Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”

Toshkent planetariysi
Kosmos bilan tanishuv joyi
Foto: Madina Aʼzam / “Gazeta.uz”
Toshkent planetariysi
Kosmos bilan tanishuv joyi
Astronomlardan biri planetariylarni “osmon jismlari aktyorlik qiladigan teatr va kino” deya taʼriflagandi. Bolalar bilan shunday “teatr va kinoga tushish” esa foydadan xoli boʻlmas. “Gazeta.uz” yosh avlodning astronomiya va kosmonavtikaga qiziqishini oshirishi mumkin boʻlgan ushbu muassasadan reportaj tayyorladi.
Космос билан танишув жойи — Тошкент планетарийсига саёҳат
Poytaxtdagi Abdulla Qodiriy nomli bogʻning Chorsu tarafdagi darvozasi yaqinida (sirkning orqa tomonida) bolalarni astronomiya va kosmonavtikaga qiziqtirishi mumkin boʻlgan, kiraverishiga ulkan teleskop maketi oʻrnatilgan, qiziq bir maskan — Toshkent planetariysi joylashgan.
Planetariy — yulduzlar, sayyoralar va ularning yoʻldoshlari, kometa va meteorlar tasvirlangan osmon sferasi modeli, shuningdek, Quyosh va Oy tutilishi, Oy, Mars, Venera panoramalari namoyish etiladigan ilmiy-maʼrifiy muassasa. Unga astronomik hodisalarni yarim sharni eslatuvchi gumbaz koʻrinishidagi ekranda koʻrsatuvchi apparat oʻrnatiladi. Oylab va yillab kechadigan hodisalarni planetariyda bir necha daqiqada koʻrish mumkin. Birinchi planetariy 1925-yilda 7-may kuni Germaniyaning Myunxen shahrida ochilgan. Shu munosabat bilan 2023−2025-yillarda Xalqaro planetariylar kuni 7-mayda bayram qilinmoqda. Aslida ushbu sana har yili mart oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadi.
U 60 yil avval ochilgan boʻlib, 2003-yili “qaytadan tugʻilgan” — 20 yil muqaddam planetariy toʻliq qayta qurilib, yangitdan faoliyat boshlagandi. Shundan beri uning aylanma shaklidagi kuzatuv zali xilma-xil ekspozitsiyalar bilan toʻldirilyapti.
Muassasa koʻproq bolalar uchun moʻljallangani bois devorlaridagi xilma-xil eksponatlar birinchi galda koinot, undagi jismlar, ular bilan bogʻliq tushunchalar (masalan, burjlar nega Qisqichbaqa, Egizaklar yoki Oʻqotar deb nomlanishi) haqida birlamchi, sodda tasavvurni hosil qilishga yordam beradi.
реклама
реклама

Masalan, Quyosh sistemasidagi sayyoralar joylashuvi koʻrsatilgan devoriy eksponat sistema markazida Quyosh turishiyu, uning atrofida sakkizta sayyora aylanishini koʻrsatadi. Ayni vaqtda unda Yerdan boshqa biror sayyoraning tabiiy yoʻldosh (Oy)lari koʻrsatilmagan. Umuman olganda, nega bunday qilingani ham tushunarli — axir Yupiterning 95 ta Oyini birma-bir joylashtirib chiqishning oʻzi boʻlmaydi.
2018-yili ochilgan “Fazogirlar burchagi” ekspozitsiyasi Yuriy Gagarin insoniyat tarixidagi birinchi kosmonavt, Valentina Tereshkova esa kosmosga uchgan ilk fazogir ayol ekani, kosmonavtlar orasida asli qirgʻizistonlik oʻzbek Solijon Sharipov ham borligi haqida maʼlumot beradi. Ularning mum haykallari sovetlarga xos kosmik kemaning kichraytirilgan maketi atrofiga oʻrnatib chiqilgan.

Ammo bu ekspozitsiya ham mutlaq haqiqatga daʼvo qilmaydi, uning asosiy vazifasi — birinchilar kim ekani haqida maʼlumot berishdir. Ekspozitsiyada kosmonavtlar xuddi kosmosda yurgandek koʻrsatilgan boʻlsa-da, ular orasida faqat Solijon Sharipov kosmik kemadan tashqariga — ochiq kosmosga chiqqan.
Kuzatuv zali boʻylab oʻrnatilgan stendlar, bannerlardan nafaqat birinchi kosmonavtlar, balki Galileo Galiley (darvoqe, Yupiterning 95 ta tabiiy yoʻldoshidan eng katta toʻrttasi — Io, Yevropa, Ganimed va Kallistoni aynan u kashf etgan), Nikola Kopernik, Ahmad Fargʻoniy, Mirzo Ulugʻbek hamda boshqa olimu kosmonavtlar haqida ham maʼlumot olish mumkin.

Planetariyda 2016-yili Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlangan alohida burchak tashkil etilgan: unda Ulugʻbek rasadxonasining maketi bilan birga oʻz shogirdlari davrasida ilmiy majlis oʻtkazayotgan Mirzo Ulugʻbekni koʻrish mumkin. Olim va uning shogirdlari haykallari Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan.
Darvoqe, “Fazogirlar burchagi”da kosmonavtlarning yonida kosmosga insonlardan avval uchirilgan va Yerga omon qaytgan eng mashhur jonivorlar — Belka va Strelka laqabli itlarning haykallari ham qoʻyilgan.
Umuman, kuzatuv zali devorlariga oʻrnatilgan maxsus dumaloq stendlarda kosmik tadqiqotlarga jalb etilgan boshqa jonivorlar (maymundan tortib, sichqon-u hasharotlargacha), kosmosda tekshirilgan yoki yetishtirilgan oʻsimliklar, ishlatilgan buyumlarning maketlarini ham koʻrish mumkin.
Muassasa bosh uslubiyatchisi Madina Azimovaning aytishicha, planetariyda yildan-yilga katta oʻzgarishlar, yangi ekspozitsiyalar tashkil etilmoqda. Xususan, 2023-yilgi Kosmonavtika kuni (12-aprel)da “Marsoxod” (Marsda harakat qilishga moʻljallangan qurilma) maketi ochildi. Planetariyning yangi binosi ochilganiga 20 yil toʻlishi va Mustaqillik bayramiga bagʻishlangan tadbirlarda yana yangi maketlar qoʻyilishi kutilmoqda.
Markazda “Marsoxod”
Planetriyning yuragi — bu uning koʻrsatuv zalidir. Daniyalik astronom Svante Elis Stryomgren (1870−1947) planetariylarning aynan shu “sehrli” qismini nazarda tutib: “Bu — bir vaqtning oʻzida ham maktab, ham teatr va kino; bu xuddi osmon gumbazi ostidagi sinfxona, aktyorlari osmon jismlari boʻlgan bir spektakldir”, degandi.
Toshkent planetariysining 80 kishiga moʻljallangan koʻrsatuv zalida koinot, sayyoralar, yulduzlar, galaktikalar haqida hikoya qiluvchi maxsus dastur qoʻyib beriladi. Dastur 2021-yili Germaniyadan keltirilgan Optoma qurilmasi orqali 3D formatda, auditoriya xohishiga qarab oʻzbek, ingliz yoki rus tilida namoyish etiladi.
реклама
реклама
“Dasturni 3D formatda tomosha qilarkan, tashrifchilar koʻrgan va eshitganlari taʼsirida oʻzini xuddi kosmosda yurgandek his qilishi mumkin”, — deydi Madina Azimova.
Planetariy yakshanbadan tashqari har kuni 9:00 dan 17:00 gacha ishlaydi. Kirish narxi — 10 ming soʻm. Nafaqaxoʻrlarga 50 foizlik chegirma bor. Keksa nuroniylar va nogironligi bor odamlarga bepul xizmat koʻrsatiladi.

Koʻrsatuv zali 80 kishiga moʻljallanganiga qaramay, besh kishi toʻplansa yoki 50 ming soʻm toʻlansa, dastur qoʻyib beriladi.
Toshkentda soʻnggi yillarda “planetariy” yoki “planetarium” deb ataydigan boshqa muassasalar ham ochildi. Madina Azimova Toshkent planetariysi bilan ular oʻrtasida farq borligini aytadi. Birinchidan, Toshkent planetariysi koʻp yillik tarixga ega, har bir detal, eksponat koʻp yillar davomida toʻplangan.
Ikkinchidan, Toshkent planetariysida eksponatlar, maketlar, stendlar koʻproq. Uchinchidan (bu eng asosiy farq), “planetarium”larga kirish narxi 30−40 mingdan boshlanib 70−80 ming soʻmgacha yetadi, Toshkent planetariysiga kirish esa karrasiga arzon.
Madina Azimova planetariylar qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi ekanini, bu aholining, ayniqsa bolalarning koinot haqidagi bilim va tasavvurlarini boyitishga, ularning kosmonavtika, astronomiyaga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qilishini taʼkidlaydi: “Ajab emas, planetariylar yangi kosmonavt-u astronomlar paydo boʻlishiga xizmat qilsa!”.
Materialni Ziyoda Ramazonova tayyorladi
Fotosuratlar muallifi – Madina A'zam / “Gazeta.uz”
Muharrir – Muhrim A'zamxoʻjayev

Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting