O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasida «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi xalqaro konvensiyaning o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zA xabar berishicha, konvensiya taqdimotida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Stefan Prisner so‘zga chiqdilar.

Tadbirda nogironlarning huquq va manfaatlarini muhofazalash, bu yo‘nalishda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga oid ma’ruzalar tinglandi.

«Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiyaning o‘zbek tilida nashr etilishi nogironlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlar bilan bevosita tanishish, inson manfaatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan loyihalar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006-yil 13-dekabrda qabul qilingan «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi xalqaro konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi imkoniyati cheklangan insonlarning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlash, himoya qilish va rivojlantirish uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratadi. O‘zbekiston Respublikasi mazkur konvensiyani 2009-yilda imzoladi, lekin hali ratifikatsiya qilmagan.