O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 1-yanvar holatiga 32,121 million kishini tashkil etib, yil boshiga nisbatan 545,8 ming kishiga yoki 1,7 foizga o‘sgan. Jumladan, shahar aholisi soni 16,238 million kishini (jami aholi soniga nisbatan 50,6%), qishloq aholisi soni esa 15,882 million kishini (jami aholi soniga nisbatan 49,4%) tashkil etdi. Dastlabki ma’lumotlar Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

2016-yilning yanvar-dekabr davrida 726,8 mingta bola tug‘ilib, mos ravishda tug‘ilish koeffitsiyenti 22,8 promilleni tashkil qildi va 2015 yilning mos davriga nisbatan 0,7 promillega kamaydi (2015 yilda 23,5 promille bo‘lgan). Tug‘ilish koeffitsiyentining sezilarli darajada pasayishi Qoraqalpog‘iston Respublikasida (23,3 promilledan 21,8 promillegacha), Surxondaryo (27,0 promilledan 25,8 promillegacha), Buxoro (21,9 promilledan 20,9 promillegacha), Toshkent (21,1 promilledan 20,3 promillegacha), Andijon (24,1 promilledan 23,4 promillegacha), Qashqadaryo (26,2 promilledan 25,5 promillegacha) va Sirdaryo (22,8 promilledan 22,1 promillegacha) viloyatlarida qayd etildi. Shuningdek, tug‘ilish koeffitsiyentining o‘sishi Toshkent shahrida (18,0 promilledan 18,4 promillegacha) va Navoiy (22,0 promilledan 22,1 promillegacha) viloyatida kuzatildi.

2016-yilning yanvar-dekabr oylarida 154,5 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda o‘lim koeffitsiyenti 4,8 promilleni tashkil etdi. O‘lim koeffitsiyentining o‘sishi Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatildi. O‘lim koeffitsiyentining pasayishi Andijon, Namangan, Toshkent, Farg‘ona viloyatlarida va Toshkent shahrida qayd etildi.

Ro‘yxatga olingan jami o‘lganlarning 59,6 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,4 foizi — o‘simtalardan, 6,7 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 5,9 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 4,9 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 1,9 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 11,6 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Yil davomida 7,7 mingta 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi qayd etildi va go‘daklar o‘limi koeffitsiyenti 10,5 promilleni tashkil etdi. Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha o‘lgan jami bolalarning 56,7 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 22,4 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 9,8 foizi — tug‘ma anomaliyalardan, 3,1 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 1,9 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,6 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 5,5 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

2016-yilning yanvar-dekabr oylarida FHDYO organlari tomonidan 275,1 mingta nikoh va 29,4 mingta nikohdan ajralishlar qayd etilgan. Respublika bo‘yicha nikoh tuzish koeffitsiyenti 8,6 promilleni, nikohdan ajralish koeffitsiyenti esa 0,9 promilleni tashkil etdi. Nikoh tuzish koeffitsiyentining pasayishi respublikaning barcha hududlarida kuzatildi. Sezilarli darajada nikoh tuzish koeffitsiyentining pasayishi Qashqadaryo, Namangan, Andijon, Xorazm, Surxondaryo viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi. Shu bilan birga, nikohdan ajralish koeffitsiyentining o‘sishi Jizzax, Sirdaryo, Xorazm viloyatlarida va ushbu koeffitsiyentning pasayishi Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlarida va Toshkent shahrida kuzatildi.

Yil davomida respublika bo‘yicha ko‘chib kelganlar soni 141,7 ming kishini, ko‘chib ketganlar soni esa 168,3 ming kishini tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 26,6 ming kishini tashkil etdi (2015-yilda minus 29,3 ming kishi bo‘lgan). Migratsiya saldosining yuqori darajasi Toshkent, Samarqand viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etildi.