Dohadagi Dizayn biyennalesi. U nima va unda nimalarni tomosha qilish mumkin?
Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va boshqa xorijiy davlatlarning 100 dan ortiq dizaynerlarini birlashtirgan Design Dohaʼning asosiy ko'rgazmalari bo'yicha yo'riqnoma
Qatar poytaxti Dohada ilk marta Design Doha biyennalesi o'tkazilmoqda. Uning asosiy mavzusi — dizaynda an'ana va innovatsiyalar uyg'unligi. "Gazeta.uz" muxbiri Viktoriya Abdurahimova biyennale doirasidagi asosiy ko'rgazmalar, jumladan, O'zbekiston tomonidan taqdim etilgan "Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads" ko'rgazmasi haqida hikoya qiladi.
Qatar poytaxti Dohada ilk marta Design Doha biyennalesi o'tkazilmoqda. Uning asosiy mavzusi — dizaynda an'ana va innovatsiyalar uyg'unligi. "Gazeta.uz" muxbiri Viktoriya Abdurahimova biyennale doirasidagi asosiy ko'rgazmalar, jumladan, O'zbekiston tomonidan taqdim etilgan "Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads" ko'rgazmasi haqida hikoya qiladi.
24-fevral kuni Qatar poytaxti Dohada Design Doha — dizayn biyennalesi ochildi. Xalqaro miqyosdagi ushbu tadbir mamlakatda san'at va muzeylar faoliyatini rivojlantirish hamda tarixiy obidalarni muhofaza qilish bo'yicha mutasaddi tashkilot — Qatar Muzeylar boshqarmasi tashabbusi bilan ilk marta tashkil etildi. Unga Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning singlisi shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy rahbarlik qiladi.
Dohada o'tkazilayotgan dizayn biyennalesi — bu olamshumul, global tadbir. Tashkilotchilar Design Doha biyennalesini Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlarini o'z ichiga olgan MENA mintaqasida ijodkorlik va dizayn madaniyati rivojlanishiga ta'sir ko'rsatish imkoniga ega bo'lgan harakatlantiruvchi kuch sifatida baholamoqda. Ikki yilda bir marta o'tkazilishi rejalashtirilgan biyennale vositasida ular Qatarni dizayn sohasining mahalliy, mintaqaviy va global miqyosdagi ilg'or tajribalari jamlanadigan markazga aylantirish niyatida. Bunda asosiy manfaatdor tomon mamlakatning ijodiy sektori bo'lib, endilikda mazkur soha uchun o'z g'oyalari va loyihalarini namoyish etish maydoni, qo'shni davlatlar va xorijdagi hamkasblari bilan hamkorlik qilish imkoniyati, shuningdek, jahon bozoriga chiqishning aniq strategiyasi paydo bo'ldi.
O'zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva va shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy Dizayn biyennalesi ochilishida.
Foto: O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi matbuot xizmati
Design Doha'ning birinchisi MENA davlatlaridan 74 dizaynerni, shuningdek, xalqaro ijodkorlar va dizayn studiyalarini bir yerga jamladi.

