G‘oyani dunyoga keltirgan hislarimni saqlab qolishga harakat qilaman
Haykaltarosh Yunus Safardiyor
G‘oyani dunyoga keltirgan hislarimni saqlab qolishga harakat qilaman
Haykaltarosh Yunus Safardiyor
Yunus Safardiyor — butun dunyoga mashhur samarqandlik haykaltarosh. Uning ijod namunalari Rossiya, Buyuk Britaniya va O‘zbekistondagi jamoat maskanlarini bezab turibdi. «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida u ijodkor sifatida shakllanishi, zamonaviy sanʼatga nisbatan qarashlari va ijodida Samarqandning o‘rni haqida so‘zlab berdi.
Yunus Safardiyor — butun dunyoga mashhur samarqandlik haykaltarosh. Uning ijod namunalari Rossiya, Buyuk Britaniya va O‘zbekistondagi jamoat maskanlarini bezab turibdi. «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida u ijodkor sifatida shakllanishi, zamonaviy sanʼatga nisbatan qarashlari va ijodida Samarqandning o‘rni haqida so‘zlab berdi.

«Я стараюсь сохранять искру,

от которой родилась идея»

— скульптор Юнус Сафардияр

«Ғояни дунёга келтирган учқунни

сақлаб қолишга ҳаракат қиламан»

— Ҳайкалтарош Юнус Сафардиёр

Xorijdagi o‘zbekistonliklar

«Gazeta.uz» tahririyati «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida xorijda tahsil olayotgan yoki xorijiy oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, chet elda ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni eʼlon qilib boradi. Biz vatandan uzoqdagi hayot, xorijiy taʼlimni tanlash sabablari

va qahramonlar duch kelgan sinovlar haqida suhbatlashamiz.

Bolalikdan beri tarix va sanʼat ichida
Onamning so‘zlariga ko‘ra, hayotimdagi birinchi buyumni qo‘limga olganimda uch-to‘rt oylik bo‘lgan ekanman. U qalam edi. Shu voqeadan so‘ng ota-onam rassom bo‘lishimga ishonch hosil qilishgan. O‘smirligimda onam chizmay qo‘ysam, meni koyir edi. «Uch kundan beri rasm chizmayapsan. Hammasini esingdan chiqarib yuborgan bo‘lsang kerak», — der edi u.

Birinchi ustaxonamni besh yoshimda ochganman. U uy shkafimizning eng yuqori nuqtasida joylashgan edi. Stol ustiga stul, uning ustiga esa yostiq va ko‘rpachalarni qo‘yardim-da, onam olib bergan plastilinni tutgancha yuqoriga ko‘tarilardim. Bu ijodiy jarayonimga doimo xalaqit beradigan besh aka-ukadan qochish uchun mukammal joy edi. Bir marta stuldan yiqilib, qo‘limni qattiq shikastlab ham olganman.
Bolaligimdan tarix va sanʼatga oshnoman. Samarqandda, Bibixonim maqbarasidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda o‘sib-ulg‘aydim. Xotiralarimda odamlar hunarmandchilik, savdo-sotiq, sanʼat bilan shug‘ullanadigan shahar abadiy ertak bo‘lib qolgan. Bu shahar hayotidan tarix juda yaqin degan tuyg‘u shakllangan edi.
реклама
реклама
Bola vaqtlarim arxeologlarning qazish ishlarini tomosha qilishni yaxshi ko‘rardim. Ular ko‘maklashishimga ruxsat berishmasdi, lekin baʼzida muloqot qilardik. Hatto Afrosiyob xarobasi va uydagi quduqdan shaxsiy artefaktlar kolleksiyamni ham to‘plaganman. Unda qadimgi g‘ishtlar, shisha idishlar, cherepitsalar mavjud edi.
Badiiy taʼlim haqida
12 yoshimda amakimning maslahati bilan Toshkentdagi Respublika iqtidorli bolalar maktab-internatiga o‘qishga kirdim. Yotoqxonada yashardim, vaqti-vaqti bilan uyga kelardim. Rasm chizishni o‘rgandim, lekin doim meni haykaltaroshlik ohanrabodek o‘ziga jalb qilardi. Maktabda haykaltaroshlik ustaxonasi joylashgan edi. Oldidan o‘tar ekanman, u yerga mo‘ralar, o‘quvchilar nima qilayotganini kuzatardim. Baʼzan mehmon ham bo‘lardim. Menga loyning xom va nam hidi yoqardi.
Blanko antosimo skulpturasi. Yunus Safardiyorning marmardan tayyorlagan ijod namunasi.
Foto: Instagram
Maktab-internatni tamomlar ekanman, o‘qituvchilarim Toshkentda o‘qishni davom ettirishim mantiqqa to‘g‘ri kelmasligini aytishdi. O‘qituvchilarim maktab diplom ishimni institut darajasiga tenglashtirishdi. Shuning uchun ular menga Moskva yoki Sankt-Peterburgga borishni maslahat berishdi. Chipta sotib olib, jamodonimni hozirlab, Repin nomidagi Leningrad rassomlik, haykaltaroshlik va arxitektura institutiga (hozirgi Repin nomidagi Sankt-Peterburg Badiiy akademiyasi — tahr.) kirish shartlarini bilish uchun bordim. O‘shanda 16 yoshda edim.
Londondagi Rijents-parkka o‘rnatilgan Rubocity skulpturasi. Foto: Instagram
Fakultetimiz xonasida haykaltarosh Sergey Kubasov bilan tanishdim. Men unga ishlarim suratlarini ko‘rsatdim va o‘zbek noki bilan siyladim — uni o‘zim bilan jomadonda olib kelgandim. Kubasov menga Muxinskiy sanʼat maktabiga kirishimni maslahat berdi. «Biz akademik ijodni o‘rgatamiz, sening qobiliyating esa ko‘proq dekorativga ekan», — dedi u. O‘z maqsad yo‘limdan og‘ishmasdan: «Yo‘q, shu yerga kiraman», — dedim.

Shu bilan Kubasov ustozimga aylandi. U ajoyib inson edi, odamdagi isteʼdodni qanday ko‘rishni bilardi. Afsuski, u erta vafot etdi.
Tolmachevo aeroportidagi (Novosibirsk) «Sibirni zabt etish» haykali. Foto: Instagram
O‘qishga kirish bilan bog‘liq bir voqea sodir bo‘ldi. Qoidalarga ko‘ra, sovet respublikalaridan “markaz”ga kirgan har bir abituriyent yo‘llanma olishi kerak edi. Men bu haqda Sankt-Peterburgga ikkinchi marta — hujjatlar bilan kelib bo‘lganimdan keyin bildim.

Tanlov komissiyasi aʼzolari mendan yo‘llanmani taqdim etishimni so‘rashdi. «Bu kerakligini bilmasdim», — deya javob berdim. Meni qabul qilishdan bosh tortishdi, shundan keyin men Kubasovning oldiga bordim.

Biz rektorning oldiga kirdik. Toshkentdan kelganimni bilib, yo‘llanma bo‘lishi kerakligini aytib turib oldi. «Qayerdan kelganimning nima ahamiyati bor. Men shu davlatda tug‘ilganman», — deya javob berdim.
So‘ng ishlarimga qaradi, qabul komissiyasiga olib bordi va hujjatlarni ko‘rib chiqishni so‘radi. Keyingi uch kun davomida o‘qishga qabul qilingunimgacha har kuni rektor eshigi oldida paydo bo‘lardim. Mutaxassislik bo‘yicha hammadan yaxshi imtihon topshirdim.

Sankt-Peterburg — yoshligim o‘tgan shahar. Sankt-Peterburgda tarixning o‘rtasida yurasiz, Ilya Repin o‘z diplom ishini bajargan, Karl Bryullov shiftlarini bo‘yagan ustaxonalarda ijod qilasiz. Diplom ishim uchun oltin medal va mukofot bilan bitirdim. Qoidalarga ko‘ra, uni bronzadan quyish va muzeyda saqlash kerak edi. Ammo 1989-yilda SSSR uchun og‘ir zamonlar boshlandi. Gips bilan to‘ldirishga vaʼda berishdi, biroq uni ustidan chiqishmadi.
London sari yo‘l
O‘qish tugagunga qadar 20 dan ortiq ishlarim to‘planib qoldi. Ulardan baʼzilari Sankt-Peterburgga tashrif buyurgan Thompson‘s Gallery galereyasi vakillarining nazariga tushdi va ularni namoyish qilish taklifini bildirishdi. 1989-yilda mening birinchi ko‘rgazmam bo‘lib o‘tdi. O‘shanda hadi uchinchi bosqich talabasi edim.

