O‘zbekistonlik taniqli sozanda va bastakor Sulton Ali Rahmatov “Assalom O‘zbekiston”, “Ikkinchi simfoniya”, “Sirli dunyo” singari o‘nlab musiqalari bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ham mashhurlikka erishgan. Uning ilk yakkaxon konserti 2006-yili Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan. 2007 hamda 2011-yillarda Samarqanddagi Registon maydonida ham konsertlar qo‘ygan. Bastakor uzoq yillik tanaffusdan so‘ng 18−21-aprel kunlari Toshkentda yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. “Gazeta.uz” muxbiri konsert arafasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sulton Ali Rahmatov bilan suhbatlashdi.

— Faoliyatingiz davomida asosan Samarqandda yakkaxon konsertlar taqdim etgansiz. 2024-yilgi ijodiy imtihonni nima uchun poytaxtdagi Kasaba uyushmalari saroyida o‘tkazyapsiz? Sizda Humo Arena, Xalqlar do‘stligi san’at saroyi yoki yana Registon maydonida konsert qo‘yish varianti ham bor edi-ku.

— To‘g‘ri, variantlar ko‘p edi. Kasaba uyushmalari saroyi ham tarixiy madaniyat maskani, ko‘plab taniqli san’atkorlar ilk bor katta sahnaga qadam qo‘ygan joy hisoblanadi. Bu yerga boshqa saroylarga nisbatan tomoshabinlar kamroq sig‘ar, lekin sahna sharoitlari va imkoniyatlari ancha keng, boshqalardan kam joyi yo‘q. Bu yilgi konsertga tayyorgarlik jarayonlarini ham shu yerning o‘zida o‘tkazdik. Konsert repertuariga jami 17 ta musiqa kiritildi. Ularning deyarli barchasi yangi ijod mahsullari bo‘lib, 12 yil oldin yozilgan va haligacha sifati zo‘r.

— Oxirgi konsertingizni 2011-yilda qo‘ygansiz. Shu paytga qadar konsert bermaganingizning sababi nima? Muxlislaringiz orasida siz haqingizda turli mish-mishlar, hatto taqiqqa tushgan, degan fikrlar ham paydo bo‘ldi.

— “Zapret”ga tushganim haqidagi gap-so‘zlar mish-mish, xolos, taqiqqa tushmaganman. Texnik va moddiy tomonlama qo‘llab-quvvatlov bo‘lmagani uchun yakkaxon konsertimni qo‘ya olmadim. Mana, yaqinda e’tibor qaratishdi, yana konsert taqdim etyapman. Bundan buyog‘i yaxshi bo‘ladi, degan umiddaman. Ko‘pchilik chet elga ko‘chib ketgan, degan fikrda ham yurarkan. To‘g‘ri, xorijda yashab, ijod qilish taklifi ko‘p bo‘ldi. Biroq o‘zimizda ijod qilib, shu yerdan dunyoga chiqish maqsadim bor. Har holda o‘zbekman, O‘zbekiston — o‘zimning Vatanim, millatim va onam. Shu yerda tiklanib, dunyo sahnasida konsert bermoqchiman. Bu borada orzu va niyatdan tashqari mablag‘ ham muhim rol o‘ynaydi. Mablag‘ ham suv va nonga o‘xshagan narsa-da. Agar yetarli mablag‘im bo‘lganida, allaqachon dunyoga chiqardim. 13 yil davomida ijod qildim, yangi musiqalar yozdim. Shu vaqt ichida konsert berishga har tomonlama harakat qildim, ammo o‘xshamadi. Endi bundan keyin hammasi yaxshi bo‘lishidan umidvorman.

— Demak, 13 yil davomida konsert namoyish qilmaganingizning sababi faqat moddiyat bilan bog‘liq?

— Xuddi shunday, asosan moddiy tomonlama qiyinchilik bo‘ldi. Aslida hammasi pulga borib taqaladi. Pulsiz nima qilib bo‘ladi? Barcha tizimda pul kerak. Konsert qo‘yishim uchun ketadigan mablag‘ kichik miqdorda bo‘lsa ham mayli edi, lekin xarajat katta-da. Birovning pulini sanash chiroyli ish emas, lekin qancha-qancha pullar havoga uchib ketyapti. Ayrim davlatlar reklama uchun milliarlab pul tikadi. Mening konsertim esa tayyor loyiha-ku. Samarqanddagi konsertim turizm rivoji uchun juda foydali bo‘lgan edi. Registonni bekorga tanlamaganman. Samarqand, Xiva, Buxoro — O‘zbekistonning yuragi, bizning boyligimiz va buni dunyoga ko‘rsatishimiz kerak.

— Dunyo sahnalariga chiqish va konsert berish maqsadingiz borligini uzoq yildan beri ta’kidlab kelasiz…

— Ha, ancha yildan beri aytaman bu haqda. Shu kungacha qo‘llab-quvvatlash bo‘lmadi, o‘zim qo‘limdan kelgancha pul topib, ijod qilib kelyapman, buyog‘iga endi kuchim yetmadi.

интервью, musiqa, султон али раҳматов

— Bu masala bo‘yicha tadbirkorlar, investorlarga hamkorlik taklifi bilan chiqqanmisiz hech?

— Ushbu variantni ham o‘ylab, o‘zimcha tahlil qilib ko‘rganman. Tadbirkor menga hech qachon o‘zidan-o‘zi yordam bermaydi. [Pul tikkan taqdirda ham, puli] qachon va qancha miqdorda qaytib kelishini o‘ylaydi. Agar o‘rtada shartnoma imzolasak, har oyda qo‘ng‘iroq qilib, hol-ahvol va jarayon qanday ketayotganini so‘rayveradi. Men ijodkorman va menga erkinlik kerak. Ijodkorni hech kim bezovta qilmasa, shunda ijodi yaxshi bo‘ladi.

— Sizni xalqqa ko‘proq “Assalom O‘zbekiston” nomli musiqangiz tanitgan. Bunda “Assalom O‘zbekiston” ko‘rsatuvining ham o‘rni katta, nazarimda. Mazkur musiqiy asaringiz ko‘rsatuv uchun maxsus buyurtma asosida yaratilganmi?

— Yo‘q, men efirga bir marta ketsa kerak, deb o‘ylagandim. Boshida televideniyega olib borganimda boshqa musiqadan ko‘chirilgan, deb qabul qilishmagan. Keyin Hojiakbar aka ismli rejissyor “xafa bo‘lma, o‘zim kadrlar qo‘yib, efirga qo‘yaman”, degan. Musiqam ko‘rsatuvga mos tushgan va ancha ommalashgan, odamlar xatlar yozar edi. Shu musiqa yillar davomida ko‘rsatuvda foydalanildi. Ammo mualliflik huquqim himoya qilinmagani uchun o‘tgan yili sudlashdik.

— Konservatoriyadagi o‘qishingizni 2-kursdan tashlab ketgan ekansiz. Bunga nima sabab bo‘lgan va qaroringizdan afsuslanasizmi?

— Tashlab ketganimdan, aksincha, xursandman va shu sababli Sulton Ali Rahmatov bo‘ldim. Agar oxirigacha o‘qiganimda, hozir orkestrda o‘tirgan bo‘lardim yoki ishim yurishmay, boshqa sohada ishlardim. Men o‘sha paytda yo‘nalishimni yaratib, o‘z baxtimga yo‘limni topgan edim.

— Musiqa siz uchun nima?

— Bu mening hayotim va unda yashayman. Shuning uchun musiqalar yarataman. Bazamdagi musiqalarim juda ko‘p, ularni vaqti soati bilan xalqimizga taqdim etaman.

— Intervyularingizning birida albomingizni 300 ming dollarga sotganingizni aytgan ekansiz. Bir dona albomni shuncha narxga sotganmisiz yoki bir qanchasini?

— Bitta albomda o‘n uchta narsa bo‘lgan. Hammasi qonuniy kechgan, menda hujjatlari ham bor. Albomni bir yil davomida foydalanish uchun ijaraga sotganman.

Sulton Ali Rahmatov bilan bo‘lgan suhbatning to‘liq variantini video shaklida “Gazeta.uz”ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilish mumkin: