Foto: Kinofotofonohujjatlar milliy arxivi
Frontdan maktublar.
Urush qatnashchilari nimalar haqida yozishgan?
Frontdan maktublar.
Urush qatnashchilari nimalar haqida yozishgan?
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari o‘z yaqinlariga xatlarda nimalar haqida yozishgan? “Gazeta.uz” Shon-sharaf muzeyi va “O‘zarxiv” agentligi taqdim etgan xatlar bilan bo‘lishmoqda. Jangchilar nafaqat o‘z yaqinlariga noma yo‘llagan, balki gazetalar tahririyatlariga urush haqidagi hikoyalarini yuborishgan va hattoki sheʼrlar ham yozishgan.
O‘zbekiston Shon-sharaf davlat muzeyi Ikkinchi jahon urushi davri tarixini o‘rganish bo‘limi boshlig‘i Ibadulla Altinovning “Gazeta.uz”ga maʼlum qilishicha, urush yillarida
6 milliarddan ortiq xatlar yozilgan. Shulardan 2,8 milliardga yaqini frontdagi jangchilar tomonidan yuborilgan.

O‘zbekiston Davlat arxivida askarlar tomonidan yozilgan 5 mingdan ortiq xatlar saqlanadi. Ular o‘z yaqinlariga, shuningdek turli xil gazetalar tahririyatlariga yozishgan. Shon-sharaf muzeyi “O‘zarxiv” agentligi bilan birgalikda ushbu xatlarni o‘rganib chiqishdi va ularni bir kitobga yig‘ishdi.

Ayrim xatlar Germaniya armiyasi Sovet Ittifoqi hududiga bostirib kirishidan oldin yozilgan.
«3 yilda ham qaytishimiz aniq emas»
Salom yetib maʼlum bo‘lsinkim, men yaxshi ko‘rgan jiyaningiz, Ibrohimov F. tomonidan siz xolajonim Abdiyevaga, dadajonim va onajonimga o‘tkir va qizg‘in salom bo‘lsin. Ukajonlarimizning hammasiga salom bo‘lsin. Mendan xat bormagani uchun xafa bo‘lib yurganlaringizni bilib, ushbu xatni yozishga majbur bo‘ldim.

Bizlar 31-martda Novograd-Valinsk shahridan bir kecha o‘zimiz ham bilmay qolib, vagonga minib jo‘nab qoldik, shunday qilib bir necha sutkadan keyin Vinnitsa degan shaharga kelib qolipmiz. Bu yerda bizlarni va boshqa joydan kelgan askarlardan, 200 ga yaqin kishi, polkovoy shkolaga oldi, shularning ichida biz ham bor. Bizlarga tochni adres bermagani uchun men sizlarga ham yozib o‘tirmadim, bu uchun xafa bo‘lmanglar.

Endi meni ahvolimdan so‘rasangiz yomon emas. Bu joy Novogradga qaraganda ancha yaxshi ekanligi aniq bo‘ldi. Magazinlarga qachon borsangiz non, yemish narsalardan topiladi, ishlar yaxshi.

Faqat ozgina bizlarni 2 yilda borishimiz 1 yilga ortdi, 3 yilda ham aniq emasligi turgan gap. Polkovoy shkolani sentyabr oyida tamom qilib, ishga chiqib ketamiz. Hozir darslar juda qiyin boshqalarga qaraganda ... juda qattiq … bormoqda. Komandir bolasizlar deb har kun 3 soat kundalik zanyatidan zanyatiye (dars – tarj.), o‘tadi. Sog‘ bo‘lsak bir kun ko‘rishib qolarmiz. Bu uchun xafa bo‘lib yurmanglar.

Fayzulla Ibrohimov. 12-aprel, 1941-yil.
Xatlarning aksariyati faqat salomlardan iborat. Ibadulla Altinovning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda jangchilar yaqinlariga faqat o‘zlarining tirikligini bildirish uchun xat yuborishgan. Umuman vaqt bo‘lmagan baʼzi paytlarda esa askarlar shunchaki bo‘m-bo‘sh xat yuborishgan, bu ularning ahvoli yaxshiligini bildirgan.