Yaqin Sharq mamlakatlari bilan madaniy muloqot o'rnatish ustuvor yo'nalishlaridan biri bo'lgan O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi ham biyennaleda ishtirok etish taklifini oldi. O'tgan yili jamg'arma Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo'lib o'tgan birinchi Islom san'ati biyennalesi va BAAning Sharja shahrida o'tkazilgan Me'morchilik triyennalesida o'z ko'rgazma loyihalarini taqdim etgan edi.
Jamg'armaning Qatar muzeylar boshqarmasi bilan hamkorligi O'zbekiston-Qatar munosabatlarining "har tomonlama sheriklik" darajasiga ko'tarilishi fonida rivojlandi. 2023-yilda O'zbekiston va Qatar rahbarlari ikki davlat o'rtasidagi diplomatik munosabatlar tarixida ilk bor rasmiy davlat tashriflari almashdi, undan avval Toshkent va Dohada elchixonalar ochildi.
O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O'zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva XI xalqaro innovatsiyalar sammitida ishtirok etdi. Ushbu tadbir shayxa Muza bint Nosir Al-Misnad rahbarligidagi Qatar Ta'lim, fan va ijtimoiy taraqqiyot jamg'armasi homiyligida o'tkazilgan edi.
O'zbekistonning birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva va shayxa Muza bint Nosir Al-Misnad.
Foto: O'zA
O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasining Dizayn biyennalesidagi ishtiroki ham mamlakatlar o'rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashdan o'zaro manfaatdorlikning yorqin ifodasi bo'lib xizmat qiladi.
реклама
реклама
O'zbekiston nafaqat "Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads" ko'rgazma loyihasini taqdim etdi, balki tadbirning strategik hamkori sifatida ham qatnashdi.
Design Dohaʼning asosiy dasturi beshta ko'rgazmadan iborat bo'lib, 12 mehmon davlatning parallel namoyish etiladigan ekspozitsiyalaridan tuzilgan. Ularning barini tadbirning asosiy mavzusi — Celebrating Design Excellence (Dizayn mukammalligini olqishlash) birlashtiradi. U ishtirokchilarga dizaynni madaniy meros va innovatsiyalar o'zaro uyg'unlashadigan hodisa sifatida o'rganishni taklif qiladi.
Barcha ko'rgazmalar intereri nutai nazaridan O'zbekiston Davlat san'at muzeyini eslatuvchi M7 madaniyat markazi va Dohaning tarixiy markazi bo'lgan Msheyreb tumanining "aqlli" shaharsozlik texnologiyalari hisobga olingan holda qayta tiklangan boshqa ijodiy maydonlaridan joy olgan.
Biyennaleni o'tkazish uchun bejizga ushbu hudud tanlanmagan. Hududni loyihalashda dizaynni ishlab chiqishning davlat yoki biron bir tashkilotning ehtiyojlari emas, balki odamlarning ehtiyojlariga asoslanuvchi usuli qo'llanilgan. Unga ko'ra, aynan mahalliy aholi va sayyohlar shaharda o'zlarini qulay, xavfsiz va ilhomlangan his qilishlari lozim.
Binolar va infratuzilmalarning zichligi va xilma-xilligi hududni piyodalar makoniga aylantirgan — undagi barcha obyektlar piyoda yetib olish mumkin bo'lgan masofada joylashgan, shuning uchun shaxsiy avtomobildan foydalanishga hojat yo'q. Jamoat transporti ham avtomobillarning muqobili bo'lib xizmat qiladi. Hudud bo'ylab vodorod yoqilg'isida harakatlanuvchi shovqinsiz tramvay harakatlanadi. Undan foydalanish bepul.
Dohadagi dizayn shunchaki konsepsiya emas, balki falsafa ekanligi Msheyreb tumani me'morchiligida o'zining eng yorqin ifodasini topadi. Bu arab Sharqi uchun an'anaviy hisoblangan me'moriy shakllar, bezak elementlari va — quyosh panellaridan tortib, tanish panjara va, hozirda Toshkentda iste'moldan chiqarib tashlanayotgan, binolar fasadlarida hajmli soya hosil qiluvchi panellargacha — "aqlli" energiya tejovchi texnologiyalarning uyg'unligidir.
Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads


O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasining ko'rgazma loyihasi
24-fevral — 30-mart
Design Doha debyutida O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi M7 binosining birinchi qavatidan joy olgan "Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads" ko'rgazma loyihasi bilan ishtirok etmoqda. Unda amaliy bezak san'atining — an'analardan voz kechmagan holda — naqadar egiluvchan va moslashuvchan bo'lishi mumkinligi namoyish qilinadi.
Ekspozitsiya shartli ikki qismdan iborat. Birinchisi — dizayn sohasining kelib chiqish ildizlariga va, xususan, biyennalening asosiy mavzusida tilga olingan madaniy merosga ishora qiladi. Unda O'zbekiston Amaliy san'at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, shuningdek, Davlat san'at muzeyi kolleksiyalaridan joy olgan buyumlar namoyish etilgan. Bular Buxoro, Marg'ilon va Toshkentga xos bo'lgan, matoga bosish uchun mo'ljallangan gul naqshlari tushirilgan qadimiy yog'och bosmalar, Buxoro "baxmal" matosi namunalari (XX asr), gilamlar, sandiqlar, kitob uchun yog'och tagkursi (lavh)lar.
Ekspozitsiyaning shartli ikkinchi qismi esa an'analarga yangi ma'nolar singdirish va zamonaviy kontekstga moslashtirish orqali ularni yanada tushunarliroq va XIX asr odamlariga yaqinroq qilish qobiliyati tufayli tirik suvga qiyoslash mumkin bo'lgan innovatsiyalar haqida. Livanlik dizayner Nada Debs va o'zbekistonlik usta — yog'och o'ymakori Sirojiddin Rahmatillayev tomonidan ko'rgazma loyihasi uchun yaratilgan yog'och so'ri (tapchan)ning zamonaviy varianti bunga yaqqol misol bo'la oladi.
Bo'lajak hammualliflar taxminan bir yil avval Toshkentda uchrashgan. Nada Debsning aytishicha, u ustaxonada ko'rgan va usto tomonidan yaratilgan asarlar uni o'zining haqiqiyligi va murakkabligi bilan hayratga solgan.
реклама
реклама
"Bu mening uslubimning tamomila aksi. Men Yaponiyada o'sganman, u yerda minimalizm g'oyalari, less is better („kamroq — yaxshiroq demak") falsafasidan ilhomlanganman. 2000-yillarning boshlarida Livanga ko'chib o'tganimdan so'ng, mahalliy hunarmandlar bilan ishlay boshladim va ular juda murakkab narsalarni yasashlariga guvohi bo'ldim. Mening uslubim soddalashtirish, narsalarning mohiyatini saqlab qolgan holda ularning shaklini o'zgartirishga asoslangan. Usto Sirojiddin [uslubi] menga juda an'anaviy bo'lib tuyuldi, shuning uchun ham hamkorlikni boshlashimizdan avval o'rtadagi ishonchni mustahkamlab olish muhim edi. Usta an'analarni undan kam qadrlamasligimga ishonch hosil qilishi uchun men unga qoralamalarimni ko'rsatdim", — deydi Nada Debs ko'rgazma ochilishida.
Chapdan o'ngga: O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi raisi Gayane Umerova, O'zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, usto Sirojiddin Rahmatillayev va dizayner Nada Debs.
Foto: O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi matbuot xizmati
2,5 kubometrlik Kavkaz qandag'ochidan yasalgan so'rini o'zgartirish uchun olti oy vaqt sarflandi. Detallarni usto shogirdlari bilan birgalikda qo'lda o'yib yasadi. Moslashtirilgan so'ri oddiysidan oyoqlar soni — ular to'rtta emas, sakkizta — shuningdek, burchaklarning butunlay mavjud emasligi bilan ajralib turadi.

"Yumaloq shakllarni tanlashda men an'anaviy belanchak — beshikdan ilhomlandim. So'rimizni kattalar beshigi deb atash mumkin. Bu odamlar o'zlarini xavfsiz his qiladigan, xordiq chiqaradigan, „o'zi bilan o'zi bo'ladigan" joy", — tushuntiradi dizayner.

