Shu yilning aprel oyida Bosh prokuratura matbuot xizmatining 33 yoshli xodimi Samir Rahmonov yurak xuruji sabab vafot etgani ma’lum qilingandi.

Deputat Rasul Kusherbayevning yozishicha, uning otasi deputatga murojaat qilib, marhum xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda ish joyida vafot etganligi, to‘rt nafar voyaga yetmagan farzandlari boquvchisiz qolsa-da, uning oilasiga qonunga asosan kafolatlangan nafaqa pullari to‘lab berilmayotganini bildirgan.

Ta’kidlanishicha, murojaatga tikilgan tibbiyot xodimlarining 2021 yil 26 martdagi 10-sonli dalolatnomasida soat 10:35 da tibbiyot bo‘limiga prokuratura xodimlari tomonidan S.Raxmonovning jasadi olib kelingani bildirilgan.

«Demak marhumning ish vaqtida ish joyida vafot etgani inkor etib bo‘lmas fakt», — deydi deputat.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati marhumning otasi sudga murojaat qilganini tasdiqladi.

«Da’vogar A.Raxmanov Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga javobgar Bosh prokuraturasiga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli undirish haqidagi da’vo arizasi hamda ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi qo‘shimcha da’vosi bilan 2021 yilning 3 avgust kuni murojaat etgan», — deyiladi bayonotda.

24 avgust kungi sud majlisida taraflar va ularning vakillari ishtirok etib, o‘z vajlarini keltirgan, da’vogar tomonidan esa ma’naviy zarar undirish to‘g‘risida qo‘shimcha da’vo talabi kelib tushgan.

Mazkur qo‘shimcha da’vo yuzasidan fuqarolik ishi doirasida Bosh prokuratura tomonidan hujjatlar taqdim etilishi, Moliya vaziriligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hamda mehnat huquq inspektorini uchinchi shaxs sifatida jalb etilishi sababli sud majlisi 6 sentabrga qoldirilgan. Pensiya jamg‘armasi mas’ul xodimi sudda ishtirok etolmagani bois ishni ko‘rib chiqish muddati 17 sentabrga ko‘chirilgan.

«Sudning 17 sentabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vogar A.Raxmanovning da’vosi va qo‘shimcha da’vo arizasi rad qilingan», — deyiladi xabarda.

Marhumning otasi hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, sudga apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ushbu shikoyat Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rib chiqiladi.

«Gazeta.uz» Toshkent shahar sudi matbuot xizmatidan «sud qarori qonuniy kuchga kirmagani bois» da’vo arizasi nima asos bilan rad etilgani haqida qo‘shimcha ma’lumot ololmadi. Bosh prokuratura matbuot xizmati esa holatga izoh berishni istamadi.

Eslatib o‘tamiz, Mehnat kodeksining 192-moddasi hamja 194-moddasida xodim mehnat vazifalarini bajarish sababli vafot etsa ish beruvchi zararni to‘lash shartligi, xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori, marhumning 6 yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.