Ko‘plab urush qatnashchilari yaqinlaridan suratlarini yuborishlarini so‘rashgan va o‘zlarining rasmlarini ham jo‘natishgan.
Sog‘inchlik salomnoma xat!
O‘g‘lingiz Nurmatdan siz mehribon opamga ko‘pdan-ko‘p salom bo‘lsin. Haliyma ukamga salom bo‘lsin. Tozagul ukamga salom bo‘lsin. Kenjavoy, qaroboy ukamizga ko‘pdan-ko‘p, dvaji salom bo‘lsin va boshqa meni so‘rovchilarga salom ayting. Shuning bilan salomim tamom.

Qadrli va qimmatli opa, mening vaqtim xush, jonim sog‘, o‘ynab kulib Belarussiyada dam olishda hozir ham turamiz. Meni o‘zingiz ko‘rgandagidan vaqtim xush. Opa, menga ahvollaringizdan xat yozing va shu xatni olishingiz bilan menga o‘zingizning va ukamlarning rasmini, baringiz birga rasmga tushib yuboring. Opa, men siz yuborgan bir dona Rahima opam bilan tushgan rasmingizni hozir ham saqlab yuribman. Opa, qanday bo‘lsa-da rasmingizni yuboring, sizni sog‘inaman. Opa, men Rahima opamlardan hozir tez-tez xat olib turibman, shunung uchun sizlar ham tez-tez xat yozib turing. Xo‘pmi, deb xat yozuvchi,

Nurmat Sapayev. 1-oktabr 1944-yil.
«Minglab yozsam ham, baribir sizlarni ko‘rolmayman»
Men, o‘g‘lingiz bo‘lmish Bahron Rofiyevdan, siz mehribon do‘stlarimga sog‘liq salom.

Aziz do‘stlarim. Men sog‘man, dimog‘im chog‘, vaqtim xush, faqatgina sizlarni tushimda ko‘rib, xafa bo‘laman. Men sizlardan xat olayobman, lekin oz. Sizning ahvollaringni eshitib, o‘zimga-o‘zim xafa bo‘laman: bir yoqdan akamni kasallariga va to‘tumni ahvollariga. Sizlarni judayam sog‘indim. Men sizlarga yana rasm yubordim, avvalgi xatda ham rasm yuborgan edim, yana bu xat bilan ham 3 dona rasmimni yubordim. Bir donasi Biyijonimga, ikkinchisi Akajonimga, uchinchisi Malohatxon ukajonimga.

Malohat ukajon, men sendan juda xursandman, chunki meni faqat sendan boshqa hech kim yo‘qlamaydi. Akamdan ham gina qilmayman, chunki u kishini kasallari bor. Xayr Akajon, xafa bo‘lmang, bu kunlar ham o‘tar, ko‘rmagandek bo‘lamiz. Biyijonimdan ham xafa emasman, chunki Biyijonimni xatu-savodlari yo‘q. Shuning uchun Biyijonimni tillaridan ukamlar yozadi. Men faqat sizlarni ko‘z oldimga ko‘rub turaman, faqatgina qanotim yo‘q uchishga, yig‘majild yo‘q borishga.

Aziz do‘stlarim, ko‘pi o‘tdi, ozi qoldi, tez kunda dushmanni tor-mor etib, uyga qaytish kuniga oz qoldi, agarda (o‘lmasak).

Biyijon mana shu bilan to‘rtinchi rasmimni yubordim, shu rasm borgandan keyin tezlik bilan javobini yozib yuboringlar. Nima yangiliklardan bo‘lsa, xatga yozinglar.

Men Abdullayevga 3–4 ta xat yozdim, menga bir dona ham javob yozmadilar, sababi nima. Ko‘rsangiz “Bahrondan sizga salom” deb, nima uchun xat yozmadinglar deb aniqlab so‘rang. Men hurmatlab xat yozdim, ular meni xatimni olgan-olmaganini bilmadim...

Mehribon Biyijon, mendan Burxonjonga salom ayting. Men uning xatini 2-sentabrda oldim, o‘qib ozroq xafa bo‘ldim, chunki amakimdan 1 yildan beri xat yo‘q ekan. Xayr mayli, Yangamullomga salom, ukalarimga salom va jami bog‘dagilarga bir-bir salom.