So'ri oyoqlarining to'lqinsimon shakli va xontaxtaning massiv asosi (so'ri markaziga o'rnatilgan xontaxta) — Samarqand gumbazlariga ishora.
72 yoshli usto Sirojiddin Rahmatillayev so'rining yangi versiyasi ustida ishlash u bajargan ishlar orasida eng murakkablaridan biri, deb biladi. Usta noodatiy buyurtmani rad etishni xayoliga ham keltirmagan — 50 yillik tajribaga ega inson uchun imkonsiz narsaning o'zi yo'q.

"So'rining ko'rinishi odatdagidek [bo'ladi]. Balandligi, maqsadi — hammasi o'sha-o'sha, lekin butunlay boshqacha [usulda] yasashimiz kerak edi. Faqat qismlarni qanday qilib bir-biriga mahkamlashning o'zi ustida bir necha kun bosh qotirdim", — deydi usto Rahmatillayev.
Yana bir innovatsion yechim — aynan ko'rgazma maydonining o'zi uchun — Bahraynning Shepherd studiyasi tomonidan taklif qilingan va ishlab chiqilgan. Dizaynerlar polni 31 000 bikonveks rangli plitkalardan "to'qilgan" sharqona gilamga aylantirdi. Palitra va naqshlarni tanlashda ular an'anaviy mato va gilamlardan, jumladan, ekspozitsiyada namoyish etilgan mato va gilamlardan ilhomlangan. Pol bo'ylab harakatlanayotganda optik illyuziya hosil bo'ladi — kvadrat shaklli plitkalar rangini o'zgartirayotgandek tasavvur uyg'otadi.
Arab Design Now

Dizayn biyennalesining Rana Bayrutiy rahbarligidagi asosiy ko'rgazmasi
24-fevral — 5-avgust
Dizayn biyennalesining asosiy ko'rgazmasi Arab Design Now ("Bugungi arab dizayni") deb nomlangan. U bugungi kunda arab mintaqasida dizayner bo'lish va ijod qilish qanday, degan savolga javob beradi. Ko'rgazmaga Iordaniyadagi Amman Dizayn haftaligi asoschisi Rana Bayrutiy rahbarlik qilmoqda.
Uning so'zlariga ko'ra, Arab Design Now — zamonaviy arab dizayni bo'yicha bir yil davomida hozirlik ko'rilgan eng yirik tadqiqotdir.
реклама
реклама
Ekspozitsiyada Shom (Levant) mintaqasi (O'rtayer dengizi sharqiy qismi mamlakatlari hududlarining umumiy nomi, tor ma'noda — Suriya, Falastin, Isroil va Livan), Fors ko'rfazi va Shimoliy Afrikadan tashrif buyurgan 74 dizayner va studiyalarning ishlari namoyish etilgan.
Ko'rgazmaning rang-barangligi uning kuchli jihati bo'lib, u nafaqat dizayndagi ijodiy yondashuvlarda, balki ularni qo'llash sohalarida ham — me'morchilik va interer dizaynidan tortib hunarmandchilik va grafikagacha o'z ifodasini topgan. Shu bilan birga, mintaqani mustahkam bog'lab turgan qadriyatlar — yerga, tarixga, madaniy meros va an'analarga, arab tiliga bo'lgan hurmat — mushtarakligi yaqqol ko'zga tashlanadi.
Weaving Poems


Turquoise Mountain va afg'on-ingliz dizayneri Maryam Umarning ko'rgazma loyihasi
24-fevral — 5-avgust
Weaving Poems ("To'qimachilik she'rlari") ko'rgazmasi — Buyuk Britaniyaning amaldagi qiroli Charlz III tomonidan 2006-yilda asos solingan Turquoise Mountain xayriya tashkilotining loyihasidir. Uning vazifasi — tarixiy joylar va an'anaviy hunarmandchilikni qayta tiklash, Afg'oniston, Myanma va Yaqin Sharq hunarmandlarini qo'llab-quvvatlashdan iborat.
Tashkilot Afg'onistondagi 15 yillik faoliyati davomida 150 dan ortiq tarixiy binolarni restavratsiya qildi, 15 mingdan ortiq hunarmandni o'qitdi va ularning mahsulotlarini xalqaro bozorga olib chiqishga yordam berdi.

