Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Gazeta.uz”ning viloyat hokimliklari yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni qo‘llab-quvvatlovchi “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan gibrid va elektromobillar xarid qilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi materialiga munosabat bildirdi.

Maqolamizdan so‘ng Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari hokimliklari davlat xaridlari lotlaridagi ma’lumotlar noto‘g‘ri ko‘rsatilganini aytib, bunga portaldagi nuqson sabab bo‘lgan, degan fikrni bildirgandi.

Hukumat qaroriga asosan tashkil etilgan “Mehr daftari” jamg‘armasi yuridik shaxs hisoblanmaydi hamda uning mablag‘lari hududiy hokimliklarning budjetdan tashqari jamg‘armalari shaklida ochilgan hisobvaraqlarda jamlanadi, deb xabar qildi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Vazirlik mas’ul bo‘lgan Xarid.mf.uz davlat xaridlari portali vazirlik va idoralarning axborot tizimlariga integratsiya qilingan bo‘lib, dasturiy majmuada barcha ma’lumotlar buyurtmachilarning STIR (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) orqali shakllantiriladi.

“Jamg‘armalar hokimliklar huzurida tashkil etilgani sababli ushbu jamg‘armalar mazkur hokimliklarning STIR raqamlariga bog‘langani ma’lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan holatlarda nazarda tutilgan shartnomalar ham „Mehr daftari“ jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan emas, balki hokimliklarning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan tuzilgan”, — deyiladi xabarda.