«Gazeta.uz» tahririyati «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida xorijda tahsil olayotgan yoki xorijiy oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, ayni paytda chet elda ishlayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni e’lon qilib boradi. Vatandan uzoqdagi hayot, xorijiy ta’limni tanlash sabablari va qahramonlar duch kelgan sinovlar haqida suhbatlashamiz. Loyihaning yangi mehmoni — Mastercard kompaniyasi katta dasturiy muhandisi Azamat Toshtemirov.

Azamat Toshtemirov 1990 yilning 12 noyabr kuni Namangan viloyatida tug‘ilgan. 2012−2016 yillari Toshkentdagi Turin politexnika universitetida tahsil olgan. Birinchi ish joyi, GM Uzbekistan kompaniyasida avval dasturchi, keyin tijorat agenti sifatida ishlagan. 2018−2020 yillari esa UzAuto Motors AJning Marketing, monitoring va savdoni rivojlantirish direksiyasi ichki savdo bo‘limida faoliyat yuritgan. 2020 yildan 2021 yilga qadar Innovatsiya vazirligi xuzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazida (SP-Center) yetakchi ilmiy xodim lavozimida faoliyat olib borgan. Hozirda AQShdagi Maharishi Xalqaro Universiteti magistranti. Shuningdek, Mastercard kompaniyasida katta dasturiy muhandis lavozimida ishlamoqda.

— Xorijga ketguningizga qadar bo‘lgan hayotingiz haqida gapirib bersangiz.

— Xorijga ilk bor 31 yoshimda chiqqanman. Bu vaqtgacha esa har xil sohalarda ishlaganman: bozorda paket sotishdan qurt sotishgacha. Namanganda san’at kollejda o‘qiganim sabab to‘ylarda xizmatda bo‘lganman. O‘sha paytlarda «35 yoshimgacha hofizlik qilaman, keyin hech kim meni to‘yga aytmasa kerak» deb o‘ylaganman.

Shu payt ichida bitta do‘kon quraman, bitta Neksiya olaman, do‘konga mahsulotlarni olib kelish uchun maxsus mashina olaman, degan orzularim bor edi. Lekin qaysidir bir yili ilk marta Ramazon oyida ro‘za tutganimda, bir burda nonga to‘yib qolgandim. Shunda hayot faqat yeb-ichishdan iborat emasligini, yaqinlarimizga yordam qilish bilan hayot mazmuni shakllanishini tushunib yetgandim.

Shundan so‘ng sohamni o‘zgartirishga qaror qildim. Dasturlashni tanlashimga meni qishlog‘imizdagi Erkin aka ilhomlantirgan. U kishi oddiy matematika o‘qituvchisining farzandi edi. Erkin aka dasturlash orqali kuchli mutaxassis bo‘ldi va o‘zining bilimi orqali ko‘pchilikka foyda keltirdi. Undan ilhomlanib shu sohani tanlaganman.

— Siz Toshkentdagi Turin politexnika universitetini bitirgansiz. U yerda o‘rgangan eng katta sabog‘ingiz nima?

— Ochig‘i, hozirgacha hayotimdagi eng to‘g‘ri qabul qilgan qarorim aynan shu universitetga o‘qishga kirganim deb o‘ylayman. Istalgan dasturlash kompaniyalarining talablariga qarasangiz, Algorithms & Data structure (algoritmlar va ma’lumotlari tuzilmasi), System design (tizimlar dizayni) kabi talablar qo‘yiladi. Katta kompaniyalarda hattoki Operating system (operatsion tizim) bo‘yicha tegishli bilimlar talab qilinadi. Turin politexnika universitetining bakalavrida aynan shu narsalar o‘qitilgan.

Turin universitetida Sanoatda Axborot texnologiyasi va Avtomatik boshqaruv tizimi yo‘nalishida o‘qiganman. Asosan C, Java dasturlash tillarini va Algoritm, Operatsion tizimlar fanlarini o‘rganganman. Bu yangi bilimlar ishga kirishimga ancha qo‘l keldi.

Bu universitetda o‘rgangan eng katta narsam bu — bosimga bardoshli bo‘lish hamda qisqa muddatda ko‘p narsani o‘rgana olish qobiliyatlari. Italiya ta’lim tizimini Amerikanikidan ham qiyin deb ayta olaman.

— O‘zbekistondagi ta’lim tizimi haqida fikrlaringiz qanday?

— Bizda ko‘proq tartib talab qilinadi. Masalan, forma talabi bor. Lekin o‘zim aynan davlat universitetida o‘qimaganim uchun bu narsani his qilmaganman. Men o‘qigan joyda ancha bemalolgarchilik edi. Ya’ni formasiz borsak ham, soqolimizni o‘stirib borsak ham hech kim hech narsa demasdi. Asosan yaxshi o‘qish, imtihondan o‘tish muhim edi. Lekin boshqa universitetlar haqida biror narsa deya olmayman.

O‘zbekistonlik talabalarning ko‘pchiligi baho uchun o‘qiydi. Bizning universitetda taxminan 5 foiz talaba chin dildan o‘qirdi, qolganlar esa imtihondan o‘tish uchun o‘qigan, chunki to‘lov kontrakti qimmat bo‘lgan. Kontraktga ta’sir qilmasa ham baho uchun o‘qish bizda juda kuchli.

— O‘qishni bitirgach UzAuto Motors kompaniyasida ish olib borgansiz. U yerda nimalar bilan shug‘ullangansiz?

— UzAuto`ga ishga kirishimga sabab, kompaniya Turin politexnika universitetining 20 ta talabasi uchun grant ajratgandi. Men o‘sha grant asosida o‘qishga kirganman. Shu orqali kompaniyaga ishga qabul qilinganman.

Kompaniyaning strategik bo‘limlaridan biri — ehtiyot qismlari savdosi bo‘yicha tijorat agenti bo‘lib ishlaganman. Keyin savdo bo‘limida savdo agenti bo‘lib ishlaganman. Qiladigan ishlarim asosan savdo bo‘yicha nazorat, navbat nazorati bilan bog‘liq bo‘lgan.

— Bir yil davomida Innovatsiya vazirligi xuzuridagi SP-Center`da yetakchi ilmiy xodim bo‘lib ham ishlagansiz. Davlat ishida ishlashning xususiy sektordan qanday farqlari bor?

— Yetakchi ilmiy xodim sifatida aerokosmika va uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish laboratoriyalarida tegishli loyihalar ustida ishlardim. Undan tashqari, sun’iy intellekt sohasidagi davlat dasturlari bo‘yicha muhokamalarda ham mutaxassis sifatida ishtirok etardim.

Markaz rahbarlaridan biri AQSh va Kanadada ishlagan odam edi, shuning hisobiga u bilan ishlash oson bo‘lgan. Ishga vaqtida borardik, vaqtida qaytardik. Agar qolib ishlamoqchi bo‘lsak, o‘zimizning ustimizda ishlardik, davlatning ishini qilmasdik. Majburan ishda olib qolish holatlari bo‘lmagan.

O‘zbekistonda xususiy sektorda yaxshi tadbirkorlar juda ham kam. IT-sohada bor, lekin bizda tadbirkorlar asosan global miqyosda loyihalar qilishni bilmaydi. Shuning hisobiga xususiy sektor faqat ichki bozor bilan aralashib qolgan. Bobir Akilxanovga o‘xshab chet elga autsorsing qilsa, xususiy sektorlar ham ancha rivojlanardi.

Shuning uchun ham bizda asosan karera deganda davlat ishini tushunishsa kerak. AQShdagiga o‘xshab Google, Amazon kabi katta kompaniyalar tushunilmaydi.

— Maharishi xalqaro universitetiga qanday o‘qishga kirdingiz?

— 2021 yilning may oyida YouTube`da «Silikon vodiysi» haqida videoni tomosha qildim. O‘sha videoda 5 yildan beri ko‘rishmagan qadrdonim Farruh Habibullayevni ko‘rib qoldim. U Amazon kompaniyasida ishlayotgani haqida gapirgandi. Unga Facebook orqali yozib, qanday ketganligi va nimalar qilgani haqida so‘radim. U Maharishiga o‘qishga kirganini aytdi. Shundan keyin men ham universitet saytidan ma’lumotlarni qidirdim.

Avvaliga ular tomonidan 3 ta savol berildi, ularga javob berdim. Keyinroq texnik intervyu bo‘ldi, undan ham o‘tdim. IELTS ham so‘rashmadi. Keyin AQShdagi kompaniyalarga ishga kirishda qanday intervyu qilishsa, ingliz tilida shunday intervyu o‘tkazishdi. Keyin bildimki, universitet siz AQShga kelib, ishga joylashib ketishingizga ko‘zi yetsa, qabul qilar ekan. Men qabul qilindim.

Maharishida Computer science (kompyuter fanlari) yo‘nalishida o‘qiyapman. Bu yo‘nalishda asosan 8 oy universitetga qatnab o‘qilsa, qolgan bir yili masofadan o‘qiladi. Hozir o‘qish masofadan bo‘lyapti. Darslar, oraliq nazorat imtihonlari hammasi onlayn tarzda bo‘ladi.

Xudo xohlasa, 2023 yil fevral oyida magistraturani tamomlayman.


Azamat Toshtemirovning shaxsiy arxividan.

— AQSh kompaniyasiga qanday ishga joylashdingiz? U yerda nimalar qilasiz?

— Maharishi xalqaro universitetining bitta yaxshi tomoni bor. 8 oy o‘qigandan so‘ng siz to‘liq stavkada ishga o‘tsangiz bo‘ladi. Men 100 dan ortiq kompaniyaga rezyume yubordim, 50 tasi javob berdi, ulardan 20 tasining oxirgi bosqichigacha bordim. Natijada 2 ta joydan taklif keldi va ulardan bittasi — Mastercard kompaniyasiga katta dasturchi sifatida ishga kirdim.

Bu yerda men ID app elektron hamyon loyihasining Android ilovasi ustida ishlayman. Bu loyiha Google wallet va Apple wallet kabi platformalarga raqobatchi hisoblanadi. Ular sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni bir joyda saqlaydi. Masalan, pasport, haydovchilik guvohnomasi kabi ma’lumotlarni.

Men boshqa Android dasturchilar uchun freymvork yozish, dasturga qo‘shimcha funksionallik qo‘shish, kodlar sifatini yaxshilash va tezligini oshirish, xatoliklarni tuzatish, boshqa jamoa a’zolari bilan loyihadagi global va mahalliy o‘zgarishlarni muhokama qilish bilan shug‘ullanaman.

— Xorijga ketishdan avval siz uchun eng katta motivatsiya nima edi?

— O‘zbekistondaligimda chet elda bo‘lgan o‘zbekistonlik dasturchilarning intervyusini topib o‘qirdim. Aynan shular katta motivatsiya bo‘lgan.

Shuningdek, O‘zbekistonda ham 30 yoshgacha bo‘lgan moliyaviy maqsadlarimga erishgandim. Ya’ni, menga ko‘proq chellenj kerak edi.

— O‘sha motivatsiya hali ham bormi? Yoki yangilari paydo bo‘ldimi?

— Haliyam bor. Google va Facebook kabi kompaniyalarda tajriba olish, uning muhitida ishlash niyatim bor. Bu yerga kelganimdan keyin o‘sha kompaniyalarda ishlaydigan o‘rtoqlarim atrofidagi muhitni, qanday dasturlarda nimalar yozishini ko‘rib, juda hayratlandim.

Masalan, Google`dagi o‘rtog‘im Audi avtomobiliga operatsion tizim yozish dasturi ustida ishlaydi. Unda judayam low-level programming (past darajadagi dasturlash) ishlatilishini ko‘rib og‘zim ochildi. Hozirgi ishxonamda global miqiyosda dastur yozishni yaxshilab o‘zlashtirganimdan keyin shunaqa low-level programming bilan shug‘ullanishni rejalashtirdim.

— O‘zbekistondan ketganingizdan keyin dunyoqarashingiz qay darajada o‘zgardi deb o‘ylaysiz?

— Bu yerda ko‘p narsani o‘rgandim. Bu yerda men ko‘rgan o‘zbekistonliklar men faqat kinolarda bo‘lishi mumkin deb o‘ylagan ideal hayot tarzida yashasharkan: work-life balance`ga (ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat) amal qilishadi, iloji boricha oilasi bilan ko‘p vaqt o‘tkazishadi, tez-tez sayohat qilishadi, baliq oviga borishadi, sport bilan shug‘ullanishadi.

Shuningdek, men rivojlanmagan va rivojlangan davlatlardan kelgan ko‘plab odamlar bilan suhbatlashdim va ularning o‘rtasidagi katta tafovutni ko‘rdim. Rivojlanmagan davlatdan kelganlar asosan siyosat va dinni muhokama qilishsa, rivojlangan davlatdan kelganlar o‘z sohasi bo‘yicha qanday o‘sishi kerakligi yoki 5 yildan keyin daromadi qancha bo‘lishi kerakligini muhokama qilishadi.

Bularni ko‘rib, o‘z ishimni yaxshi qilishim kerakligini tushundim.

— Xorijga ketishingizga oilangizdagilar qanday qarashdi?

— Boshida ular ortga qaytmaydi deb o‘ylashdi va ruxsat berishmadi. Ularga orzularim, rejalarim, O‘zbekistonga qaytib, qanday loyihalar qilishim mumkinligi haqida aytganimdan keyin buni ijobiy qabul qilishdi.

— Kelajakdagi rejalaringiz qanday? O‘zbekistonga qaytasizmi?

— Bu yerda xalqaro tajribani olib, katta kompaniyalarda yaxshi tajribani to‘plab, O‘zbekistonga qaytmoqchiman. Toshkentda turib Amerikaning biror-bir kompaniyasi bilan ishlash rejam bor.

— O‘zbekistondagi tengdoshlaringiz va xorijga o‘qishga bormoqchi bo‘lgan yoshlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Tengdoshlarimga aytardimki, agar o‘z sohasini IT`ga o‘zgartirib, shu sohada ketmoqchi bo‘lishsa, bunga hech qachon kech bo‘lmaydi. Bu soha faqat aqllilarniki emas, balki asosan sabrlilarniki degan bo‘lardim.

Kichik yoshdagi do‘stlarimga AQShga kelishdan oldin til o‘rganib, tajriba yig‘ishlari kerakligini aytgan bo‘lardim. Chunki bu yerda ishga kirish qiyin bo‘ladi, intervyulari qiyin. Hozir internetda barcha narsa ochiq, lekin bularni bilish uchun ham baribir ingliz tilini bilish kerak.

Blits

— Erta tongda тuрishga qiynalasizmi?

— Ha, juda qiyin.

— Nimadan afsuslanasiz?

— Oilada kenja farzandman. Shuning uchun farzandlar orasida ota-onamni eng kam ko‘rayotgan, eng kam mehriga to‘yayotgan farzand ham menman.

— Agar 10 yil ortga qaytish mumkin bo‘lganda, qaysi xatoingizni taкрорламаgaн bo‘lardingiz?

— Umuman sigaret chekmas edim.

— 5 yildan so‘ng o‘zingizni qayerda va qanday holatda кўраsiz?

— Qishloqdagi uyda, ota-ona oldida, ayvon qurib olib, o‘sha yerda kod yozayotgan odam sifatida yoki dunyoni ota-onam bilan sayr qilib yurgan holatda ko‘raman.

— Agar tilla baliq tutib olsangiz, undan O‘zbekiston uchun nima so‘ragan bo‘lar edingiz?

— Afsuski, tilla baliq borligiga ishonmayman.