O‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin katta sportdagi faoliyatini yakunladi. Bu haqda Humo Arena`da bo‘lib o‘tgan Devis kubogi doirasidagi O‘zbekiston-Polsha uchrashuvidan so‘ng sportchining o‘zi ma’lum qildi, deb yozdi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Denis Istomin o‘zbekistonlik yosh tennischi Amir Milushevga qarshi ko‘rgazmali xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazdi. Shundan so‘ng sport vaziri Adham Ikromov, MOQ bosh kotibi Oybek Kasimov, tennis federatsiyasi raisi Alisher Mirsoatov va federatsiya bosh kotibi Iroda To‘laganova kortga chiqdi.

Adham Ikromov Denis Istominning o‘zbek sportidagi o‘rni va mamlakatda ushbu sportni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini alohida ta’kidladi. Denis Istomin, o‘z navbatida, bunday e’tibordan mamnun ekanini bildirdi.

denis istomin

Denis Istomin faoliyati davomida London-2012, Rio-2016 va Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan. U 2018-yil Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida oltin, shuningdek, Guanjou-2010 da 2 ta kumush va Incheon-2014 da bronza medalini qo‘lga kiritgan.

2012-yilda sportchi Professional tennischilar uyushmasining (ATP) jahon reytingida 33-o‘ringa ko‘tarilgan. Ushbu xalqaro tashkilot bayrog‘i ostida o‘tkazilgan turnirlarda Denis Istomin ikki marta (2015 va 2017-yillarda) g‘olib bo‘lgan. Bu natijalari uchun unga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi faxriy unvoni berilgan.

Milliy olimpiya qo‘mitasi sportchiga o‘zbek sporti rivojiga qo‘shgan munosib hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.