“Biz dushanba kuni FIFA bosh kotibi Jerom Valkening FIFA Ijroiya qo‘mitasining qarori haqidagi rasmiy maktubni oldik. Unda butun O‘zbekiston uchun kutilmagan bu qaror 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Jahon chempionati O‘zbekistonda tashkil etiladigan bo‘lsa, uning FIFA standartlari asosida o‘tkazilishiga erishib bo‘lmasligi bilan izohlashgan. Maktubda bundan boshqa izoh yoki sabab ko‘rsatilmagan”, deydi O‘FF matbuot kotibi Sanjar Rizayev.

12-15-dekabr kunlari O‘FF birinchi vitse-prezidenti va bosh kotibi Sardor Rahmatullayev boshchiligidagi O‘zbekiston Futbol Fereatsiyasi delegatsiyasi Shveytsariyaning Syurix shahrida bo‘lib qaytdi. U yerda hozirgacha qilingan ishlar yuzasidan navbatdagi hisobotni topshirib qaytishdi.

“Hisobotni qabul qilishdi. Savollarga javob olindi. Turnir logotipi va ramzi O‘FF tomonidan tasdiqlanib, jo‘natilgan edi. Qur’a tashlash marosimi uchun Toshkentdagi ikkita hashamatli bino taklif etilib, uni o‘tkazish uchun kelasi yilning 1-iyun sanasi belgilab qo‘yilgan edi. Qur’a marosimi o‘tkaziladigan joyni ko‘rish uchun FIFAning bir nechta mutaxassisi 2012-yilning yanvar oyida Toshkentga kelishiga ham kelishib olgan edik. Bir so‘z bilan aytganda kamchiliklar bo‘lsada, ishlar me’yorida ketayotgan edi”, – deb ta’kidlaydi Sanjar Rizayev.

Rizayev so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi bu borada FIFA bilan bahslashmaydi va uning bu qaroridan to‘g‘ri xulosa chiqaradi.

“Biz taklif etgan stadionlar 1-martga tayyor bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Biz bilan birga ishlagan FIFA mutaxassislari ham buni bilishardi. Ammo yakunda FIFA Ijroiya qo‘mitasi boshqacha qaror qabul qildi. Biz bu musobaqani o‘tkazishni juda ham xohlagan edik. Ayniqsa, mintaqamizda ayollar futbolini rivojlantirish uchun bu turnir juda ham zarur edi. Ammo musobaqani bizdan olib qo‘yishdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi va vaqt o‘tishi bilan biz FIFA standartlari asosida musobaqa o‘tkazadigan darajaga yetamiz”,- deydi O‘FF matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, 16-17-dekabr kunlari Yaponiya poytaxtida navbatdagi majlisini o‘tkazgan FIFA Ijroiya qo‘mitasi O‘zbekiston Futbol Federatsiyasidan mezbonlik huquqini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilgan edi.