2022-yilda Qatar Fund for Development (Qatar taraqqiyot jamg'armasi) moliyaviy ko'magi bilan Turquoise Mountain to'g'ridan-to'g'ri Afg'onistonning to'qimachilik bilan shug'ullanuvchi hamjamiyatiga qaratilgan dasturni ishga tushirdi. 4 mingdan ortiq xotin-qiz o'qish, ishlash va munosib maosh olish imkoniyatiga ega bo'ldi. Aynan ular ko'rgazma loyihasining bosh qahramonlari bo'lib, loyihani yaratishda dizayner Maryam Umar ishtirok etgan.
Maryam Afg'onistonda tug'ilib o'sgan. London san'at universitetida tahsil olgan. 2013-yilda o'qishni tamomlab, Kobulga qaytgan. Oradan ikki yil o'tib, u Turquoise Mountain Trust kompaniyasida ish boshlagan. Hozirda u Kobulda joylashgan, biroq Ammanda — amalda ikki shaharda faoliyat olib boruvchi Afg'oniston San'at va arxitektura instituti qoshidagi Dizayn markaziga rahbarlik qiladi.
реклама
реклама
Maryam Umar Afg'onistonda 10 yil davomida gilamdo'zlikni, uning tarixi, an'analari, bezak san'atini o'rgandi. Qo'lda to'qish texnikasini o'zlashtirishda unga ayollar yordam berdi. Bu ayollar uchun hunar nafaqat ularni o'tmish avlodlar bilan bog'lab turuvchi vosita, meros, balki kelajak uchun kafolat bo'lib xizmat qiladi, ayniqsa iqtisodiy inqiroz davrida.
M7 ko'rgazma maydonida dizayner Afg'onistonning Bomiyon viloyati ayollari gilam to'qish bilan mashg'ul bo'lgan shartli ustaxona muhitini hosil qilgan.

Devorlarda proyektor yordamida yirik planda olingan kadrlardan tashkil topgan video namoyish etiladi: yuzlar, qo'llar, iplar. Karnaylardan ayollarning ovozi eshitiladi — uskunaga o'tirishdan oldin, hunarmand ayollar an'anaviy ravishda she'r o'qiydi.
Bomiyonning tog' va cho'l peyzajlaridan ilhomlanib ishlangan minimalist gilamchalar yonida arab va ingliz tillarida to'rtliklar paydo bo'ladi. Ular ko'rgazma uchun Maryam Umarning qoralamalari asosida ushbu viloyatda istiqomat qiluvchi va afg'on gilamdo'zlik an'analarini saqlab kelayotgan 24 nafar ayol tomonidan qo'lda to'qilgan. Har bir ayolning ismi qo'shimcha matnda vergul bilan ajratilgan holda ko'rsatilgan: Nakbaxt, Sadig'a, Fotima, Zahro, Sharifa, Rahima, Ma'suma… Bu detal loyihani emotsional va jonli chiqishiga xizmat qilgan.
Colors of the City: A Century of Architecture in Doha

Glen Adamson va Piter Tamas Nedji rahbarligi, Ibrohim al-Jayda ishtirokidagi ko'rgazma
24-fevral — 30-mart
"Colors of the City: A Century of Architecture in Doha" ("Shahar ranglari: Dohada me'morchilik asri") nomli ikki mavzuli ko'rgazma Doha arxitekturasining evolyutsiyasiga bag'ishlangan.

Xalqaro kuratorlar — Design Doha biyennalesining badiiy rahbari Glen Adamson va Piter Tamas Nedji (Peter Tamas Nagy) tadqiqotni Qatarning XIX asrga oid an'anaviy binolaridan boshlab, shahar art-deko, modernizm, brutalizm va boshqa yo'nalishlarning xususiyatlarini qanday o'zlashtirgani va talqin qilgani haqida hikoya qiladi.
Shuningdek, ular yo'qotilgan merosga e'tibor qaratadi va fotosuratlar yordamida vayron qilingan binolar rekonstruksiya qilinganidan keyin qanday qiyofaga kirishi mumkinligini ko'rsatib beradi.
Qatar eshiklariga bag'ishlangan mini-ekspozitsiya
Qatarlik mashhur arxitektor Ibrohim al-Jayda ko'rgazma hammuallifi sifatida ishtirok etmoqda. Uning ekspozitsiyasi asosan osmono'par binolarning 3D-modellaridan iborat bo'lib, Dohaning zamonaviy arxitektura tarixidan bir bobni ifodalaydi. Bu bobni faol ravishda "yozish" 1930−1940-yillarda, Qatarda neft topilganida boshlangan edi.
O'shandan beri mamlakatda va, ayniqsa, poytaxtda qurilish sur'atlari faqat o'sib bormoqda. Hukumat rasmiylari binolarni loyihalash uchun MENA mintaqasi, Janubiy Osiyo, shuningdek, Yevropa va AQShdan eng yaxshi xalqaro arxitektorlarni jalb qilmoqda. Ularning aksariyati nufuzli Pritsker mukofoti sovrindorlari hisoblanadi. Masalan, Doha uchun fantastik Qatar milliy muzeyini loyihalashtirgan mashhur fransuz arxitektori Jan Nouvel; amerikalik arxitektor, Vashingtondagi Milliy galereya, shishadan ishlangan Luvr piramidasi va Fors ko'rfazi qirg'og'idagi Islom san'ati muzeyi muallifi Bei Yuming.
Ko'rgazmada qatarlik arxitektor Ibrohim al-Jayda loyihasi asosida futbol bo'yicha 2022-yilgi jahon chempionati uchun maxsus qurilgan 40 000 tomoshabinga mo'ljallangan "Al-Tumama" stadioni alohida namoyish etiladi. Ushbu muhtasham tuzilmaning maketi devorlari to'laligicha qoraytirilgan xonaning markaziga o'rnatilgan supachaga joylashtirilgan.
100/100 — Hundred Best Arabic Posters

Arab posterlari ko'rgazmasi
24-fevral — 5-avgust
100/100 — Hundred Best Arabic Posters ("100 ta eng yaxshi arab posterlari") ko'rgazmasi Qatarda to'rtinchi bor o'tkazilayotgan xuddi shu nomdagi tanlov asosida tashkil etilgan. Uning maqsadi — arab dunyosi zamonaviy vizual madaniyatini rivojlantirish, shuningdek, grafik dizaynerlarni — endigina yetishib chiqayotganlaridan tortib professionallargacha — o'qitish va qo'llab-quvvatlash.
Tanlov o'tkazib kelinayotgan vaqtdan beri unda 23 mamlakatdan 7 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan. Har ikki yilda mustaqil hakamlar hay'ati taqdim etilgan arizalar orasidan 100 ta eng yaxshi posterni tanlab oladi. Ko'rgazmada eng so'nggi g'olib deb topilgan posterlar bilan tanishish mumkin. Taqdim etilgan asarlar grafik ssenariylar xilma-xilligi va zamonaviy uslublarni namoyish etadi.
Design Doha ko'rgazmalariga chipta bilan kiriladi. Yaroqlik muddati bir kun bo'lgan chiptalarni biyennale veb-saytidan olish mumkin.
Matnni Viktoriya Abdurahimova tayyorladi.
Materialda Viktoriya Abdurahimova / "Gazeta.uz", O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati, O'zbekiston Madaniyat va sa'natni rivojlantirish jamg'armasi, O'zA suratlaridan foydalanilgan.
"Gazeta.uz" internet-nashri saytiga joylashtirilgan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu sahifada tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting