25-aprel kuni Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumatiga qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni amalga oshirish uchun 6 million yevro (taxminan 82 milliard so‘m) ajratdi, deb xabar qildi Yevropa Ittifoqining Toshkentdagi delegatsiyasi matbuot xizmati.

Grant Oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha milliy strategiya va dasturlarni budjetlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalarni amalga oshirishga yordam beradi.

O‘zbekiston hukumati va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi kelishuv 2020−2030-yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish milliy strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun jami 20 million yevro ajratishni nazarda tutadi. Ushbu yordam doirasida joriy va kelgusi yilda qo‘shimcha grant mablag‘lari ajratilishi kutilmoqda.

Asosiy maqsad — O‘zbekistonning bozorga yo‘naltirilgan va barqaror qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga o‘tishini qo‘llab-quvvatlash, bu esa aholini ko‘proq ish va daromadlar bilan ta’minlash, xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatini oshirishdan iborat.

“Qishloq-oziq-ovqat sektori O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, aholi bandligining asosiy manbai hisoblanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolari iste’mol qiladigan go‘sht va sabzavot mahsulotlarining asosiy qismini oilaviy fermer xo‘jaliklari yetishtiradi. Shu bois biz ushbu dehqon xo‘jaliklarining o‘zgaruvchan iqlim sharoitiga moslashish, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘lom oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, mahalliy va global qiymat zanjirining bir qismiga aylanish imkonini beruvchi islohotlarga e’tibor qaratmoqdamiz. GSP+ kabi Yevropa Ittifoqining boshqa tashabbuslari bilan birgalikda grant mablag‘lari Yevropa Ittifoqiga eksport hajmini oshirishga yordam beradi”, — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

Barqaror qishloq-oziq-ovqat sektori Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston uchun (2021−2027) ko‘p yillik indikativ dasturining uchta strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Boshqa ustuvorliklarga samarali boshqaruv hamda inklyuziv, yashil va raqamli rivojlanish kiradi. 2021-yildan buyon dastur O‘zbekistonga 76 million yevro (deyarli 1 trillion so‘m) ajratdi.

Avvalroq ham Yevropa Ittifoqi 2020-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda 32,5 million yevro budjet bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlagandi.