«Bugun pul ishlab topish uchun O‘zbekistondan ketish shart emas» — Shell IT-arxitektori Madina Berdiyeva

Madina Berdiyeva — dunyoning eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri Shell‘da tizimli arxitektor sifatida faoliyat yuritadi. «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida u Niderlandiyaga ko‘chib o‘tish, yosh qizlar chet elga o‘qishga ketish uchun ota-onalarini qanday ko‘ndirishlari mumkinligi va nima uchun bugungi kunda xorijiy tillarni bilish ko‘nikma hisoblanmasligi haqida so‘zladi.

«Gazeta.uz» tahririyati «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida xorijda taʼlim olayotgan yoki xorijiy oliygohni bitirib, u yerda ishlayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbat uyushtiradi. Bunda ularning chet eldagi hayoti, nega xorijiy taʼlim yoki ish faoliyatini tanlaganligi, ularning boshidan o‘tgan sinovlar haqida so‘z boradi. Loyihaning navbatdagi mehmoni — Shell neft-gaz kompaniyasi tizimli arxitektori Madina Berdiyeva.
Madina Berdiyeva Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. U Qarshi davlat Universitetining xorijiy tillar hamda biznes-boshqaruv fakultetlarini tamomlagan, shuningdek Belgiyaning Antverpen menejment maktabida IT-arxitektori sohasida magistr darajasini olgan. 1999-yildan boshlab global neft-gaz kompaniyalarida IT yechimlarni joriy qilish bo‘yicha mutaxassis sifatida, 2013-yildan esa Shell kompaniyasi IT-arxitektori sifatida faoliyat yuritadi.

— Xorijga ketguningizga qadar bo‘lgan davr haqida gapirib bersangiz.
— Men 1977-yil Qarshi shahrida tug‘ilganman. Uchta oliy maʼlumotim bor. 1999-yilda Qarshi davlat universitetida o‘qirdim va xorijiy tillar fakultetini bitirayotgan edim, nemis filologiyasini o‘rganardim.

Ingliz tilini yaxshi bilganim uchun ABB neftgaz kompaniyasi meni Sho‘rtandagi gaz-kimyo majmuasiga ishga olgandi. O‘shanda do‘stimni ham o‘zim bilan birga chorladim, va biz qurilish obyektidagi birinchi ayol-qaldirg‘ochlar edik. Majmua Qarshidan 75 km uzoqlikda joylashgan edi.
Ikki yil davomida Sho‘rtanga vaxta avtobusida ketish uchun haftasiga olti marta ertalab soat
4:30 da uyg‘onardim.
Ertalab 7 dan kechki 6 gacha ishlardik. Ishimiz shunchalik qiyin edi, lekin biz yosh, zavqqa to‘la edik va bizga yaxshi oylik to‘lashlaridan xursand edik.

Sho‘rtanda taʼminot bo‘limiga tushdim va meni bir tizimni joriy qilish bo‘yicha rahbar etib tayinlashdi. Men hech nimani tushunmasdim, biroq rozi bo‘ldim va epladim. 2 yilda ushbu tizimni muvaffaqiyatli ravishda joriy qildim va, o‘zim bilmagan holda, ushbu jarayonning mutaxassisiga aylandim.
— Chet elga qanday ketgansiz?
— 2001-yilda kompaniya menga Niderlandiyada ishlash uchun bir yillik shartnoma taklif qildi. 23 yoshda edim, hali turmush qurmagan qiz edim – tabiiyki, ota-onam meni qo‘yib yuborishni xohlashmasdi. «Turmushga chiqmagan qizni qanday qilib xorijga yuborish mumkin?» Lekin, men ularga mazkur zavodda ishlovchi 3000 dan ortiq odam ichidan yagona tanlangan inson ekanligimni, bunday imkoniyat boshqa bo‘lmasligini tushuntirganman. Ota-onamga xorijda yashash qandayligini ko‘rmoqchiligimni aytganman.

Shundan so‘ng ABB kompaniyasining bosh ofisi joylashgan Gaagaga yetib bordim – u yerda mening karyeram boshlandi. Ish bilan bir vaqtda sirtqi bo‘limda tahsil olardim va ikki davlat orasida yashardim. Kim bo‘lishni xohlashim bo‘yicha aniq bir rejam yo‘q edi. Shunchaki barcha vaziyatlarga imkoniyat sifatida qarardim va shunga mos ravishda qaror qabul qilardim.

Hayotim, taqdirim va karyeram shunaqa bo‘ladi, O‘zbekistondan chiqib ketaman deb o‘ylamagandim. Vatanimni juda ham sevaman. ABB bilan ishlashdan oldin, universitetda uchinchi kursdaligimda O‘zbekistondagi biror bank yoki Milliy xavfsizlik xizmatiga ishga kirishni rejalashtirardim.

Niderlandiyada bir yil ishlaganimdan keyin Birlashgan Arab Amirliklarida ish taklif qilishdi. Kompaniya Abu-Dabida offshor neft platformasini qurdi, meni esa ushbu loyiha va taʼminotni boshqarish uchun jo‘natishdi.

Amirliklarda turmush o‘rtog‘imni uchratdim. O‘sha paytda u doimiy ravishda O‘zbekistonda istiqomat qilardi. Men Abu-Dabida ishlashni davom ettirishimga qaror qildik. Lekin men homilador bo‘lib qoldim, farzandimni Amirliklarda tug‘ishga qaror qildik va undan keyin O‘zbekistonga qaytishni rejalashtirdik. Chunki BAAning o‘z qonunlari bor: ayol kishida o‘z turmush o‘rtog‘iga viza qilish huquqi yo‘q.

2005-yilda O‘zbekistonga qaytib keldim. O‘zbekistonlikka turmushga chiqqanim, oilam borligi uchun endi chet eldagi karyeram yakunlandi, deb o‘ylagandim. Bu yerda 10 oy yashadim va bu vaqt oralig‘ida Qarshi davlat universitetidagi o‘qishimni yakunladim.
Madina Berdiyeva farzandlari bilan, Niderlandiya
ABB kompaniyasi meni Qarshidan izlab topib, Boshqirdistonda ishlash uchun yangi shartnoma taklif qilishdi. Ular gazalmashtirgichlarni yangilashayotgan edi va «Салаватнефтеоргсинтез»ga taʼminotlar bo‘yicha konsultant bo‘lishimni so‘rashdi. Mening tajribam, rus tili va biznesni bilishim ularga juda ham kerak edi. Bu loyihaga 2006-yilda jo‘nab ketdim.

Ishim natijasida ABB menga yangi shartnoma taklif qildi — Niderlandiyaga qaytishimni so‘rashdi. Bu safargi ish axborot texnologiyalari bilan bog‘liq edi. Men bu sohada hech qachon ishlamagan edim, lekin ular: «Bitta qiziqarli pozitsiya bor, biz seni o‘sha yerda sinab ko‘rmoqchimiz. Agar maʼqul kelsa, balki, kelgusida o‘sha yerda ishlarsan», deb aytishdi.

Shartnoma olti oyga mo‘ljallangan edi. Men turmush o‘rtog‘im va farzandim bilan birga qaytishim kerakligini tushuntirdim. Muammo bo‘lmadi va men Gaaga shahriga Product Owner sifatida ishlash uchun qaytdim — kompaniyadagi tizimlardan birining rahbari bo‘ldim.
Axborot texnologiyalarida ishlash menga juda maʼqul keldi. Texnik yo‘nalishni sevib qoldim va qalbim amri bilan ushbu sohada qoldim.
Turmush o‘rtog‘im bilan Gaagada yashashga qaror qildik. Bu og‘ir qaror edi, chunki vatandan uzoqda oson bo‘lmaydi. Lekin bu yerda bizga barcha narsa yoqardi, farzandlarim shu yerda taʼlim olishini xohlardim — bu Niderlandiyada qolish uchun eng muhim omil edi.
— Karyerangiz qanday rivojlandi?
— Menga doimiy shartnoma taklif qilishdi, biznes-tahlilchi sifatida ishlashni boshladim. Axborot texnologiyalarida ishlash menga yoqib tushdi, lekin men bu sohada taʼlim olmagandim. Buning o‘rnini qoplash uchun axborot texnologiyalari arxitekturasi yo‘nalishida magistraturada o‘qishga qaror qildim.

O‘qish davomida menga Shell kompaniyasi qiziqish bildirdi va suhbatga chaqirdi. U yerga ishga kirish oson emas, 5−6 suhbat bosqichlaridan o‘tish kerak. Bunga 6 oychalar vaqt ketishi mumkin.
реклама
реклама
2013-yilda meni kompaniyaga ishga qabul qilishdi. Oldingi ish joyimda ham hammasi yaxshi edi, lekin Shell kompaniyasiga arxitektor bo‘lish niyatida keldim. Bu vaqtda magistraturada o‘qiyotgandim, qolaversa, qizim ham tug‘ilgan edi, u 2 yoshda, o‘g‘lim esa 7 yoshda edi. Haftasiga 40 soat ishlardim va o‘qishimni davom ettirardim.

Hozirda men Shell kompaniyasida ikkita yirik segment bo‘yicha asosiy arxitektorman. Lekin 2013-yilning o‘zidayoq bosh arxitektor bo‘lishni maqsad qilganman. Bu texnik yo‘nalish va ushbu yo‘nalishda ayollar juda ham kam, barmoq bilan sanarli darajada. Bizning sonimiz ko‘payishini xohlardim. Agar men texnik yo‘nalishda yetakchiga aylansam, mening ortimdan ko‘plab ayollar ergashadi.
— Maqsadingiz sari qanday intilasiz?
— Shell o‘z xodimlarini bir joyda to‘xtab qolmaslikka, rivojlanishga undaydi. Bu menga juda ham kerak narsa.

Kompaniyaga kelganimda hamkasblarim yetakchilik salohiyatim yuqoriligini tushunishdi. Menga katta loyihalarni topshirishardi va men ularni muvaffaqiyatli bajarardim. Ular buni tushunishdi. Men esa rivojlanishda davom etardim.

Shell kompaniyasiga arxitektor emas, tahlilchi sifatida kelganman. Yaxshi arxitektor bo‘lish uchun tashkilot tuzilmasi qandayligini, u qanday ishlashini: biznes-tranzaksiyalar qayerdaligini, biznesning qaysi tarmoqlari bir-biri bilan o‘zaro bog‘liqligini tushunish kerak. Tahlilchi sifatidagi ish faoliyatimni bu narsalarni o‘rganish deb qabul qilardim. Aynan o‘sha paytda arxitektor emasligimdan tushkunlikka tushmasdim. Bu imkoniyatni kelajakda o‘rganish uchun ishlataman — arxitektor bo‘lsam, bu menga juda ham yordam beradi, deb o‘yladim. Shunday qildim ham.

Shell kompaniyasida neftni qazib olish va uni qayta ishlash tarmoqlari bor. Kompaniyaning qayta ishlash bo‘yicha yirik tarmog‘ida uch yil davomida ishladim, u qanday ishlashini o‘rgandim, Niderlandiyadagi ikkita yirik obyektning menejeri sifatida ham faoliyat yuritdim. Keyin esa menda qazib olish bo‘limiga o‘tish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Tashkilot qanday ishlashini tushunishim uchun biznesning ikkita tarmog‘ini o‘rganishim kerak edi. Qazib olish tarmog‘ida ham uch yil davomida ishladim, o‘zimga kerakli xulosalarni chiqardim, va shundan keyingina menda IT-arxitektor bo‘lish imkoniyati paydo bo‘ldi.
— Hozir kun tartibingiz nimadan iborat va ishda aynan nima bilan shug‘ullanasiz?
— Pandemiya sababli uyda, onlayn ishlayapmiz. Yettita arxitektordan iborat jamoani boshqaraman. Ular kompaniya uchun axborot texnologiyalari yo‘l xaritasini loyihalashtiradi va tuzib chiqadi. Jamoaning deyarli barcha aʼzolari Amerikada turib ishlaydi.

