Amerika Qo‘shma Shtatlari va Saudiya Arabistoni qirollikka xavfsizlik kafolatlarini beruvchi, Isroil G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatsa, u bilan diplomatik munosabatlarga yo‘l ochuvchi mudofaa paktini tayyorlamoqda, deb xabar bermoqda Bloomberg nashri manbalariga tayanib.

Kelishuv 7-oktabr kuni HAMASning Isroilga hujumi va G‘azo sektoridagi urushdan keyin muzokaralari to‘xtab qolgan shartnomaning yangi talqini bo‘ladi. Yil boshida Vashington va Ar-Riyod muzokaralarni qayta boshlagan, ko‘plab rasmiylar hujjat bir necha hafta ichida imzolanishini kutmoqda, deya ta’kidlaydi agentlik.

“Bunday kelishuv Yaqin Sharqni o‘zgartirishi mumkin. Bu Isroil va Saudiya Arabistoni xavfsizligini mustahkamlashdan tashqari, AQShning mintaqadagi pozitsiyasini ham mustahkamlaydi, Eron va hatto Xitoyni siqib chiqaradi”, — deyiladi maqolada.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuvning bir qismi sifatida Saudiya Arabistoni “Amerikaning ilgari taqiqlangan ilg‘or qurollariga” kirish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, arab mamlakati AQShning sun’iy intellektga sarmoyasi va fuqarolik yadroviy dasturini ishlab chiqishdagi yordami evaziga Xitoy texnologiyasining o‘z mamlakati tarmoqlariga kirishini cheklashi shart bo‘ladi.

Kelishuvga erishilgandan so‘ng, AQSh va Saudiya Arabistoni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga “yo Saudiya Arabistoni bilan rasmiy diplomatik munosabatlar o‘rnatadigan bitimga qo‘shilish” yoki “chetda qolish” tanlovini taqdim etadi. Isroilning kelishuvga qo‘shilishining asosiy shartlari “G‘azodagi urushni to‘xtatish va Falastin davlatchiligiga yo‘l ochish” bo‘ladi.

Biroq kelishuv tafsilotlari bilan tanish manbalar bu reja “shubhalarga to‘la” ekani va amalga oshmay qolishi mumkinligini “tan oladi”, deb yozadi agentlik.

Kelishuv, shuningdek, AQSh Kongressining ma’qullovini talab etadi, ayniqsa, Isroil uni qo‘llashni rad etsa, bu Oq uy uchun “qiyin vazifa” bo‘ladi. Bloomberg`ning ta’kidlashicha, 2018-yilda Saudiya Arabistoni maxsus agentlari Washington Post sharhlovchisi Jamol Xashshogiyni o‘ldirganidan so‘ng, ko‘plab qonunchilar Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon haqida “hali ham ehtiyotkor fikrda”. Ular, shuningdek, ar-Riyodning neft qazib olishni kamaytirish strategiyasidan xavotir olmoqda.