O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlikda Germaniyada qator soha va kasblarda bo‘sh o‘rinlari uchun fuqarolarni taklif etmoqda.

Ta’kidlanishicha, Germaniyada o‘zbekistonliklar uchun 50 ming bo‘sh ish o‘rni mavjud bo‘lib, quyidagi kasblar va sohalar uchun amal qiladi:

  • hamshira;
  • yuk avtomobili haydovchisi;
  • yuk va qishloq xo‘jaligi avtomobillariga texnik xizmat ko‘rsatish;
  • mehmonxona;
  • restoran;
  • turizm;
  • hunarmandchilik;
  • mexatronika;
  • qurilish va boshqalar.

Oylik maosh esa Ausbildung (dual ta’lim bo‘yicha ishga jalb qilish, batafsil — bu yerda) asosida ishga jalb qilishda — 1000 yevrodan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishga jalb qilish — 2000 yevrodan boshlanadi.

Bo‘sh ish o‘rinlari uchun arizalarni mazkur havola orqali qoldirish mumkin.

Germaniyada ushbu sohalarda ishlash istagidagi nomzodlar uchun respublika hududlarida nemis tili kurslarini tashkil etish imkoniyati mavjud, deyiladi agentlik xabarida.

Tashkilot, shuningdek, mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga munosib nomzodlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan barcha o‘quv markazlarini hamkorlikka chaqirdi.

Ushbu jarayon bo‘yicha batafsil ma’lumot olish uchun +998 71 202 33 55 va 71 200 00 61 telefon raqamlari qoldirilgan.

2023-yil iyul oyida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Yevropaning qator davlatlari, jumladan, Germaniyaning oltita ish beruvchi kompaniyasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzolagandi. Bu mamlakatda avtomobilsozlik, elektronika, hamshiralik ishi va parvarishi (keksalarga qarash) mutaxassislari vaqtinchalik ish bilan ta’minlanishi qayd etilgan.