Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumanida bayram vaqtida muzqaymoq ortilgan mini yuk mashinasi 29 nafar bolani urib yubordi, hozirda ulardan yetti nafari reanimatsiyada, uch nafarining ahvoli og‘ir, deb xabar bermoqda “Kabar” agentligi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanganlar 9−16 yosh oralig‘ida bo‘lgan. Jami 18 nafar bola kasalxonaga yotqizilgan. 11 nafar fuqaro voqea joyida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ambulator davolanishga yuborilgan.

Hodisa 2-may kuni tushdan keyin Jerge-Tal qishlog‘idagi tog‘ yonbag‘rida maktab o‘quvchilari “Manas” dostonini o‘qish uchun yig‘ilgan respublika tanlovi vaqtida yuz bergan.

Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi haydovchi Hyundai Porter`ni to‘xtatganini, biroq furgon “noma'lum sabablarga ko‘ra” tepalikdan pastga harakatlana boshlaganinin ma’lum qildi.

Favqulodda vaziyat vaqtida haydovchi mashinada bo‘lmagan, shuning uchun bolalar bilan to‘qnashuv qasddan sodir etilmagan jinoyat sifatida baholanmoqda, deya ta’kidladi boshqarma.

“Porter ishtirokchilarga muzqaymoq tarqatishi kerak edi. Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u mashinani voqea bo‘lib o‘tgan joy tepasida to‘xtatgan. Mashina nima sababdan pastga yurib ketgani va bolalarni urib yuborgani hozircha noma’lum”, — deya xabar bermoqda 24.kg militsiya ma’lumotlariga tayanib.