O‘tgan dam olish kunlari Tel-Aviv va Quddusda minglab odamlar namoyishga chiqdi, bu 2023-yil oktabr oyida HAMAS Isroil hududiga hujum uyushtirgach, G‘azo sektorida urush boshlangandan beri Isroildagi eng yiriklari bo‘ldi, deb xabar bermoqda CNN.

Namoyishchilar orasida HAMAS tomonidan asirga olingan isroilliklarning qarindoshlari ham bor, ular garovga olinganlarni ozod qilishni talab qildi. Shuningdek, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxudan iste’foga chiqish va yangi saylovlar o‘tkazish talab qilindi. Namoyishchilar “Garovdagilarni hoziroq qutqaring” va “Uni almashtiring, ularni qutqaring” kabi yozuvlar yozilgan plakatlarni ko‘tarib olgandi.

Isroil muxolifati yetakchisi Yair Lapid namoyishda so‘zga chiqib, Netanyaxuni keskin tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir uchun o‘z lavozimida qolish muhim, hukumat esa garovga olinganlarning oilalari borligiga e’tibor bermayapti.

Namoyishchilar Tel-Avivda markaziy yo‘llarni to‘sib qo‘ydi, Quddusda esa Knesset (parlament) binosi yonida to‘planib, Netanyaxu qarorgohiga yorib kirishga harakat qildi. Ba’zi ishtirokchilar politsiya bilan to‘qnashdi. Politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun yomon hidli suvdan foydalandi, 16 kishi hibsga olindi.

Yakshanba kuni qorong‘u tushgach, namoyishchilar voqea joyida tunash uchun Knesset yaqinida 100 dan ortiq chodir qurdi. Hukumatga qarshi norozilik harakatlari koalitsiyasi bu hafta yana to‘rtta miting o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Axios nashrining yozishicha, Netanyaxu avvalroq “Mossad” direktori va boshqa isroillik muzokarachilarning HAMAS bilan garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun ularga “ko‘proq harakat erkinligi” berish haqidagi iltimoslarini rad etgan. Hukumatning bir qancha a’zolari ham bosh vazirni ko‘proq moslashuvchanlik ko‘rsatishga chaqirdi, biroq Netanyaxu ularni yumshoqlikda va HAMAS bilan muzokara olib borishga qodir emaslikda aybladi.