Jadidchilik harakati namoyandalari faoliyatini yorituvchi “Xotira so‘qmoqlari” loyihasi doirasida 15-dekabr kuni O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida Aburauf Fitrat hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Xotira so‘qmoqlari: Abdurauf Fitrat” nomli ko‘rgazma ochildi. Loyiha muallifi, mustaqil tadqiqotchi Maqsud Askarov avvalroq Abdulhamid Cho‘lpon va Mahmudxo‘ja Behbudiyga bag‘ishlangan ko‘rgazmalarni tashkillashtirgan edi.

aлексaндр жuмaев, гaлерея, jadidlar, ko‘rgazma, мaқсuд aскaров, чўлпон, мaҳмuдхўжa беҳbuдий, aбдuрauф фитрaт, фитрaт, tasviriy san’at гaлереяси

Musiqashunos, Fitrat haqidagi “Vaqt, shaxsiyat, madaniyat va ilmiy faoliyat” asari muallifi Aleksandr Jumayev ko‘rgazma ochilishida so‘zga chiqarkan, Fitrat siyosiy jarayonlarda ishtirok etish bilan birga olim, shoir, nosir, bir so‘z bilan aytganda ensiklopedist bo‘lganini ta’kidladi.

Aleksandr Jumayev. Aleksandr Jumayev.

“Maqsud Askarov avval ham ajoyib ko‘rgazmalar o‘tkazgan edi. Ushbu an’ana bu safar ham davom etgan, deb o‘ylayman. Bu ish madaniy hayotimiz, tariximiz, Fitrat shaxsiga qiziquvchilarning e’tiborini jalb qiladi, deb umid qilaman”, — dedi u.

Tadbirda san’atshunos Sayyora Nazarova Fitrat bilan bog‘liq ayrim oilaviy xotiralar bilan bo‘lishdi — uning buvisi Fotima Burhonova (O‘zbekiston madhiyasining musiqasi muallifi Mutal Burhonovning opasi — tahr.) Fitratning uchinchi turmush o‘rtog‘i bo‘lgan.

“Ular turmush qurganida buvim 16, Fitrat esa 42 yoshda bo‘lgan. Tabiiyki, Fitrat buvim uchun yoshi katta va keksa tuyulgan. Bu turmushga rozilikning shartlaridan biri — Fitratning buvimni o‘qitish va’dasi bo‘lgan. Fitrat buvimga yevropacha libos kiydirgan, sochini kesgan, lekin uni hech qayoqqa qo‘ymagan. Fitrat buvimni telbalarcha sevgan va uni yo‘qotishdan juda qo‘rqqan. Ammo oxir-oqibat ular baribir ajrashishgan”, — deydi Sayyora Nazarova.

Sayyora Nazarova.Sayyora Nazarova.

Ko‘p o‘tmay Fotima Burhonova ikkinchi marta turmush qurgan, shundan so‘ng san’atshunos Sayyora Nazarovaning onasi tug‘ilgan.

“Qandaydir hayratlanarli tasodif bilan onam Fitrat shaxsini o‘rgana boshlagan. U Fitratning muxlisi edi. Onam buvimdan doim: „Nega bunday odamni tark eta olgansiz?“, deb hayron bo‘lib so‘rardi. Buvim esa qaynonasi sabab ularning orasiga sovuqchilik tushib, ajrashib ketganlari uchunmi, Fitrat haqida gapirishni yoqtirmasdi. Lekin men xursandman. Prinsipial jihatdan, bu odam bizniki edi. Bundan juda faxrlanaman. Bizning oilamizda Fitratdan bir qancha buyumlar qolgan. Ularni juda qadrlayman”, — dedi Sayyora Nazarova.

San’atshunosning qo‘shimcha qilishicha, mazkur buyumlar ko‘rgazma uchun taqdim etilgan.

aлексaндр жuмaев, гaлерея, jadidlar, ko‘rgazma, мaқсuд aскaров, чўлпон, мaҳмuдхўжa беҳbuдий, aбдuрauф фитрaт, фитрaт, tasviriy san’at гaлереяси

“Xotira so‘qmoqlari” jadidlarga bag‘ishlangan, ayni vaqtda muzey ekspozitsiyaga o‘xshamagan, yangicha talqindagi dastlabki ko‘rgazmalar bo‘lib, loyiha muallifi Maqsud Askarov mazkur jarayonga aloqador ekanidan mamnunligini bildirdi.

“Arxeologlar ko‘hna tariximizning ashyolarini topib bersa, bizning asosiy vazifamiz jadidlar, millat oydinlari bilan bog‘liq 1938-yilda yopilgan kitoblarni ochish va ularni jamiyatga ko‘rsatishdan iborat. O‘sha kitoblarni varaqlash, bu davrda yashagan insonlarning hayotini o‘rganish men uchun nihoyatda hayajonli, qiziq. Ko‘rgazmada shu ichki kechinmalarimni o‘ziga xos talqin qildim. Tasavvurimdagi romantik, lirik, o‘ziga xos inson — Fitrat sizning qalbingizdan ham xuddi shunday joy oladi, deb o‘ylayman”, — dedi u.

Maqsud AskarovMaqsud Askarov

Loyiha tarixi

“Xotira so‘qmoqlari” loyihasi uch yildirki davom etib kelmoqda. U jadidlarga bag‘ishlangan turkum ko‘rgazmalar uyushtirish qarori sabablarini tushuntirarkan, O‘zbekistonda xotira muzeylarining sayozligi, qatag‘on mavzusi to‘la ochilmagani, bu mavzu bilan bog‘liq axboriy ochlik kuchli ekanini ta’kidladi.

Asli madaniyat va turizm mutaxassisi bo‘lgan Maqsud Askarov jadidlar mavzusiga bejiz qiziqib qolmagan: u Cho‘lponga xolavachcha bo‘lgan buvisidan Cho‘lpon va jadidlar haqidagi xotiralarni eshitib ulg‘ayadi.

“Ko‘p davrlar oilamizda Cho‘lpon haqida gapirish mumkin bo‘lmagan. Buvimiz bolaligimizdan Cho‘lpon, uning qarindoshlari bilan munosabatlari, bog‘larga birga o‘ynagani chiqishlariyu, mehmonga borib-kelishlari haqida aytib berardi. Cho‘lpon buvimning xotirasida nihoyatda go‘zal shaxs sifatida iz qoldirgan. Uning Cho‘lpon haqidagi uzuq-yuluq taassurotlari menda jadidlarning hayotiga qiziqish uyg‘otgan”, — deydi Askarov.

Oilasining Cho‘lponga aloqadorligi, qolaversa, ushbu adibga doir materiallar ko‘pligi bois ham “Dutorning tug‘ilishi” nomli birinchi ko‘rgazma aynan unga bag‘ishlangan — ko‘rgazmada Cho‘lpon va uning yaqinlariga tegishli buyumlar, suratlar, videoart va dutor installyatsiyasi namoyish etilgan. Bunda dutor (soz) Cho‘lponning ijodiga ishora qiladi.

Maqsud Askar O‘zbekiston qahramoni Ozod Sharafiddinov Cho‘lpon haqida Mutal Burhonovdan yozib olgan quyidagi xotiradan ilhomlanganini aytadi:

“…Cho‘lpon juda serandisha, odamlarga bexosdan ozor berib qo‘yishdan cho‘chiydigan, ko‘ngilchan va chinakam shoirona tabiatga ega edi. Arzimagan narsaga xunobi oshib, fig‘oni falakka yetar, asabiylashar, yana arzimagan sabab bilan kayfiyati joyiga kelib qolardi. Ba’zan shunday bo‘lardiki, Cho‘lpon bir kuyni berilib tinglab, undan bag‘oyat mutaassir bo‘lib, chiqib ketardida, ikki-uch kundan keyin shu kuyga moslab she’r yozib kelardi. Bu she’r esa avvalgi so‘zlarga qaraganda, kuyga o‘n chandon, yuz chandon mosroq bo‘lardi. Cho‘lponning „Galdir“ degan she’ri bunga misol bo‘la oladi. U xalq kuyiga moslab, dutor tilidan, dutor tuyg‘ularini izhor qiluvchi ajoyib lirik she’r yaratgan. Cho‘lponning o‘zi qo‘shiq aytmas edi, lekin, jinday dutor chertardi. Nazarimda u dutorni chertgan odamni ham yaxshi ko‘rardi va dutorni alohida bir mehr bilan suyardi…”, — deya xotirlagan Mutal Burhonov.

Loyiha doirasidagi ikkinchi, “Samarqandga maktub” deb nomlangan tadbir Mahmudxo‘ja Behbudiyga bag‘ishlanishi sabablari haqida to‘xtalarkan, Askarov “Behbudiysiz jadidlar haqidagi kitobni ochish nihoyatda qiyin masala” ekanini ta’kidlaydi.

Ko‘rgazma bejizga “Samarqandga maktub” deb nomlanmagan: 1903-yildan boshlab Behbudiy “Turkiston viloyati gazeti” uchun yuborgan maqolalarning umumiy nomi “Samarqanddan maktublar” bo‘lib, ularda millatni qorong‘ulikdan yorug‘likka olib chiquvchi ilm va taraqqiyot haqida fikr yuritiladi.

“Ko‘rgazmadan maqsad — jamiyat aksini ko‘rsatuvchi Behbudiy “Oyina”siga yuzlanish, uning maktublariga yangi o‘zbek jamiyatining javobi qanday bo‘lishi mumkinligi haqida munozaraga chorlovdir. O‘tgan asrning birinchi choragida Samarqanddan yuborilgan maktub bugun, XXI acrning birinchi choragida Toshkentda o‘zgacha yangraydi. Unda millatni kemiruvchi ichki illatlar, tashqi ta’sir, taraqqiy topgan davlatlarning ilmiy salohiyatidan foydalana bilish, madaniy va ma’rifiy o‘ziga xoslik haqida bahs ketadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy bir asr osha bizdan javob kutadi”, — deydi Maqsud Askarov.

Ko‘rgazmada Mahmudxo‘ja Behbudiyning 200 dan ortiq maqolalari, maktublari, sayohat esdaliklaridan tanlab olingan iqtiboslar — taraqqiyot, millat, Vatan va madaniyat haqidagi o‘y-fikrlari, Behbudiy davridagi Samarqandga xos, Samarqand maktabiga oid amaliy san’at namunalari, O‘zbekiston kinofotofono hujjatlar milliy arxivi va shaxsiy arxivlardan olingan foto va video-hujjatlar, ularning nusxalari, Behbudiyning xususiy matbaasida chop etilgan o‘quv qo‘llanma, “Oyina” jurnalining asl nusxasi va boshqa eksponatlar namoyish etilgan.

Uchinchi ko‘rgazma Fitratga bag‘ishlandi. “Fitrat o‘zbek madaniyati, adabiyoti va tili loyihasining o‘ziga xos hammuallifi hisoblanadi. Fitratsiz 2023-yilni yakunlash biz uchun qiyin edi. Keyingi ko‘rgazmalarga yo‘l ochish uchun ham Fitratni tanladik”, — deb ta’kidlaydi loyiha muallifi.

Fitratga bag‘ishlangan ko‘rgazma

aлексaндр жuмaев, гaлерея, jadidlar, ko‘rgazma, мaқсuд aскaров, чўлпон, мaҳмuдхўжa беҳbuдий, aбдuрauф фитрaт, фитрaт, tasviriy san’at гaлереяси

San’atshunos, dizayner, rassom, chiroq ustalari va boshqa mutaxassislardan iborat o‘ndan ortiq insonning mehnati singgan ushbu ko‘rgazmaga tayyorgarlik bir yil avval boshlangan. Ko‘rgazma uchta zalga bo‘linadi.

Birinchi zalda qafasdagi to‘tiqush va uning atrofida sochilib yotgan qog‘ozlarni ko‘rish mumkin. Muallif bu bilan Fitratning tirik ekanligiga ishora qilganini ta’kidladi.

Asosiy ekspozitsiyalar joylashgan ikkinchi zalda “tush holati”ni eslatuvchi musiqa ovozi va to‘q havorang nur uyg‘unligi hosil qilingan. Maqsud Askarovning ta’kidlashicha, Fitrat va umuman jadidlar hayotini oddiy ko‘rsatish nihoyatda qiyin, nuqul matn va suratlar bilan hissiyotlarni qo‘zg‘atib bo‘lmaydi, shuning uchun ham ko‘rgazmada o‘ziga xos yondashuv qilingan.

“Fitratning hayotiy faoliyati musiqa bilan chambarchas bog‘liq. U birinchilardan bo‘lib “Shashmaqom”ni notaga tushirgan, o‘zbek musiqasi, cholg‘u asboblari haqida kitob yozgan. Fitrat zamoniga eltish uchun ham “Shashmaqom”dan “Sarahbori dugoh”ni tanladik. Zaldagi to‘q moviy rang esa tashrifchilarga tush ko‘rayotganlik yoki o‘zga dunyoga o‘tish hissini beradi”, — deydi u.

aлексaндр жuмaев, гaлерея, jadidlar, ko‘rgazma, мaқсuд aскaров, чўлпон, мaҳмuдхўжa беҳbuдий, aбдuрauф фитрaт, фитрaт, tasviriy san’at гaлереяси

Asosiy zal to‘ridan Fitratning 1922-yili Buxoro Xalq Sovet Respublikasi noziri (vaziri) sifatida tushgan surati hamda NKVD xodimlari tomonidan tintuv qilingan xonasi o‘rin olgan. Xona aynan buxorocha uy sifatida shakllantirilganligi hamda undagi barcha ashyoyu eksponatlarning XIX asr oxiri — XX asr boshlariga oidligi ham voqeani davr bilan hamnafas his qilish imkonini beradi.

Xonaning asosiy konsepsiyasi Fitratning muhim siyosiy shaxs, Buxoro Respublikasi noziri sifatda ikki to‘tiqush solingan qafasning o‘rtasida o‘tirgan holatda tushirilgan surati asosida yaratilgan. Ko‘rgazma kulminatsiyasi ham aynan shu yerda. Birinchi zaldagi qafasda to‘tiqush bor edi, bu yerda esa qafas yerga otilgan, eshikchasi ochiq — ya’ni to‘tiqush chiqib ketganiga ishorani ko‘rish mumkin.

“Bu — jon tanadan chiqib, ozodlikka erishgani, uning g‘oyalari bizning havoda muallaq kezib yurganini ifodalaydi”, — deydi to‘tiqush misolida Fitratni ko‘rsatmoqchi bo‘lgan muallif.

Xonada g‘ijimlangan, ma’lum qismi olovdan omon qolgan sochilib yotgan qog‘ozlar esa Fitrat muharrirlik qilgan bo‘lgan “Hurriyat” gazetasi nusxalaridir. Maqsud Askarov bu bilan o‘sha davrda matbuot oyoqosti qilinganligini ko‘rsatmoqchi bo‘lganini aytadi.

“Bu 1937-yildan boshlab matbuotga bo‘lgan munosabat ramzidir. Kitoblar, gazeta-jurnallarning yerga tashlangani — ularning umuman qiymatga ega emasligi va o‘sha davr tarixini yopishga harakat qilinganiga ishoradir”, — deydi u.

Fitratning birinchi taxallusi Mijmar bo‘lib, “chiroq”, “cho‘g‘don” degan ma’nolarni bildiradi. Ekspozitsiya bo‘ylab yonib turgan shamlar esa Fitratning chirog‘i o‘chmagani, u barhayot ekani belgisidir.

Eksponatlar orasida Fitratning “O‘zbek adabiyotidan namunalar”, “Sarf. O‘zbek tili qoidalariga oid tadqiqot”, “Hind sayyohi qissasi”, “Shaytonning Tangriga isyoni”, “Munozara”, “Hindistonda bir farangi ila buxoroli mudarrisning jadid maktablari xususinda qilgan munozarasi”, “Muxtasar islom tarixi”, “Amir Olimxonning hukmronligi davri” kabi kitoblari ham o‘rin olgan.

Shuningdek, uning oilasiga tegishli kichik gilam, Fitratning piyolasi hamda siyohdonini ham o‘sha davrni ko‘rsatib beruvchi muhim eksponatlar sifatida ko‘rsatish mumkin.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabalari tomonidan kafanlik matosiga tushirilgan Fitrat surati alohida e’tiborga molik. U NKVD hujjatlaridan olingan Fitratning so‘nggi surati asosida ishlangan.

Loyiha muallifi bu surat oq qog‘ozga chop etib ko‘rsatilganda, ehtimol, ko‘pchilikka tezroq tushunarli bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini, ammo ko‘rgazmada noodatiylikni xohlab, Fitratning kafansiz ko‘milganligiga ishora qilmoqchi bo‘lib, suratni shu tarzda chizdirishni ma’qul topganini aytdi.

Ekspozitsiya devorlariga Fitratdan iqtiboslar ilib qo‘yilgan. “Jadidlarning umri ayanchli yakunlanganini bilamiz. Ularning hayotdan naqadar umidvor bo‘lgani, millat haqidagi o‘ylari, jamiyatni taraqqiy ettirish borasidagi kechinmalari ifodalangan bu iqtiboslardan o‘sha davrdagi muammolar hamon dolzarb ekanligini ko‘rish mumkin”, — deydi Maqsud Askarov.

Ko‘rgazmaning uchinchi zalida 1990-yillarda adabiyotshunos Begali Qosimov boshchiligidagi bir guruh tadqiqotchilar tomonidan “Istiqlol fidoiylari” turkumi doirasida tayyorlangan Fitrat haqidagi hujjatli film namoyish etiladi.

aлексaндр жuмaев, гaлерея, jadidlar, ko‘rgazma, мaқсuд aскaров, чўлпон, мaҳмuдхўжa беҳbuдий, aбдuрauф фитрaт, фитрaт, tasviriy san’at гaлереяси

Ma’lumot uchun, Tasviriy san’at galereyasida 26-dekabr kuni soat 15:00 da san’atshunos Aleksandr Jumayev tomonidan Abdurauf Fitrat hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kecha o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ko‘rgazmaning o‘zi esa 20-yanvargacha davom etadi.

Atala, bo‘g‘irsoq va turshak — marhumlarni xotirlash bo‘yicha buxorocha marosim yeguliklariAtala, bo‘g‘irsoq va turshak — marhumlarni xotirlash bo‘yicha buxorocha marosim yeguliklari