Davlat xavfsizlik xizmati joylarda tezkor tadbir o‘tkazib, Farg‘ona, Namangan, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘ygani haqida xabar berdi.

Poytaxtda kuzatilgan holatda Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tumani filiali boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, jinoyat qilgani aytilmoqda. U tumandagi 20 sotix yerdagi uy-joyning kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga xizmat xonasida 25 ming dollar pora olgan vaqtida ushlandi.

pora

Farg‘ona viloyatida Qo‘shtepa tumani prokurori o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, bog‘cha direktoridan 2 ming dollar olgan vaqtida dalillar bilan ushlandi. Aniqlanishicha, tuman prokuraturasi bog‘cha rahbariga Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) bilan ish qo‘zg‘atgan. Ayblov xulosasi tuman sudiga yuborilgan. Tuman prokurori o‘rinbosari sud organlaridagi tanishlari orqali rahbarning qamalib ketmasligi va muayyan huquqidan mahrum qilinmasligiga yordam berishi evaziga 3 ming dollar talab qilgan. U muqaddam ming dollar pul olgani ma’lum bo‘ldi.

pora

Namanganda uchragan holatda esa Chortoq tumanidagi agrofirma rahbari tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bilan o‘zaro kelishib, jinoyatga qo‘l urgani aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, agrofirma rahbari aprel oyida g‘allachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning davlat zaxirasiga olingan 10 gektar yer maydonini xo‘jalik ixtiyoriga qaytarib berishni va’da qilgan. Shuningdek, xo‘jalik bajarmagan g‘alla ekish rejasini ijobiy hal qilib berish evaziga 2,5 ming dollar talab qilgan.

Agrofirma rahbari so‘ralgan puldan ming dollar va 5 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi. Tezkor tadbirda bu ishga aralashgani aytilayotgan Chortoq tumani hokimi o‘rinbosari ashyoviy dalillar bilan ushlandi. U talab qilingan puldan 100 dollarni olib, qolganinin o‘zida saqlab turishi haqida agrofirma rahbariga topshiriq bergan. Agrofirma rahbari fermerning ushbu masalasini hal qilib berish bo‘yicha avvalroq 3 mln so‘m olgan, deyiladi DXX xabarida.

pora

Toshkent viloyatining Angren shahri elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari o‘z rahbarining og‘zaki topshirig‘iga asosan savdo korxonasining transformatorini elektr tarmog‘iga ulab, tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. U buning evaziga xizmat xonasida 40 mln so‘m pora olgan vaqtida qo‘lga tushdi. Shuningdek, Angren shahri elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i ham protsessual tartibda ushlandi.

Hozirda mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.