2024-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish 5,4 foizgacha sekinlashadi. Biroq 2025-yilda u 5,9 foizgacha oshishi kutilmoqda. Bu prognoz Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) tomonidan e’lon qilingan “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar” hisobotida keltirilgan.

Hisobotda qayd etilishicha, 2023-yilda Markaziy Osiyoning ko‘plab iqtisodiyotlari uchun muhim o‘sish omili bo‘lgan Rossiya bilan vositachilik savdosi hozirda eng yuqori cho‘qqiga chiqqan.

“Qozog‘iston va Mongoliyaga ta’sir etayotgan kuchli suv toshqini va o‘ta sovuq ob-havo qisqa muddatda ularning o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, biroq mintaqaning 2024 va 2025-yillarga mo‘ljallangan prognozi juda ijobiy bo‘lib qolmoqda”, — deydi YeTTB tahlilchilari.

So‘nggi ikki yilda mintaqada transport, logistika va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish quvvatlariga davlat va xususiy sarmoya kiritilishi sezilarli darajada oshgan.

“Ish haqi va real daromadlarning barqaror oshishi, xorijdan kelganlar va turizm sektorining o‘sishi iste’molchi bumini kuchaytirdi, bu esa iste’mol kreditidagi texnologik yutuqlar bilan qo‘llab-quvvatlandi”, — deyiladi hisobotda.

Suv va energiya resurslari tanqisligidan tortib transport va chegaralarni boshqarishgacha bo‘lgan umumiy muammolarni hal qilish uchun mintaqaviy hamkorlikning sezilarli darajada mustahkamlangani tufayli mintaqalararo savdo, investitsiyalar va turizm o‘sishda davom etgan.

Hisobotda aytilishicha, inflyatsiya barcha mamlakatlarda kengroq global tendensiyalardan so‘ng bir xonali raqam darajasigacha pastladi, bu Markaziy Osiyoning aksariyat mamlakatlari markaziy banklariga iqtisodiy o‘sishga ustuvor ahamiyat berish va pul-kredit siyosatini yumshata boshlash imkonini berdi.

YeTTB mintaqaning 2024−25 yillarga mo‘ljallangan davlat siyosati vazifalarida infratuzilma va boshqaruv amaliyotini zudlik bilan takomillashtirish, siyosiy jihatdan sezgir tarif islohotlarini amalga oshirish hamda transport, suv va energiya kabi umumiy resurslardan foydalanish bo‘yicha keng mintaqaviy kelishuvga erishish zarurati ustunlik qiladi, deb kutmoqda.

O‘zbekistonda 2023-yilda YAIMning real o‘sishi 6 foizni tashkil etgan. YeTTB buni kreditlarning tez kengayishi, pul o‘tkazmalari va xorijdan kelayotganlar sonining ko‘payishi ta’siri bilan izohlaydi.

“Mamlakatda iqtisodiy o‘sish mutanosib bo‘ldi, bunda asosiy omillar xizmat ko‘rsatish sohasi, qurilish va umumiy sanoat hisoblanadi. Eksport tushumlari yirik miqdordagi oltin eksporti, yuqori turizm daromadlari hamda oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari yetkazib berish hajmining o‘sishi hisobiga sezilarli darajada oshdi”, — deyiladi hisobotda.

YeTTB O‘zbekistondagi tarif islohotlari energiya subsidiyalarini kamaytirishga yordam berishini, bu esa davlat xarajatlari YAIMning taxminan 1,5 foiz bandiga qisqarishiga olib kelishini taxmin qilmoqda.

Mamlakat iqtisodiyoti 2024-yilda 6,5 foizga, 2025-yilda esa 6 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda, bu o‘sish asosiy kapitalga investitsiyalar va sof eksport hisobiga ta’minlanadi, deydi tahlilchilar.

Ularning fikricha, xususiylashtirish va bozor islohotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali bu istiqbollarni yaxshilashi mumkin. Boshqa tomondan, iqtisodiy o‘sish energiya va suv resurslarining surunkali tanqisligi bilan cheklanishi mumkin, deb ogohlantirdi YeTTB.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil may oyida ham YeTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2023 va 2024-yillarda — xorijiy investitsiyalar, kompaniyalar va jismoniy shaxslarning kirib kelishi, shuningdek, yaxshi tashkil etilgan xususiylashtirish va ishbilarmonlik muhiti islohotlari tufayli 6,5 foizga o‘sishini prognoz qilgan edi.