SSSR vaqtida chet elda ko‘rgazma qilish juda qiyin edi. Haykallarim marmardan bo‘lgani uchun ularni paroxodda olib ketishga majbur bo‘ldim. O‘shanda dekabr oyining oxirlari edi. Biz ikki kun suzib yurishimiz kerak edi, lekin u yerga to‘rt kun ichida yetib bordik.
реклама
реклама
Dengiz chegarasidan o‘tib, uzoq tirbandlikda turdik. Atrof muz bilan qoplangan. Hamma muzyorarning kelishini kutardi. Karvon ikki kun to‘xtab qoldi. Baxtimga ovqat va suv bor edi. Meni sharoitlari yaxshi xonaga joylashtirishdi. Komandir bilan ovqatlanardim. Talabaning pishirilgan tuxumlari va qotib qolgan nonlari go‘sht va borshga almashtirildi. Semirib ketaman deb xursand bo‘ldim, lekin o‘ylaganimdek bo‘lib chiqmadi.

Yo‘lga tushishimiz bilan dengiz dahshatli chayqala boshladi — meni pastga, yuqoriga, yon tomonlarga otardi. Ikki kun qusdim. Bosh og‘rig‘i ham qo‘shimcha bo‘ldi. Londonga yetib borganimizda 10 kilogrammga ozgan edim.
«Boqiylikni izlab» kinetik haykali. U Moskvadagi «Federatsiya» osmono‘par binolar majmuasida joylashgan. Foto: Instagram
Ko‘rgazma muvaffaqiyatli o‘tgani quvontirdi. Meni Londondagi boshqa galereyalarda ham ko‘rgazmaga taklif qilishdi. Men deyarli barcha asarlarimni sota oldim. Faqat bitta haykal qoldi. Uni haligacha ustaxonamda saqlayman.
Temuriylar tarixi davlat muzeyidagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykali. Foto: Yunus Safardiyor.
Thompson‘s Gallery menga to‘rt yil davomida o‘tkazishim mumkin bo‘lgan uchta ko‘rgazma uchun shartnoma taklif qilishdi. Biroq u eksklyuziv huquqlar bilan emas edi, yaʼni men Londondagi boshqa galereyalarga ham ijod namunalarimni qo‘ya olardim. Natijada men ikki marta Thompson‘s, shuningdek, Berkeley Square Gallery — Londondagi eng yaxshi galereyalardan birida namoyish etdim. Ushbu ko‘rgazmalardan so‘ng ko‘proq takliflar kelib tusha boshladi. OTMni tamomladim va Londonga ko‘chib o‘tdim.
«Men dunyoni ko‘rishni xohlardim»
Londonga ko‘chib o‘tishimdan oldin Sergey Kubasov xohishimga qarshi meni aspiranturaga o‘qishga ko‘ndirdi. Qaytib, dars berishimdan umidvor edi. Meni O‘zbekistonga qaytishga, Amir Temurga haykallar yasashga ham taklif qilishdi, lekin bu menga qiziqarli emasdi. Dunyoni ko‘rishni xohladim. Qolaversa, mening Buyuk Britaniyada shartnomam ham bor edi. Sankt-Peterburgda o‘qib yurganimizda institutimiz hunarmandchilik bo‘yicha dunyoda eng yaxshisi ekanini aytishgandi, lekin boshqa ijodkorlarning qanday ishlashini ko‘rishni istadim.
Sheremetyevo aeroporti uchun Real Flight installyatsiyaning bir qismi. Foto: Instagram
Umuman olganda, men uch xil madaniy hududni ko‘rganimdan baxtiyorman. Tamal toshlarini Samarqandda tug‘ilib, yashaganim sharofati bilan qo‘ydim, meni rus madaniyati, sheʼriyati va adabiyoti tarbiyaladi, biroq ijodkor sifatida Londonda shakllandim. Uchta madaniyatni mujassamlashtirishga muvaffaq bo‘ldim va chalkashib ketmadim. Ammo bu qiyin bo‘ldi.
O‘zbekiston — ancha anʼanaviy va qadimiy mamlakat. Shunday edi va shunday bo‘lib qoladi. Bizda anʼanalar katta rol o‘ynaydi. Biz juda hissiyotli, mehmondo‘st, ochiqmiz. Bu sanʼatda ham seziladi. O‘zbek rang-tasviri va haykaltaroshligi yorqin, rang-barang, ochiqdir.
Sankt-Peterburg — sotsialistik realizmning (sanʼat, meʼmorchilik va adabiyotdagi yo‘nalish — tahr.) vatani hisoblanadi. Shakli bo‘yicha Rossiyaga olib kelingan Yevropa zaminiga chuqur ildiz otgan. Peterburg sotsialistik realizmi akademik. U o‘rganadi, tahlil qiladi, murakkab changalzorlarga kirib boradi.

Tahlil qilishga moyillikni rus adabiyotida ham kuzatish mumkin. Fyodor Dostoyevskiy, Anton Chexov, Nikolay Ostrovskiy va boshqa yozuvchilarni ko‘p o‘qiganman. Ular ijodining markazida o‘zlikni qayta anglash yotadi. Binobarin rus sanʼati o‘zbek sanʼatidan murakkabroq va chuqurroqdir.

Hatto o‘zbek sotsialistik realizmi Peterburgnikidan farq qiladi. Bizniki — yorqin, maʼnodor, oddiy shakllar bilan bog‘langan. Masalan, Aleksandr Volkovning O‘zbekistonda yaratilgan asarlari yengil va ko‘p qatlamli emas, chunki xalqimiz sodda va ochiq ko‘ngil. Uning Peterburgda yaratilgan asarlari esa murakkab va akademikdir.
Foto: Instagram
Buyuk Britaniya esa — postmodernizmning markazi va biz uning davrida yashayapmiz. Esimda, birinchi kelganimda o‘zimni butunlay boshqa sayyorada yurgandek his qilgandim. G‘arbda odamlar boshqacha fikrlaydi, dunyoga boshqacha ko‘z bilan qaraydi. Buni tushunish uchun menga uzoq vaqt kerak bo‘ldi.

Postmodernizmda uslublar yo‘q, chunki mezonlar yo‘q. Haqiqiy sanʼat nima, nima sanʼat emas — aytish qiyin. Agar narsalarni hamma odamlar bir xilda idrok qilsa, baholash mumkin. Ammo zamonaviy dunyo ko‘p qirralidir. Har bir insonning o‘z hayotiy hikoyasi bor, u boshqa odamning hikoyasiga mos kelmasligi mumkin. Ammo bir kishining tajribasi qiymati boshqalar tajribasining qiymatiga teng. Buni qabul qilish yoki qilmaslik mumkin. Postmodernizm bilan ham xuddi shunday: siz buni qabul qilasiz yoki qabul qilmaysiz. Faqatgina uyg‘unlik muhim. Sanʼat makonga uyg‘un kelishi lozim va rassom buni tushunishi kerak.
Ijodkorlik algoritmlari
Menda haykal yaratish algoritmi yo‘q. Fikrlar har xil keladi. Shaklni ko‘rishim va haykalni tasavvur qilishim mumkin. Baʼzida g‘oyalar qiyinchilik bilan keladi, baʼzida esa o‘zim ularning qiyinchilik bilan tug‘ilishini xohlayman — qandaydir tajribani istayman. Barcha tasvirlarni 3D modellashtirish dasturiga tushiraman va uni bir chetga tashlab qo‘yaman. Oradan bir necha oy o‘tganidan so‘ng ularga qaytaman.
Foto: Instagram
Haykaltaroshlik – qimmatbaho buyum. Uni olding va yaratding degan narsa yo‘q. Bitta haykalni yaratish hajmi va shakliga qarab ikki oydan bir yilgacha vaqtni oladi. Eng tez yaratgan ishimga bir oy ketgan bo‘lsa, eng uzog‘iga — ikki yil sarflaganman.
реклама
реклама
Masalan, Samarqanddagi New Renaissance xalqaro kongress markaziga o‘rnatilgan «Yangi quyosh» kinetik skulpturasini yaratishga olti oy vaqt ketdi. Uni yaratishga “Sherdor” madrasasi ortida ko‘tarilayotgan Quyosh aks etgan sher tasviri tushirilgan panno ilhomlantirgan. «Yangi quyosh»ning og‘irligi 13 tonnaga yaqin. Buning uchun kongress markazidagi shiftni maxsus mustahkamladik. Haykal bunyodkor energiyaning tuganmas manba allegoriyasi (majozi – tarj.) sifatida yaratilgan.
Samarqanddagi «Yangi quyosh» kinetik skulpturasi. Foto: Yunus Safardiyor
Asarlarimning nomlari — «Ko‘p qirralilik darvozasi» («Врата многогранности»), «Og‘ir kunlar kapsulalari» («Капсулы безвременья»), “Vasvasa” («Наваждение») — kimgadir murakkab va qiyin ko‘rinadi. Lekin nomlar haqida o‘ylamayman ham. Ular qandaydir o‘zlari keladi.
Sarkardalarni ideallashtirish va muvaffaqiyat haqida
Tarixiy qahramonlar ideallashtirilgan ko‘plab ishlarni yaratdim. Masalan, Zahiriddin Muhammad Bobur haykali. Hozir u Temuriylar tarixi davlat muzeyida saqlanmoqda. Yana bir asar — «Sibirning zabt etilishi» — Sibirni Rossiyaga qo‘shib olgan Yermak haqida. Haykal Novosibirskning “Tolmachyovo” xalqaro aeroportiga o‘rnatilgan.