Men taʼminotchilar, aynan ushbu yo‘l xaritasini ishlab chiquvchi biznes bilan ishlayman, mening jamoam esa turli xil loyihalar uchun yechimlar taqdim etadi. O‘zimni strateg deyishim mumkin – biznesga uzoq muddatli maqsadlarni aniqlashda yordam beraman.
— Siz ishlagan davlatlar o‘rtasida qanday farqlarni ko‘rgansiz?
— Ish uslublarida juda katta farq bor. Rossiyadagi ish joyim Yevropa standartlaridan ortda qolganligi his qilinardi, ayniqsa xavfsizlik qoidalari bo‘yicha. Men qurilish obyektida ishlardim, ko‘plab talablarga rioya qilinmas edi. Bu esa meni juda qo‘rqitardi. Men o‘rganib qolgan oddiy qoidalarga odamlar umuman rioya qilmagan xavfli vaziyatlar bo‘lgan.

Arab amirliklarida esa men jamoamda yagona ayol kishi bo‘lganligim bois gender masalalari bilan bog‘liq muammolarga ko‘p duch kelardim. Bo‘lim boshlig‘i sifatida erkak-hamkasblarimga qandaydir vazifa qo‘ysam, ular boshlanishida menga quloq solishmasdi.
Ular «Bu ayol bu yerda o‘zi nima qilyapti? U uyida, bolalari bilan bo‘lishi kerak. U o‘zi nima uchun ishlayapti?»
deb o‘ylashardi.
Bu haqda rahbariyatga xabar berishimga to‘g‘ri kelgan. Keyin muammolar tezda bartaraf etildi.

Balki hozir dunyoning barcha qismlarida shundaydir, lekin Yevropada mutaxassislarga katta talablar qo‘yiladi — birinchi navbatda, intellekt jihatidan. Doimiy ravishda o‘rganish va rivojlanish kerak, aks holda mehnat bozorida qadrli kadr bo‘lish qiyin bo‘ladi. Siz o‘z qadringizni o‘zingiz oshirishingiz, bir joyda to‘xtab qolmasligingiz kerak. Maxsus ko‘nikmalaringiz qanchalik ko‘p bo‘lsa, bozorda sizni shuncha qadrlashadi.

«9 dan 5 gacha ishlab qo‘yish» hozir foyda bermaydi. Har ikki-uch oyda shaxsiy rivojlanish, o‘z malakangizni oshirish uchun treninglar o‘tish kerakligi aytiladi. Ishdan tashqari vaqtda doimiy ravishda juda ko‘p narsalarni o‘rganish kerak.

— Eng ko‘p oylikni qayerda berishgan?
— Shell kompaniyasida maoshlar juda ham yaxshi. Men o‘z karyeramni biznes-tahlildan boshlaganman va hozir katta menejer darajasigacha ko‘tarilganman. Bugungi kundagi maqsadim — vitse-prezident darajasigacha yetib borish.
— O‘zbekistonda Shell qanday bo‘lardi?
— Shell O‘zbekistonda bemalol faoliyat yurita olardi, chunki kompaniyaning Qozog‘istonda 20 yildan beri ishlaydigan yirik biznesi bor. Kompaniyamiz O‘zbekistonda o‘z biznesini boshlasa, men xursand bo‘lardim, bunga jon deb yordam ham bergan bo‘lardim – Shell kompaniyasining qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha ajoyib texnologiyalari bor. Kompaniyada o‘zbekistonlik yagona men bo‘lsam kerak. Lekin qozog‘istonlik hamkasblarimiz juda ko‘p.
— Gollandiyadagi O‘zbekiston vakillari haqida nima deya olasiz?
— Голландияда ўзбекистонликлар сони озгина ортди. Ўзбекистоннинг мамлакатдаги консули билан яхши алоқадаман, у билан доим мулоқотда бўлиб турамиз. Нидерландия, Бельгия ва Люксембургда ўзбек диаспорасини ташкил қилиш ҳақида бош қотиряпмиз.

Лекин биз барчамиз аҳил-иноқмиз деб айтолмайман. Европада ҳалигача ўзбеклар ўртасида аҳиллик йўқ, чунки улар ҳамма жойда, лекин ўз-ўзи билан овора.
— Siz biznes-kouch sifatida ham faoliyat yuritasiz. Ishingizning bu tomoni haqida ham aytib bersangiz.
— Men o‘zimni strategik kouch deb atayman, chunki men strategiya bo‘yicha ekspertman, doimo odamlarga yordam berishni xohlaganman. Lekin yetti yil oldin hayotimda bitta dilemma paydo bo‘ldi va kimdir bir kitobni tavsiya qildi. Men uni o‘qib chiqdim va o‘zimda kouchni kashf qilishga qaror qildim. Bu sohada kim eng zo‘ri ekanligi bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdim.

Shunday qilib Toni Robbins tizimini o‘rganishni boshladim. 2016-yilda Londonga uning «O‘zingdagi kuchni kashf qil» seminariga bordim. Bu juda ham hayratlanarli edi! Ushbu tadbirda 10 yoki 12 ming kishi bor edi, biz ertalab 7 dan boshlab tungi 2 gacha shug‘ullanardik — u bizga trening o‘tardi. Oxirida uning rahbarligi ostida men yalang‘och oyoqlarim bilan yonayotgan ko‘mir ustidan o‘tdim — va menga hech narsa qilmadi! O‘shanda o‘zimga aytdim: «Buni amallagan bo‘lsam, hali yana ko‘p narsa qo‘limdan keladi».
реклама
реклама
Men bu sohaga sho‘ng‘ib ketdim va Toni Robbinsning kouchlar maktabida o‘qishni boshladim. Hozir ayollarga trening o‘taman. Qizlarimizga yordam berishni xohlayman. Tashkilotlarda rahbarlik lavozimlaridagi ayollar soni, maoshlardagi farqlarda tengsizlikni ko‘raman. Shuning uchun ham mening missiyam — ayollarga yordam berish.

Strateg, biznes-kouch sifatida men o‘z biznesini boshlayotgan, keyigi bosqichga o‘tishga qiynalayotgan ayol-tadbirkorlarga yordam beraman. Bu men uchun xobbi.
— Sizga ko‘proq qanday muammolar bilan murojaat qilishadi?
— Men ixtisoslashgan muammo – natijalarga erishish va oldinga intilish, o‘z maqsadlariga muvaffaqiyatli va samarali ravishda erishish, va bunda erkak kishiga aylanib qolmaslik. Yaʼni, ayol kishi bo‘la turib, tinchlangan holatda, jarayondan zavq olib va yaxshi kayfiyatda natijalarga erishish.

Men muvaffaqiyatli ayollar uchun vaqtni boshqarish bo‘yicha kurs o‘taman. Fikrimcha, taym-menejment — ayollarning muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun eng muhim omillardan biri. O‘z vaqtingiz va hayotingizni boshqara olsangiz, ajoyib natijalarga erishasiz. Daromadingiz ham oshadi.
— Xorijga ketmoqchi bo‘lgan qizlarga qanday maslahatlar berar edingiz?
— Ota-onamni qanday ko‘ndirganim haqida batafsil aytib beraman. Universitetda aʼlochi edim, oliygohim meni Toshkentga «Umid» grantlari tanlovida qatnashish uchun yubordi. 1996-1997-yillarda prezident Karimovning shunday kampaniyasi bo‘lardi – u talabalarni chet elga o‘qishga yuborardi.

Uch oy Toshkentda yashadim, «Umid» tanlovida qatnashdim, IELTS topshirdim. Tanlovdan o‘tdim — Angliyada jurnalistika fakultetida o‘qishim mumkin edi. Lekin ota-onam mening ketishimga qarshi bo‘lishdi, «Kerak emas, shu yerda o‘qishingni davom ettir» deyishdi. O‘shanda o‘zimga aytganman: «Balki bu safar emasdir, lekin xorijga albatta ketaman». Orzuim amalga oshdi.
Qanday maslahat berishim mumkin. Chet elga ketish uchun ikkinchi marotaba imkoniyat paydo bo‘lganida, ota-onamga bunday imkoniyatlar hayotda ko‘p ham bo‘lavermasligini tushuntirdim.
Bunaqa imkoniyatdan o‘zim va ota-onam foydasi uchun foydalanishim kerak edi, chunki menda hammasi yaxshi bo‘lsa, ularda ham albatta yaxshi bo‘ladi. Chet elda o‘qish — siz uchun faqat manfaatli bo‘lishini tushuntirish kerak.
— Gollandiyaga qanday ketish mumkin?
— 2000-yilda Gollandiyaga jo‘nash uchun 10 oy kutishimga to‘g‘ri kelgan — ushbu vaqt davomida mamlakatga kirish uchun ruxsatnomani tayyorlashgan. Yevropa Ittifoqiga (YeI) ishlash uchun ketish oson emas. YeI tashqarisidan kimnidir chaqirish uchun mutaxassisning maʼlum bir davlat, YeIdagi biror bir fuqaro ega bo‘lmagan unikal bilimlari bo‘lishi kerak. 2000-yilda holat shunday edi.

Keyin hammasi o‘zgarib ketdi. 2006-yilda Niderlandiyaga qaytayotganimda barcha hujjatlarni tayyorlashimiz uchun uch oy vaqt ketdi, chunki meni «Bilimlar migrantlari» maxsus dasturi asosida taklif qilishgan edi. Maʼlum bir bilimga ega barcha 30 foizlik soliq chegirmalari bilan taʼminlanadi. Yaʼni, men kerakli kategoriyaga kirsam, 8 yoki 10 yil davomida soliqlarning faqat 70 foizini to‘layman.

Bu dastur mamlakatda hozir ham amal qiladi. Bilimga ega xorijiy ishchilarni taklif qilishadi, hammaning kamida magistratura darajasi bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, O‘zbekistondan Gollandiyaga ko‘plab talabalar o‘qish uchun kelishadi. O‘qishga kelgan xorijliklar sifatida ular mahalliy kompaniyalarda amaliyot o‘tashlari mumkin. Agar ular kompaniyalarga yoqib tushsa, ish beruvchi shartnoma taklif qiladi. Boshida bir yilga, keyinchalik doimiy asosda bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, bu yerda yashab qolish mumkin.

Keyin esa fuqarolik masalasi paydo bo‘ladi. Barcha o‘zbekistonliklar ham YEI fuqaroligini olishni xohlashmaydi, chunki O‘zbekistonda ikki fuqarolikka ruxsat berilmagan. Shuning uchun, ular bu yerda Niderlandiyada doimiy yashovchi xorijlik sifatida istiqomat qilishadi.

Demak, Gollandiyaga kelishning ikkita yo‘li mavujud: «Bilimlar migrantlari» dasturi orqali va mahalliy oliygohda o‘qish uchun. Xorij fuqarosi bilan turmush qursa ham bo‘ladi.
— Til o‘rganish uchun nima qilish kerak va yana qanday ko‘nikmalarni rivojlantirish lozim?
— Ingliz tilimni universitetda rivojlantirganman. Tilni o‘rganish, o‘rganish va yana bir marotaba o‘rganish kerak. Lekin hozir til bilish bu — nafas olish kabi narsa. Til bilish va oliy maʼlumotli bo‘lish — hozir chet elda yashashingizni kafolatlamaydi. Bunga qo‘shimcha ravishda, sizda bugungi kunda dunyoda talab qilinayotgan maxsus bilimlar va ko‘nikmalar bo‘lishi kerak. Bu axborot texnologiyalari ko‘nikmalari. Ular kelajak ko‘nikmalari ekanligiga ishonaman.
Lekin bugungi kunda agar siz zo‘r IT-mutaxassis bo‘lsangiz, Pythonda dasturlashni o‘rgansangiz yoki turli xil texnologiyalar bo‘yicha, masalan Amazon yoki Azurdan cloud computing (bulutli hisoblashlar – tahr.) bo‘yicha sertifikatlaringiz bo‘lsa, ko‘p pul ishlab topish uchun chet elga ketish shart emas. Agar xohlasangiz, O‘zbekistonning o‘zida ham muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. Eng asosiysi — tilni bilish. Bu shundoq ham bo‘lishi kerak, bu haqida o‘ylanish ham kerak emas.

Barcha axborot texnologiyalari, dunyoda nima bo‘layotganligi, qanday trendlar yuzaga kelayotganligi haqida xabardor bo‘ling. Ushbu sohada kuchli bo‘ling, chunki bu sizni xohlagan joyingizgi olib kelishi mumkin.

To‘g‘ri, universitetlarda o‘qish, albatta, muhim. Lekin bu sizni boshqalardan ajratib turadigan omil bo‘la olmaydi.

Hozir hammada til, bakalavriat, hattoki magistratura bor. Siz esa juda dolzarb bilimlarni izlashni o‘rganishingiz kerak. Faqat bitta narsa bilan shug‘ullaning, lekin uni juda aʼlo darajada bajaring.
— Qachondir O‘zbekistonga qaytish xohishingiz bo‘lganmi?
— 2001-yilda Niderlandiyaga kelishim bilanoq O‘zbekistonga qaytishni xohlaganman. Uch oy xafa bo‘lib yurganman, har kuni onamga telefon qilardim. Iyun oyida 40 daraja issiq bo‘lgan O‘zbekistondan ketganman. Niderlandiyaga kelsam – qish, yomg‘ir, sovuq. Issiq kiyimlarim ham yo‘q edi, chunki bu yerda bunchalik sovuq bo‘lishini bilmasdim.

Internet u vaqtlar unchalik rivojlanmagan edi, uyali telefonlar yo‘q edi, hammasi qiyin kechardi. Bu mamlakat menga mehmondo‘st emasdek ko‘rinardi, hech kim bir-biri bilan gaplashmasdi, bu yerda yakka o‘zim, yolg‘iz edim. O‘shanda O‘zbekistonni, oilamni juda sog‘inganman. Uyga qaytishni ham xohlaganman, o‘zimcha o‘ylardim: «O‘zi bu yerga nima uchun keldim? Ish bo‘lsa, nima qilibdi? O‘zbekistonda ham ish topa olaman-ku, oilam yonimda bo‘lardi».

Xorijga ketaman deb umuman o‘ylamaganman. O‘shanda pochtani tekshirish uchun internet-kafelarga borardik. 20 yil ichida texnologiyalar shunchalik rivojlanib ketdi-ki, hech qayerga ketish kerakmasdek tuyuladi. O‘zbekistonda bemalol yashab, o‘z yo‘lingizni topishingiz mumkin. Agar hozir siz zo‘r mutaxassis bo‘lsangiz, qayergadir ketishning hojati yo‘q. O‘z yurtingizda onlayn ishlashingiz va ko‘p miqdorda pul ishlab topishingiz mumkin.
— O‘zbekiston qanchalik o‘zgardi?
— O‘zbekistonga har safar kelganimda, hayratlanaman, o‘zgarishlar meni quvontiradi – mamlakat shahdam qadamlar bilan olg‘a boryapti. Masalan, bank tizimidagi o‘zgarishlar.