Biyijon men shu xatim bilan 3 dona rasm bilan sizga yordam uchun spravka olib yubordim, olgan zahoti javobini menga tezlik bilan yetkazinglar. Xolboyni, Abdug‘anini adreslarini oldim, bularga ham xat yozdim. Mendan salomlar ayting <...>

Men hozir Polsha shahrida turibman, bu rasmlar Polshadan esdalik bo‘ladi. Men rasmlarni orqasiga oshibka qilib qo‘ydim, o‘chirilgan 2 donasi. Xayr mehribon do‘stlarim, bu rasmni olib, rasm bilan gaplashib so‘rang Bahronni avholi qanday deb, men uchun rasmimdan so‘ranglar.

Xayr, nima yozganimni bilmayman, minglab yozsam ham, vsyo ravno vas ni viju (baribira sizlarni ko‘rmayman).

Privet iz Polshi, pishet vash sin Baris R.M. Javob kutaman. 3-sentabr 1944-yil.
реклама
реклама
Shon-sharaf muzeyi vakili Ibadulla Altinovning taʼkidlashicha, urush paytlarida har bir yuborilgan xat senzuradan o‘tkazilgan. Shu sababli, “vatanparvarlik ruhida” yozilmagan xatlar o‘z manziliga yetib bormagan bo‘lishi mumkin.

Xatlarda urush qatnashchilari uzoqda bo‘lishlariga qaramasdan o‘z yaqinlarining hayotida ishtirok etishga intilganliklarini ko‘rish mumkin. Ular bolalarning o‘qishi haqida qiziqishgan, oilalariga yordam berish uchun pul ham yuborishgan.
«Birontangizning bu yerga kelishi qiyin bo‘ladi»
Sog‘inchliq salom!

Salomdan so‘ng men o‘zimning bu tomonda sog‘ va salomat bo‘lib, xizmat etib yurganligimni sizlarga bildirib turib, sizlarning ham Samarqand shahrida sog‘ va salomat bo‘lib ishlab, o‘ynab kulib yurishlaringizni hozirgi og‘ir kunlarning birida tilab yurmoqdaman.

Besh oydan beri xat olmasdan yurib, 27-oktabrda yozgan xatlaringizni 13-noyabrda, birdaniga sizlardan xat olib shunday xursand bo‘ldimki, he... endi hech qo‘yaveringlar, go‘yoki boshim osmonga yetdi <...>

Endi birontalaringizning kelishlaringizni to‘g‘risida bo‘lsa, o‘ylab turib, bir oz chatoqroq topdim. Chunki birinchidan, bu yerga kelgandan keyin hammadan asosiysi ovqat topishning o‘zi bir mushkul ish, yaʼni hatto kartoshka, karam knijkaga beriladi hali non u yoqda tursin. Ikkinchidan, “Xudo biladi”, bu yerga kelganlaringizcha men bu yerdan ketib qolamanmi yuqoriga qarab. Uchinchidan, bir kunda boradigan yo‘lni poyezd shu kunlar uch kun yuradi.

Shuning uchun ham sizlar ham bu masalani yana bir o‘ylab ko‘ringlaru, agar juda ham kelmoqchi bo‘lsanglar 10–15 kunlik ovqat olib kelmasanglar, ish chatoq. Urush boshlanmagandan burun shu stansiyaga Samarqanddan 2–2,5 kunda kelish mumkin edi. Hozir eng kami 6 kunda kelsa bo‘ladi, bo‘lmasa 8 kun.

Bu sonlarni ko‘rib, keladigan bo‘lsalar ham endi kelmaydigan ham bo‘larlar. Kelinglar, shunisi to‘g‘ri, qo‘yinglar shu foydasiz tashvishlarni. Umrimiz uzoq bo‘lsa, sog‘ va salomat bo‘lsak yaqin orada bir-birlarimizni ko‘rib ketarmiz.

Endi ob-havo to‘g‘risida bo‘lsa, bu yerlar ham Moskva tomon sovuqlaridan qolmaydi. 25-oktabrdan boshlab qor yog‘a boshladi. Hozircha sovuq -20...-25 gradus o‘rtasida turibdi.

Burhon! Men sening yaxshi o‘qiganligingni ham, o‘qishda hamma jiyanlarimdan o‘tganligingni nazarga olib turib, seni yuz so‘m pul bilan mukofot qilaman va yana ham o‘qishingni aʼlo darajada davom ettirishingni tilayman. Men 13-noyabrda uyimizga alohida besh yuz so‘m yuborgan edim. Endi o‘sha pul borib yetsa, onamiz oldilariga borsang, sening yuz so‘mingni beradilar. Men Burhonga yuz so‘mni bersinlar deb telegrammaga yozgan yedim. Shuning bilan so‘zim tamom.

Agar tayyor suratlaringiz bo‘lsa, shu xatning javobi bilan birga yuborishlaringizni so‘rayman.

Katta-kichik hammalaringizga ko‘pdan-ko‘p salom bilan letchik Nabi. Javobingizni kutib qolaman, ko‘rishguncha xayr. 16-noyabr 1941-yil.
«Ko‘z oldimda turgandeksizlar»
Sovet ittifoqi qahramoni mayor Raftopullo — xotini va farzandlariga. 20-mart, 1942-yil.
Azizam Shurik va bolalar!

Dam olish soati. Undan foydalanib, sizlarga maktub yozyapman, vaholanki janglardan keyin juda qattiq charchaganman, bir necha tun uxlamaganman. Vaziyat juda murakkab edi, ammo topshiriq bajarildi.

Shtab avtobusida o‘tiribman. Hamma uxlayapti, faqat aloqachi o‘zining uskunasini sozlayapti. Bizda qattiq sovuq bo‘lyapti, bu balki oxirgi sovuqlardir, ammo ular juda qattiq turibdi.

Qaniydi tezroq issiq kelsa, chunki har doim kiyimdaman va kiyimni almashtirib olishga imkon ham yo‘q, joy ham yo‘q. Dushman chekinayotganda barcha narsalarni yondirib ketmoqda, va umuman hozir dam olish vaqti emas. Dam olish dushman yakson qilinganidan keyin bo‘ladi.

Bu urushning qiyinchiliklariga chidash uchun kuchimiz yetadi. Shura, qanday yashayotganing, vaqtingni qanday o‘tkazayotganing meni juda qiziqtiradi. Sizlarga qiyin bo‘ldi, mayli hechqisi yo‘q, bo‘ladigan ish bo‘ldi. Endi kelajakda nima bo‘lishi haqida o‘ylash kerak. Bolalarimiz qanday? Sen Jenechkani bolalar bog‘chasiga berishing kerak, Larisa esa o‘qiyotgan bo‘lsa kerak, o‘g‘limiz esa chopqillab yurgan bo‘lsa kerak-a? Ko‘z oldimda turgandeksizlar.

Hammani o‘pib qolaman. Sening Anatoling.
Frontdan yuborilgan ko‘plab xatlar gazetalar tahririyatlariga yuborilgan. Askarlar, urush qatnashchilari o‘zlarining hikoyalarini, boshdan kechirganlarini va sheʼrlarini gazetalarda chiqarish umidida jo‘natishgan.
«Bir soatlik jangda»
Xatolari bo‘lsa tuzatib, gazetaning yaxshi o‘rniga chiqaring.
Tong otmoqda edi, bir minut o‘tgach miltiq otishmalari eshitildi. Hali bizning tomonda jimjitlik edi. Yana besh minut o‘tgach, pushkalarning bizga tomon otilgani va tankning tepalikka ko‘tarilgani ko‘rindi. So‘ng bizni askarlarimiz jangni boshlab yubordilar. Keyin bizning tank va Artilleriyamizga komanda berildi.

Shundan so‘ng jang boshlanib ketdi va 30 minut o‘tgach bizning chastimiz S. qishlog‘iga bostirib kirib, 40 nafar nemisning tanki, 3 nafar katta pushkasini va 15 nafar mashina, 100 ga yaqin miltiq shunga o‘xshash har xil o‘ljalarni qo‘lga tushirdilar.

Bizning chastimiz dushmanning 150 ga yaqin soldat va ofitserini qirib tashladilar va bir qancha nemislarni tiriklayiga ushlab oldilar. Yana 45 minut o‘tgach B. nomli stansiyaga yetib bordilar. Stansiyada jang qizib ketdi. Nemislar yana bizning chastga qaratib 15 nafar tankasini qo‘ydilar. Bizning Artilleriyamiz o‘ti bilan 9 nafar tankni ishdan chiqardi va 2 nafar tankni majaqlab tashladi.

Shunday qilib bir soatlik jangda 20 km ga yaqin yerimizni dushmandan qutqarib oldilar.

Salom bilan razvedchik Tursunboy Bayzaqov. G‘arbiy front. 27-sentabr, 1943-yil.
«Artilleriyachilarning nishonga aniq zarbalari»
Hurmatli muharrir! Artilleriyachilar hayotidan 2 ta jang epizodini yubormoqdaman. Men gazetangizda shtatdan tashqari hamkorlik qilish bo‘yicha sizlar bilan kelishib olmoqchi edim.

Urushgacha men “Pioner Vostoka” gazetasida ishlaganman, shuningdek, “Pravda Vostoka” gazetasida shtatdan tashqari muxbir sifatida faoliyat ko‘rsatganman. So‘ngra o‘rtoq Lenskiy “Frunze” gazetasiga o‘tib ketishi bilan men Qizil Armiya safiga chaqirilgandim va shu payt “Pravda Vostoka” gazetasi bilan aloqam uzildi.

Hozir meni har qalay bo‘sh vaqtim bo‘lib turadi, shu vaqtda men sizga front hayotidan (dolzarb mavzuda) material yuborib turishim mumkin.

Hurmatli muharrir! Agar mendan materiallar qabul qilishga rozi bo‘lsangiz, sizdan o‘tinib so‘rayman, iltimos, bir nechta toza qog‘oz varaqlarini menga yuboring. Imkoniyatga qarab, mening maqolalarim eʼlon qilingan gazetalar sonini menga yuborib turishingiz haqida kelishib olsak.

Xo‘p, xayr. Do‘stona salom bilan, Leytenant Yevg. Kolmakov. 13-yanvar 1943-yil.

P.S. Agar o‘rtoq Lenskiyning manzilini bilsangiz, menga xabar bering, iltimos.
реклама
реклама
Yana qiziq faktlardan biri shundaki, o‘zbek tilidagi xatlar uch xil alifboda yozilganligini ko‘rish mumkin: kirill, lotin va o‘zbek tilining arab alifbosida. Baʼzi xat mualliflari matnni yozganda alifbolarni chalkashtirib ham yuborishgan.

Katta ehtimol bilan bu 1940-yildan O‘zbekiston SSRda lotin alifbosidan (yanalif) kirillga asoslangan yangi alifboga o‘tish bo‘yicha qaror bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mamlakat 1942-yilgacha yangi alifboga to‘liq o‘tishi kerak bo‘lgan.
«Jang maydonidan»
Mehribon ota-ona, aka-uka, xotin, bola-chaqa, qarindosh-urug‘lar. Bizlar kim mehribon o‘g‘il va ukalaringiz, er va akalaringiz. Siz mehribonlarning bizlarga “O‘zbek xalqining urush maydonidagi dushmanga qarshi urushayotgan o‘g‘il va ukalarimiz, er va akalarimizga” deb yozgan maktublarini 1-noyabrda “Pravda” gazetasida o‘qib, cheksiz sevindik. Bu maktubingizni butun boshli millat o‘rtoqlarimizga o‘qib berdik.

Siz mehribonlarni bu maktubinglar bizning kuchimizga kuch qo‘shdi, quvvatimizga quvvat qo‘shdi, duximizni juda baland ko‘tardi. Sizlarning bizlarga qilayotgan katta yaxshiliklaringiz uchun chin ko‘nglimizdan tashakkur bildiramiz.

Mehribon ota-ona, aka-uka, xotin, bola-chaqalar, sizlardan so‘raymizki, butun kuchinglarni dushman fashizmni tezroq yengish uchun ulug‘ Qizil Armiyamizga yordamga safarbar qilinglar, planinglarni oshig‘i bilan bajarishga tirishinglar, oranglardagi dangasalarni tezlikda fosh qilinglar.

Bizlar ham bir qadam ham orqaga siljimasdan, dushmanni o‘z yerimizdan quvlashga tayyormiz, dushmanni ayrim uchastkalarda atakasini to‘xtatdik. Bizning yo‘l to‘g‘ri yo‘l, biz yengamiz, dushman fashizm yer yuzi bilan yakson qilingan bo‘ldi.

O‘rtoq muharrir, ushbu maktubni urush maydonida yashab yozdik, eski alifboda. Chunki yangisida ko‘p xato qilamiz, chunki bizlar 38–39-yildan beri armiyadamiz.

Sizlardan so‘raymizki, ushbu xatni kengaytirib gazetada bosib chiqaringlar.

Buyuk ehtirom bilan uzoqdan tabarruk qo‘linglarni suyib, quchoqlashib, xayrlashib qoluvchi urushchi o‘g‘il va ukalaringiz, er va akalaringiz.

Alimjanov Umar Karimovich, Sultanov A., Yo‘lchiyev A., Jumollayev G., Mavlanov A. va boshqalar ushbu xatni yuzga yaqin har xil millatli frontoviklar nomidan yozdik.
2-noyabr, 1941-yil.
Hikoyalardan tashqari, xatlar matnida ko‘plab sheʼrlarni uchratish mumkin. Kimdir mashhur sheʼrlar misralarini ko‘chirgan bo‘lsa, kimdir urush maydonlarida o‘zi sheʼr yozgan.

Masalan, leytenant Azimjon Gafurov tahririyatga xat yuboradi va o‘zining sheʼriga adabiy jihatdan tanqid berishlarini so‘raydi.
«Yozib turishga qarzdorman, deb hisoblayman»
O‘rtoq redaktor!

Bilmadim, bu xatim Sizga qachon yetib borar ekan. Agar bu xat qo‘lingizga tegsa, chin yuragimdan alangali salomlar qabul qilingiz, shu bilan quyidagi arzimni tinglashingizni so‘rayman.

18 oydirki ilg‘or liniyadaman. Men tushunamanki, bu yerda oltin tuproqli O‘zbekistonimni, yaʼni totli hayotini qo‘riqlayotirman. Buni xalqim buyurgan, bajarmoqdaman. Har qalay tug‘ilgan yerim – O‘zbekiston, undagi front qandayligi, madaniyati, do‘stlar hayoti, ota-onam hayoti qandayligi meni qiziqtiradi. Qiziqtiradi – toqat qilolmayman! Bu haqda xabar berguvchi o‘rtoqlar ham men qatori frontdadir. Shuning uchun siz ulug‘ zotlarga arz qilishga to‘g‘ri keldi, meni kechirursiz deb umid qilaman. Yuqoridagi tilagimni qoniqtiradigan bir necha ekzemplyar gazeta nomerlaridan, iloji bo‘lsa jurnallar yuborishingizni so‘rardim. Hech bo‘lmasa do‘stona xat yozsangiz ham mayli edi. Bu bilan tuproq ko‘nglimni falak yanglig‘ ko‘targan bo‘lur edingiz.

O‘rtoq redaktor, adabiy ishga qiziqish bor maqsadim edi. Lekin vaqt kamligi va maslahatdosh bo‘lmagani natijasida yuragimdagi qiziqish alangasi bo‘g‘ilib qolmoqda. Boshqa varaqda 2 sheʼr yubordim. Uni adabiy xizmatchilaringiz yordami bilan ko‘rib chiqib, yaqin maslahat berishingizni so‘rayman, sizningcha bu misralar temasi, syujeti, qurilishi sheʼrga o‘xshamasa ham, qurulishiga ko‘ra yosh o‘quvchi deb hisoblasangiz ham baxtiyorman.

Bu arzimas misralarim bilan sizday oliyjanob xislatli kishilarga, sizday oliy organ egalariga murojaat qilganim – kamchiligimdir. Buni tushunaman. Lekin bunga qaramay javob yozarsiz va umidim kurtaklarini o‘sishiga yordam berarsiz, deb umid qilaman.

Agar tuzatishni iloji bo‘lsayu, sheʼrga o‘xshatishni imkoniyati bo‘lsa va bunga qimmatli minutlaringizni sarf qilib o‘qib chiqsangiz, bilmadim sevinganimdan qanday holga kelardim!

Kelgusida ustma-ust bo‘sh vaqtlarim mevalarini to‘plab, yozib turishga qarzdorman, deb hisoblayman o‘zimni. Men sheʼr deb ataganim adabiyotga qo‘pollik emasmi? Agar siz sheʼr deb hisoblasangiz, matbuotingizdan unga yarasha o‘rin bersangiz, bilmadim, garchi uzoq bo‘lsam ham qanday yuqori hurmatlarimga sazovor bo‘lgan bo‘lur edingiz.

Sizga salom va hurmatlar bilan, leytenant Azimjon Gafurov, 4-may 1943-yil.

P.S. Xatdagi kamchilik – o‘ng qo‘lim yaradorligidir, uni albatta kechirursiz deb umid qilaman.
Fotosuratlar O‘zbekiston Shon-sharaf Davlat muzeyiga tegishli.
“Gazeta.uz” internet-nashrida eʼlon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan quyidagi havolada tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting