisi:

“Juma kuni suv ostida qolgan qishloqdan barcha aholi evakuatsiya qilindi. U yerda hech kim qolmasligi kerak edi. Qanchadir vaqtdan keyin xodimlar ikki qavatli uy oldidan o‘tarkan, to‘satdan derazadan kesa ayolni ko‘rib qolishdi. U deraza oldida xotirjam o‘tirardi, birinchi qavat esa suv bilan to‘lgandi. Pod’ezd orqali kirib bo‘lmaydi. U ketishni unchalik ham xohlamasdi, ko‘ndirishga majbur bo‘ldik. Keyin uni oynadan chiqarib olishdi. U faqat o‘z nevaralaridan xavotirda edi. „Nevaralarim qani?“ — derdi. Ularni esa allaqachon qutqarishgandi”.

Mirzacho‘l qishlog‘ida suv oqimlaridan vayron bo‘lgan uylar.

Mirzacho‘l qishlog‘ida yashovchilardan biri:

“Biz uyga kirmaymiz, uyda bizga hech narsa kerak emas. Faqat mollarimni olib chiqishga ruxsat bering. Kirib faqat sigirlarimni olib chiqaman. Uyga kirmaymiz, bilamiz, xavfli. Va’da beramiz. Cho‘kib ketmaymiz, mana, ukam bilan boramiz. U yerda sigirlarimiz bor. Ularni olib chiqishimiz kerak”.

Mirzacho‘l qishlog‘ida suv ostida qolgan ekin maydonlari.

Milliy gvardiya xodimi:

“Bu juma kuni bo‘ldi. Suv tezlik bilan kirib kelishni boshladi. Bir oila uyda qolib ketibdi, ular ulgurishmagan. Atrof suv bilan to‘lib bo‘lgan. Bir gvardiyachi, yosh yigit u yergacha yetib bordi. Va to‘qqiz kishini olib chiqdi, hammani qutqardi”.

Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi suv ostida qolgan qishloq xo‘jaligi yerlari.

Huquqni muhofaza qilish organi xodimi:

“Biz tashlab ketilgan binolarni qo‘riqlayapmiz. Ham talonchilardan, ham aholining o‘zidan. Qanchalik xavfli bo‘lmasin, ular u yerga qaytishga harakat qilishyapti. Masalan, kimningdir uyda pasporti, hujjatlari qolib ketgan. U hujjatlar unga kerak, deb o‘ylaydi va suzib boradi. Biz esa ularni tutib olamiz. Bittasi pullari uchun o‘tib ketib qoldi. Keyin qaradim, u hamma-hammasini quyoshga yoyib, quritdi…”

M-39 avtoyo‘lining Toshkentga qayrilish joyi. Suv aholining shaxsiy buyumlarini oqizib kelgan.

Qutqaruv operatsiyasi ishtirokchisi:

“Suv juda kuchli vayronkor kuchga ega edi. Beton bloklarni qanday tarqatib yuborganini ko‘ring. Yo‘lni shunchaki yuvib yubordi. Ikki kun uxlamadik. Kecha (shanba kuni), bu yerga qo‘shimcha odamlar keldi, men biroz uxlab oldim”.

Evakuatsiya qilingan aholi Mirzaobod tumanidagi 3-bolalar bog‘chasidagi vaqtinchalik joylashtiruv markazida insonparvarlik yordamini tanlab olmoqda.

Huquqni muhofaza qilish organi xodimi:

“Qutqarishga ulgurilmagan ayrimlar tomlarda o‘tirgan ekan. Xodimlar boshliqqa u tomonda odamlar tomda o‘tirganini ma’lum qildi. U vertolyot jo‘natdi, fotosuratlarda ko‘rdingiz — shunaqasi ham bo‘ldi. Olib kelishdi, uchuvchilar yana boraylik, deb yonib turishibdi — yana uchamiz va yana odamlarni ko‘ramiz. Hech kim qolmadi”.

Evakuatsiya qilingan bolalar Mirzaobod tumanidagi 3-bolalar bog‘chasi hovlisida futbol o‘ynamoqda.