Eksportbop toshbaqalar saltanati
Yevropaga sotiladigan toshbaqalar Zangiotada qanday qilib ko'paytirilmoqda?
Eksportbop toshbaqalar saltanati
Yevropaga sotiladigan toshbaqalar Zangiotada qanday qilib ko'paytirilmoqda?
O'zbekiston har yili o'n minglab toshbaqa eksport qiladi. Ko'pchilik bu toshbaqalar tabiat bag'ridan yulib olinadi, deb o'ylaydi. Afsuski, shunday kontrabandachilar ham yo'q emas. Ammo toshbaqalarni pitomnikda ko'paytiradiganlar ham bor. "Gazeta.uz" toshbaqalar tutqunlikda qanday ko'paytirilishi haqida hikoya qiladi.
O'zbekiston har yili o'n minglab toshbaqa eksport qiladi. Ko'pchilik bu toshbaqalar tabiat bag'ridan yulib olinadi, deb o'ylaydi. Afsuski, shunday kontrabandachilar ham yo'q emas. Ammo toshbaqalarni pitomnikda ko'paytiradiganlar ham bor. "Gazeta.uz" toshbaqalar tutqunlikda qanday ko'paytirilishi haqida hikoya qiladi.
O'zbekiston 2021-yilda pitomniklarda ko'paytirilgan 40 mingdan ortiq toshbaqani xorijga eksport qilgan. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 2022-yilda ushbu ko'rsatkich ikki barobarga oshgan.
Shuni e'tiborga olish kerakki, bu — faqat rasmiy eksport raqamlari; noqonuniy (kontrabanda) yo'llar bilan olib chiqib ketilgan jonivorlar soni haqida aniq ma'lumot yo'q.
Mamlakatda hozirgi vaqtda 35 mingdan ziyod ona toshbaqa saqlanayotgan 14 ta pitomnik mavjud bo'lib, ularning 2 tasi Navoiy, 1 tasi Jizzax, 8 tasi Toshkent viloyatlarida, qolgan 3 tasi Toshkent shahrida faoliyat olib bormoqda.
реклама
реклама
Zangiota tumanida Nig'mat Tojiyev va Xayrullo Zokirov asos solgan Steppe Turtles fermasi qoshidagi pitomnik — toshbaqa ko'paytirish va eksport qilishga ixtisoslashgan eng yirik xo'jaliklardan.
Xayrullo Zokirov
Xayrullo Zokirov toshbaqa biznesi bilan shug'ullana boshlaganiga 20 yildan oshgan. U 2002-yili Ekologiya qo'mitasi (hozirgi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi)dan kvota asosida toshbaqalar sotib olib, ularni eksport qilishni yo'lga qo'ygan. 2011-yildan o'zi toshbaqa ko'paytiryapti.
Birinchi marta 2011-yili Ekoqo'mitadan kvota asosida 3 mingta ona toshbaqa sotib olganmiz. Keyinchalik, 2015 va 2018-yillarda ham kvota bo'yicha ona toshbaqalar oldik. Hozir xo'jaligimizda O'rta Osiyo cho'l toshbaqasi turiga mansub 10,5 mingta ona toshbaqa, 26 mingta toshbaqa bolalari bor
Xayrullo Zokirov, Steppe Turtles toshbaqachalik fermasi ish boshqaruvchisi
Kelgusida O'zbekiston iqlimiga chidamli yana 2−3 xil toshbaqa turlarini chetdan olib kelib ko'paytirish va eksport qilish rejasi ham bor.
Toshbaqalar qanday yashaydi?
Bir ona toshbaqa bir yilda bir marta 2 tadan 6 tagacha tuxum qo'yadi. Tuxum olish jarayoni iyunda boshlanadi, toshbaqachalar sentabrgacha tuxumni yorib chiqadi. Xo'jalikda 2022-yili 7 485 ta tuxum olingan va shuning 6 621 tasidan toshbaqacha chiqqan.
Xayrullo Zokirovning ta'kidlashicha, pitomnik faoliyati davlat nazoratida. Xususan, tuxumlar olingan vaqtda ham, toshbaqalar tuxumlarni yorib chiqqan vaqtda ham Ekologiya vazirligidan mutaxassislar kelib, nazorat-ko'rik tadbirlarini o'tkazib ketadi. Toshbaqa bolalari, ularni saqlash sharoitlari muntazam tekshirib turiladi.
Zangiota tumani hokimligi 2013-yili fermer xo'jaligiga qarovsiz va chiqindixonaga aylanib ketgan bir joyni ajratib bergan. Ajratilgan joy xo'jalik tomonidan obod qilingan: 1,5 gektar maydonda olcha va gilos bog'lari tashkil etilgan, ular orasiga esa toshbaqalarga beriladigan sabzavotlar ekilgan. 2 gektar maydonga beda ekilgan.
Shuningdek, Germaniyadan olib kelib o'stiriladigan va toshbaqalar menyusiga kiritilgan uch xil o't ham shu yerda yetishtiriladi.
Toshbaqa bolalari stellajlar bilan to'ldirilgan, ultrabinafsha nur taratadigan lampalar o'rnatilgan, harorati bir xil — 25−27 daraja iliqda ushlab turiladigan to'rtta katta xonada saqlanadi. Haroratni bir xilda, mo''tadil saqlash uchun xonalar "issiq pol" texnologiyasi bilan ham jihozlangan.
Orasida 20 yoshlilari ham, 30 yoshlilari ham bo'lgan toshbaqa onalari esa chuqurligi yarim metr bo'lgan, turli o't va hashaklar bilan to'ldirilgan 40 sotixlik ochiq maydonda yashaydi. Hudud atrofi betonlab qo'yilgan va ular boshqa joyga chiqib keta olmaydi.
Toshbaqalar qanday boqiladi?
Oson ishning o'zi yo'q. Toshbaqa ko'paytirish ham oson ishdek ko'ringani bilan, o'ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ayniqsa, toshbaqachalarga alohida e'tibor zarur.
реклама
реклама
"Toshbaqa bolalari juda nozik bo'ladi, ularning yetilib, bemalol yurishni boshlagunga qadar doimiy nazorat qilib boramiz, ovqatlanish menyusiga qattiq ahamiyat qaratamiz", — deydi Xayrullo aka.
Toshbaqachalarga kuniga bir mahal — ertalab soat 9 atrofida qizil lavlagi, sabzi, turp, sholg'om va oshqovoq aralashmasidan iborat ozuqa beriladi. Haftada ikki marta "go'shtli kun" — qaynatilgan tuxum, tvorog va mol jigari qiymalagichdan chiqarib beriladi. Bundan tashqari, "bolakay"larga albatta (suyuq) vitaminlar ham berish kerak.
"Ona toshbaqalarning menyusi ham, ovqatlanish vaqti ham boshqacha. Ularga meva va sabzavotlar yirikroq to'g'ralib yoki butun holida beriladi. Yemak ertalab yoki kechki payt beriladi, kunning issiq paytlari suvdan boshqa hech narsa berilmaydi. "Kattalar"ga tvorog yoki tuxum kabi narsalar mumkin emas", — deydi xo'jalik rahbari.
Xo'jalik xodimlarining qo'shimcha qilishicha, toshbaqalarning eng sevimli taomi, bu — oshqovoq va beda.
Toshbaqalar qanday eksport qilinadi?
Toshbaqa bolalarining eti qotgach, ya'ni, tug'ilganidan 6−7 oy o'tib, ularni sotish boshlanadi. Har yili Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Portugaliya, Belgiya kabi mamlakatlarga o'rtacha 10−14 mingta toshbaqa bolasi eksport qilinadi. Savdo asosan kuz va bahorda bo'ladi — yoz va qishda talab susayadi.
Pitomnik toshbaqalarni faqat eksport qiladi, O'zbekistonda sotishga haqi yo'q. Mabodo O'zbekistonda sotishga vakolat bo'lganida ham, talab yuqori bo'lmasdi, degan mulohaza bor. "Bizda toshbaqaga qiziqish kam. Markaziy Osiyo mentalitetida sudralib yuruvchilardan ko'ra qushlarga qiziqish kuchliroq, nazarimda", — deydi Xayrullo aka.
O'zbekiston toshbaqalari xorijga yegulik yoki dori uchun sotiladi, degan fikr bor (va bu fikrdan bekordan-bekorga paydo bo'lmagan). Ammo Xayrullo Zokirov boshqacha fikrda — uning aytishicha, "xorijliklar toshbaqa bolalarini farzandi uchun xarid qiladi — ular uyida terrarium qilib, shu tariqa bolalarda tabiatga, jonivorlarga mehr uyg'otadi".
Ayni vaqtda, u bir dona toshbaqa bolasi qanchadan sotilishi va xo'jalik bir yilda o'rtacha qancha daromad ko'rishini oshkor qilishni istamadi. Ammo eksport hatto pandemiya davrida ham to'xtab qolmaganidan, "charter reyslar orqali bir amallangani"dan xulosa qilinsa, toshbaqachilik — serdaromad ish. Ba'zi ma'lumotlarga ko'ra, tashqi bozorda bir dona toshbaqaning narxi 150 dollardan boshlanadi.
Toshbaqalar xavf ostidami?
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligidan ma'lum qilishlaricha, 2019-yili O'rta Osiyo cho'l toshbaqasining tabiatdagi soni brakonerlar sabab keskin kamayib ketganligi tufayli toshbaqalarni tabiatdan ajratib olishga doir kvota berish to'xtatilgan.

2021−2022-yillarda ularning soni yana normal holatga kelganligi va yovvoyi holda ko'payuvchi toshbaqalarni eksport qilmaslik sababli Fanlar akademiyasi xulosasiga ko'ra 2022-yilda 3 mingta ona toshbaqa kvota asosida pitomniklarga berilgan.
Steppe Turtles fermer xo'jaligi 2017-yili pitomnikda ko'paytirilgan 2 ming toshbaqani Samarqand viloyatining cho'l va dasht hududlariga qo'yib yuborgan. "Ularni sotib, pul ishlasak ham bo'lardi, ammo tabiatdan olgach, tabiatga qaytarib ham turish kerak", — dedi Xayrullo aka. Xo'jalik yaqin yillarda yana bir bor shunday qilmoqchi.
Gerpetolog Timur Abduraupov 2022-yili "Gazeta.uz"ga bergan intervyusida Qizil kitobga kiritilgan O'rta Osiyo cho'l toshbaqasining brakonerlar va kontrabandachi tadbirkorlar tomonidan tartibsiz va ayovsiz ovlanishi oqibatida 20 yildan so'ng bu jonivorlarning O'zbekistondagi populyatsiyasi keskin kamayib ketishi mumkinligini aytib o'tgandi.
Xayrullo Zokirov esa tabiatdagi toshbaqalarning kamayishiga asosan yovvoyi jonivorlar sababchi, deb hisoblaydi.
"Avvallari rossiyalik toshbaqashunos olimlar bilan toshbaqalar sonini hisobga olish va o'rganish bo'yicha ekspeditsiyalarga chiqib turardim. Toshbaqa bolalarining tabiiy sharoitda saqlanib qolishi yoki ko'payishi qiyinligiga o'shandayoq amin bo'lgandim", — deydi u.
Fermerning ta'kidlashicha, "tabiatda mayda toshbaqalarning ko'pi katta bo'lmay qirilib ketadi: ularni echkiemarlar, tulkilar, har xil yovvoyi qushlar ovlaydi, cho'ponlarning qo'ylari tuyoqlari ostida qoladi".
Brakonyerlarning toshbaqa ovlashi hozir ancha kamayib ketgan. Avval bu haqda ko'p eshitardik, ammo oxirgi yillarda bu haqda deyarli eshitmay qo'ydim.
Xayrullo Zokirov, Steppe Turtles toshbaqachalik fermasi ish boshqaruvchisi
реклама
реклама
Toshbaqachi fermerning bu so'zlaridan sal xotirjam bo'lasan. Lekin ular to'la haqiqatdek jaranglamaydi. Bu gaplarga to'la ishona olmaysan. Chunki avvallari toshbaqa koni bo'lgan ma'lum joylarda u endi kamyob, shahar bozorlari va maydonlarida, katta yo'l yoqalarida toshbaqa sotayotgan "savdogarlar"ni esa har vaqt topish mumkin.
Davlat nazorati bor deyilgani bilan, bu nazoratning qamrovi va kuchi yetarli emasdek, kamiga — unga ishonch yo'q. Nafaqat davlat nazorati, pitomniklarga ham. Jamoatchilik orasidagi: "Toshbaqalar pitomniklarda ko'paymaydi, balki tabiatdan o'g'irlab kelinib, pitomniklarda katta qilinadi", degan shubhaga to'la fikrlar asosi ham shu. Pitomnik egalarining gaplari ishonchsiz jaranglashi ham shundan.
Tabiatda hisobsiz va keraksiz narsaning o'zi yo'q. Har has, har mahluqotning o'z o'rni, ma'lum bir vazifasi bor. Boy berilgan har bir ne'mat, yo'qotilgan har bir turning tovoni bo'ladi. Uning o'rnini keyin hech qanday pul, eksport ko'rsatkichlari, valyuta qimmatliklari bilan qoplab bo'lmaydi. Oqibati esa og'ir bo'lishi mumkin. Yo'qotilgan narsa oddiy bir toshbaqa turi bo'lsa ham.
Matnni Mirolim Isajonov tayyorladi.
Fotosuratlar muallifi: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.
Barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting