Ijtimoiy tarmoqlarda yosh yigit maktabning 3-qavati derazasidan mushukni uloqtirgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar IIBB holatni o‘rganib, bu bo‘yicha munosabat bildirdi.

Aniqlanishicha, mushukni maktab derazasidan uloqtirgan yigit R. Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabining 17 yoshli o‘quvchisi X.O. bo‘lgan. Huquqbuzarlik voyaga yetmagan shaxs tomonidan sodir etilganligi sababli uning otasi, 46 yoshli U.E. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan jarimaga tortilgani aytilmoqda.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

Ota va o‘g‘il bilan hayvonlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik yuzasidan profilaktik suhbat o‘tkazildi. Shuningdek, o‘smir tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlik haqidagi ma’lumotlar hokimlik huzuridagi voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘limiga o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, holatni telefon orqali tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan musiqa maktabining 16 yoshli o‘quvchi Sh. A. va uning ota-onasi bilan ham suhbat o‘tkazilgan.

Voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruvlar davom etmoqda.