Shuningdek, O‘zbekistondagi odamlarning fikrlashidagi o‘zgarishlar ham meni quvontiradi. Ular zamonaviy ruhda fikrlashni boshlagan — ular yevropaliklardan ham ilgarilab ketgan deb aytardim. Chunki O‘zbekistonga Janubiy Koreya, Yaponiya, Osiyoning kuchli taʼsiri bor — ular Yevropa va AQSHdan ko‘ra jadalroq rivojlanmoqda. Shuning uchun ham O‘zbekistonning salohiyati yuqori va odamlar o‘qishni, rivojlanishni xohlashlari hamda ular uchun O‘zbekistonda imkoniyatlar paydo bo‘layotgani meni quvontiradi.

Hozir mamlakatda bir nechta xorijiy universitetlar ochilgan, abituriyentlar turli xil oliygohlarda tahsil olishlari mumkin. Menda bunday imkoniyat bo‘lmagan, biz faqatgina bitta universitetga hujjat topshirishimiz mumkin edi.

Bu ham juda katta oldinga siljish, hamma narsa meni quvontiradi. Har safar O‘zbekistonga kelganimda, ijobiy o‘zgarishlardan ko‘proq hayratlanib ketaman. Ayniqsa, oxirgi besh yilda.
— Xorijda yashagan vaqt davomida sizda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
— Turli xil davlatlarda yashaganingizda va ishlaganingizda, sizda maʼlum bir xarakter rivojlanadi. Shaxsiyatingiz o‘zgarishni boshlaydi, chunki turli davlatlarda yashash va ishlash oson emas. Mening holatimda esa, men O‘zbekistondan bir umrga chiqib ketganman. Gollandiya ikkinchi vatanimga aylandi.

Qalban O‘zbekistondaman, o‘zim esa Yevropada yashayman. Lekin buning o‘ziga xos afzalligi ham bor, chunki siz dunyoga kuzatuvchi sifatida qarashni boshlaysiz. Siz dunyoning global fuqarosiga aylanasiz, bu odamning dunyoqarashini o‘zgartiradi.
Blits
— Erta turishga qiynalasizmi?

— Yo‘q, qiynalmayman.

— Nimadan afsuslanasiz?

— Hech nimadan afsuslanmayman.

— Xorijda sizni nima tushkunlikka tushirib qo‘ygan?

— Deyarli hech narsa. Lekin, men bu yerda oilamni sog‘inaman.

— 10 yil ortga qaytish imkoniyati bo‘lsa, qaysi xatoingizni takrorlamagan bo‘lardingiz?

— Hech nimani o‘zgartirmasdim. Sababi, hammasi qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday bo‘lgan.

— 5 yildan so‘ng Madina Berdiyeva o‘zini qayerda ko‘radi?

— O‘zimni menejer va ko‘plab qizlarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartiradigan ayol sifatida ko‘ryapman. Instagram sahifamda bir yil davom etadigan marafon boshlandi. Storislar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar va postlarim orqali ayollarga bilim ulashmoqchiman. Ayollar ularni shunchaki o‘qishi va vazifalarni bajarishi mumkin, izoh olish uchun menga yozishsa ham bo‘ladi. Barchasi rus tilida bo‘ladi.

— Agarda tilla baliq tutib olsangiz, undan O‘zbekiston uchun nima so‘ragan bo‘lar edingiz?

— O‘zbekiston yoshlarining yaxshi taʼlim olishlarini so‘ragan bo‘lardim. Men uchun eng muhimi shu.

— O‘z maqsadlaringizning qancha qismiga erishdim, deb o‘ylaysiz?

— O‘ylashimcha, 80 foiziga.
Matnni Mushtariy Oqboyeva tayyorladi.
Fotosuratlar Madina Berdiyevaning shaxsiy arxividan.
Matn va barcha grafik materiallarga bo‘lgan huquqlar “Gazeta.uz” nashriga tegishli. www.gazeta.uz saytida eʼlon qilingan, “Gazeta.uz” yoki uchinchi tomonga tegishli grafik va boshqa materiallardan har qanday maqsadda foydalanish taʼqiqlanadi.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O‘z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting