Tarix muzeyida o‘zbekistonliklarning Ikkinchi Jahon urushidagi ishtirokiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda
Tarix muzeyida o‘zbekistonliklarning Ikkinchi Jahon urushidagi ishtirokiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda
O‘zbekiston tarixi muzeyida o‘zbekistonliklarning Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabaga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Unda o‘nlab arxiv suratlari, sovet plakat san’atining namunalari namoyishga qo‘yilgan, shuningdek, “Askar maktublari” kitobi taqdim etilgan.
O‘zbekiston tarixi muzeyida o‘zbekistonliklar SSSRning Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabasiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Unda o‘nlab arxiv suratlari, sovet plakat san’atining namunalari namoyishga qo‘yilgan, shuningdek, “Askar maktublari” kitobi taqdim etilgan.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida o‘zbekistonliklarning Ikkinchi Jahon urushidagi SSSR g‘alabasiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan “Xotira abadiy, inson qadri — muqaddas” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston kinofotofono hujjatlar milliy arxividagi 40 dan ortiq fotosurat va qator videomateriallar, Tarix muzeyi fondidagi urush yillariga oid sovet plakatlari, shuningdek, davlat organlarining qarorlari va aholining xatlari jamlangan.
реклама
реклама
Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ko‘rgazma doirasida “Askar maktublari” kitobining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Kitobga o‘zbekistonlik askarlarning Ikkinchi Jahon urushi frontlaridan yuborgan, shuningdek, jangchilarning oila a’zolari tomonidan frontga yuborilgan 150 ga yaqin xat jamlangan. Kitobda ayrimlari arab imlosida yozilgan xatlarning original ko‘rinishi, shuningdek, ularning hozirgi zamon o‘zbek va rus tillaridagi talqinlari keltirilgan. Kitobning elektron shaklini G‘alaba bog‘i saytidan yuklab olish mumkin.

“Askar maktublari” kitobi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi hamda 1941–1945-yillarga oid 5000 dan ortiq xatni saqlab kelayotgan “O‘zarxiv” agentligi tomonidan chop etilgan. Arxiv matbuot xizmati rahbari Anvar Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, saqlanayotgan materiallar hajmi bir necha tom kitob chiqarish imkonini beradi.
Xatlardan namunalar ko‘rgazmaga ham qo‘yilgan. Ularning ayrimlari uchburchak qilib buklangan — askarlar konvertdan foydalanmaslik va harbiy senzorlar matn mazmuni bilan tanisha olishi uchun ham o‘z maktublarini shunday ko‘rinishda yuborgan.
Ko‘rgazma doirasida namoyish etilayotgan respublika, viloyatlar va tumanlar darajasidagi qarorlarda front chizig‘idan evakuatsiya qilingan minglab odamlarni joylashtirish, bolalarni ta’minlaganlik uchun aholiga beriladigan imtiyozlar, bolalar uylarini ochish haqida so‘z boradi.
Ko‘rgazma ochilishida so‘zga chiqqan Isroilning Toshkentdagi elchisi Zexavit Ben-Xillel o‘zbek xalqining insonparvarligi hamda boshpana va ovqatga muhtoj barchaga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyorligiga yuqori baho bergan.

“Ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston xalqining tarixda tutgan muhim rolini ko‘rsatib beradi, deb o‘ylayman. Ko‘plab yahudiy qochoqlar urush vaqtida O‘zbekistondan boshpana topgan. Keyinchalik ular O‘zbekiston jamiyatining muhim bir qismiga aylanib, O‘zbekiston ravnaqi uchun xizmat qilgan. Ular orasida shifokorlar, arxitektorlar, o‘qituvchilar bor edi”, – dedi elchi.
Kinofotofono hujjatlari milliy arxividan “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, arxiv materiallarining yana 20 tasi G‘alaba bog‘idagi ko‘rgazmada namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston davlat tarix muzeyidagi ko‘rgazma 15-mayga qadar davom etadi.
реклама
реклама
“Gazeta.uz”ning Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan avvalgi materiallari
100 yoshgacha yashash qanday bo‘ladi?
Bu ayollardan har biri 100 yoshdan oshgan. Ular O‘zSSR tashkil topishidan oldin tug‘ilgan, urush, ocharchilik va “qayta qurish” davrini boshidan kechirgan. “Gazeta.uz” ulardan nima haqida afsuslanishi va orzulari, 100 yoshgacha yashash qanday bo‘lishi haqida so‘radi.
Urush yillarida bolalarning O‘zbekistonga evakuatsiya qilinishi
Ikkinchi jahon urushi vaqtida O‘zbekistonga 1,5 milliondan ortiq kishi evakuatsiya qilindi. Ulardan 250 ming nafari bolalar edi. Toshkentdagi Shon-Sharaf muzeyining Ikkinchi jahon urushi bo‘limi va O‘zbekiston kinofotofonohujjatlar Milliy arxivi “Gazeta.uz” so‘roviga ko‘ra urush yillarida bolalarning evakuatsiyasi aks etgan fotosuratlarni taqdim etdi.
Frontdan maktublar. Urush qatnashchilari nimalar haqida yozishgan?
Ikkinchi Jahon urushi qatnashchilari o‘z yaqinlariga xatlarda nimalar haqida yozgan? “Gazeta.uz” Shon-sharaf muzeyi va “O‘zarxiv” agentligi taqdim etgan xatlar bilan bo‘lishadi - jangchilar nafaqat o‘z yaqinlariga noma yo‘llagan, balki gazetalar tahririyatlariga urush haqidagi hikoyalarini yuborishgan va hattoki she’rlar ham yozishgan.

Fotosuratlar muallifi: Madina A’zam.
Barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli.

“Gazeta.uz” internet-nashrida e’lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan ushbu havolada tanishish mumkin.


Qiziqarli narsalarni bilasizmi? Ular haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting