Markaziy bank yilning birinchi choragi bo‘yicha pul-kredit siyosati sharhida fiskal intizom kelgusida inflyatsiyaga qo‘shimcha bosim shakllanishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

“Avvalgi yillardagi budjet xarajatlarining yuqori sur’atda o‘sishi ta’sirlari kamayib borishi bilan bir qatorda kelgusida fiskal intizomga rioya qilinishi va budjet xarajatlarining yil boshida belgilangan darajalari doirasida amalga oshirilishi inflyatsiyaga talab tomondan qo‘shimcha bosim shakllanishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi”, — deya qayd etdi regulyator.

Davlat budjeti taqchilligi I chorakda 19,8 trln so‘mni yoki YAIMga nisbatan 8,2 foizni tashkil etgan holda yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Mazkur yuqori taqchillik iqtisodiyotning moliyaviy holatiga potensial bosimni shakllantirib, davlat xarajatlari va daromadlari o‘rtasidagi sezilarli nomutanosiblikni aks ettiradi.

Infografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlari asosida Markaziy bankInfografika: Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlari asosida Markaziy bank

Co‘nggi davrlarda (2023-yilning III choragini hisobga olmaganda) kuzatilgan musbat fiskal impuls tendensiyasi iqtisodiyotda rag‘batlantiruvchi fiskal siyosat davom etayotganini ko‘rsatadi. Bu, o‘z navbatida, mazkur davr oralig‘ida yalpi talabning ko‘payishi orqali YAIM tafovuti ijobiy bo‘lishiga hissa qo‘shib, joriy YAIM potensialidan yuqoriroq shakllanishiga hamda iqtisodiy faollik sezilarli darajada jonlanishiga olib kelgan.

“Yuqori fiskal taqchillik qisqa muddatli iqtisodiy faollikni oshirsa-da, o‘rta muddatda potensial o‘sishga hamda narxlar barqarorligiga salbiy ta’sirga ega bo‘lishi mumkin. Barqaror budjet-soliq siyosatini saqlab qolish va uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun ushbu tafovutning bartaraf etilishi muhim hisoblanadi”, — deya qayd etgan regulyator.

So‘nggi choraklarda inflyatsion jarayonlar sekinlashishiga qaramasdan, asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirish orqali pul-kredit sharoitlarida qat’iylik darajasi saqlab qolindi.

Shu bilan birga, jahonda qat’iy moliyaviy sharoitlarning saqlanib qolayotgani va tashqi moliyaviy resurslarning cheklanganligi ichki resurslarga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bu esa pul-kredit siyosatining nisbatan qat’iy sharoitlari bozor foiz stavkalariga o‘tishini tezlashtirmoqda.

Xususan, tashqi qarz jalb qilish qimmatlashgani natijasida asosiy e’tibor ichki resurslarga qaratilib, joriy yilning I choragida 10,2 trln so‘mlik (2023-yilning mos davriga nisbatan 2,2 barobarga ko‘p) davlat qimmatli qog‘ozlari emissiya qilingan.

Davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi yil boshidan birmuncha tebranuvchan dinamikada, qariyb 16−18 foiz atrofida shakllangan.

“Umumiy davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshib borishi yuqori fiskal rag‘batlantirishlarni jilovlashga va shu orqali iqtisodiyotda inflyatsion bosimlarni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin”, — deya qayd etgan regulyator.