Shveysariyalik Marsel Mate rahbarligidagi FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi JCH-2014 Osiyo saralash musobaqasi 3-bosqich uchrashuvidan kelib chiqib, O‘zbekiston milliy terma jamoasining besh nafar futbolchisi va O‘zbekiston futbol federatsiyasini jazoladi. Bu haqda FIFA rasmiy sayti ma’lumoti asosida O‘zbekiston futbol federatsiyasi xabar berdi.

“4-bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgan O‘zbekiston 2011-yilning 15-noyabr kuni “Paxtakor” stadionida Tojikistonga qarshi saralash uchrashuvini o‘tkazgan. 70-daqiqalarda (bu vaqtda O‘zbekiston 2:0 hisobida g‘alaba qozonayotgan edi) va o‘yin so‘nggida – 3-saralash bosqichining avvalgi uchrashuvlarida sariq kartochka olgan O‘zbekistonning besh nafar futbolchisi, o‘yin vaqtini ataylab cho‘zganligi uchun ogohlantirilgan”, – deyiladi FIFA xabarida.

FIFA rasmiy saytining qayd etishicha, ikkita ogohlantirishdan so‘ng ushbu futbolchilar, FIFA Tartib-intizom kodeksining 17-moddasi 3-bandiga asosan, 2012-yil 29-fevral kuni o‘tkaziladigan Yaponiyaga qarshi 3-saralash bosqichi so‘nggi tur uchrashuvini o‘tkazib yuborishi kerak edi.

Rasmiy xabarda shunday deyiladi: “Uchrashuvga oid rasmiy hisobotlar va vaziyatlarni bilan tanishib chiqib, barchasini umumlashtirgan holda, FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi besh nafar futbolchini Tartib-intizom kodeksining 57-moddasi bilan, qo‘shimcha ravishda, O‘zbekiston futbol federatsiyasini 52.a-moddasi bilan jazolashga qaror qildi. Shavkatjon Mullajonov, Sanjar Tursunov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Server Jeparov va Vagiz Galiulin ikki sariq kartochka sabab 3-saralash bosqichi so‘nggi tur uchrashuvini avtomatik ravishda o‘tkazib yuborishga qo‘shimcha, 4-saralash bosqichining dastlabki o‘yinida ham maydonga tusha olmaydi. Har bir futbolchi 3000 Shveysariya franki miqdorida jarimaga tortiladi”.

FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston futbol federatsiyasi esa 18 ming Shveysariya franki miqdorida jarimaga tortiladi.