Bu asarlarda ularning shaxsiyatlarini tarixiy kontekstda idrok qilmoqchi bo‘ldim. Insoniyatning butun tarixi kurash va urushlardan iborat. Inson ramzlarni o‘ylab topadi, kurashadi, g‘alaba qozonadi, qahramonga aylanadi. Va, albatta, agar chuqur o‘ylab ko‘rsangiz, urushlar — juda katta ahmoqlikdir. Ammo sarkardalar o‘z zamonlarini aks ettiradilar.
Temuriylar tarixi davlat muzeyida Zahiriddin Muhammad Bobur haykali.
Foto: Yunus Safardiyor.
Shu bilan birga, OAV yozganidek, tarix yo‘nalishidagi haykaltarosh emasman va akademik ishlarim sharofati bilan muvaffaqiyatga erishdim, deb o‘ylamayman.

Ijodkor bo‘lish — ham jismoniy, ham ruhiy mashaqqatli mehnatdir. Baʼzan haykaltarosh bo‘lganimdan afsuslanaman. Bu umidsizlik paytlarida sodir bo‘ladi. Baʼzan bir ijod namunasini yaratasiz, lekin hammasi behuda ketadi. Baʼzida jismoniy charchoq g‘olib chiqadi. Bunga chiday olmaysiz va shunchaki yiqilasiz. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, siz uzoq-uzoq ishlaysiz, lekin bundan hech narsaga erishmaysiz.

Faoliyatim davomida ko‘plab ishlarimni tashlab yubordim. Ular ustaxonamda juda ko‘p joyni egallashardi, yangi ishlar uchun esa joy bo‘shatishimga to‘g‘ri keldi.
Foto: Instagram
O‘z uslubimni nima deb atashni ham bilmayman. Atamalar bilan yashamayman. Shunchaki kelgan g‘oyani qilaman, xolos. Barcha asarlarimda o‘sha boshlang‘ich ekspressiyani, g‘oyadan kelib chiqqan hislarimni saqlashga harakat qilaman. Hissiyotlarni saqlab turish kerak.

Bularning barchasi bir tomon, men hatto muvaffaqiyatga erishish nima ekanligini bilmayman. Muvaffaqiyat manmanlikka aylanib ketishi mumkin. Manmanliksiz kasb yo‘q. Sizning tomoshabinlaringiz bor va tomoshabinlarning munosabati siz uchun muhim. Tomoshabin niyatlaringizni tushunib, ishingizga yaxshi baho bersa, xursand bo‘lasiz. Ammo bu manmanlik shakliga aylanib ketishi mumkin.
реклама
реклама
Bolaligimdan o‘z qadrimni bilaman, nima qila olishim va nima qila olmasligimni tushunaman. Menga xushomad qilish qiyin. Shunga ham men uchun muvaffaqiyatni tushunish tashqi dunyo bilan bog‘liq emas. Bu faqat ichki dunyom bilan bog‘liq. Muvaffaqiyat — bu haykalni o‘zing xohlagan tarzda yasashingdir. 10 yildan keyin o‘z ishimga qarab: «Buni haqiqatan ham men qildimmi?» — degan fikrga kelsamgina, mana shu — mening muvaffaqiyatim bo‘ladi.
Londondagi Sotheby‘s auksionida sotilgan “Linza” haykali. Foto: Yunus Safardiyor.
Uy — bu…
Meni nazarimda, inson biror joyda doimiy yashashi shart bo‘lmagan davrda yashayapmiz. Menga Italiya, Amerika, Germaniya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda yashash nasib etdi. Har bir davlatga ishim yuzasidan bordim. Uy mening oilam va do‘stlarim bo‘lgan joy. Ammo, albatta, men qachondir O‘zbekistonga qaytib kelaman.
Tahririyat intervyu va suratga olish uchun
joy ajratgan — Human House galereyasiga
minnatdorchilik bildiradi
Matnni Jahongir Azimov tayyorladi.
Rus tilidan Sanjar Said tarjima qildi.

Barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. “Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting