Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarining sakkizinchi kunida 5 nafar sportchi bellashuvlarda O‘zbekiston sharafini himoya qildi.

Yangil atletika. O‘zbekistonlik yengil atletikachi Darya Reznichenko uzunlikka sakrash bahslarining «V» guruhida ishtirok etdi va 6.19 metr natija qayd etdi. Bu saralashdan o‘tish uchun kamlik qildi va Reznichenko shu nuqtada Olimpiadadagi ishtirokini yakunladi.

Darya Reznichenko. Foto: gettyimages

Yunon-rum kurashi. Bugundan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari doirasida yunon-rum kurashi ustalari bahslarga kirishdi. O‘zbekistonliklar orasida birinchi bo‘lib Elmurat Tasmuradov kurash olib bordi.

Elmurat Tasmuradov (qizil kiyim). Foto: MOQ axborot xizmati

-60 kg vazn toifasida kurashgan Tasmuradov dastlabki davrani ukrainalik Lenur Temirovga qarshi o‘tkazdi. Ushbu bahs ukrainalik kurashchining 5:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Keyingi bosqichlarda Temirov finalga yetib bormadi, shu sababli Tasmuradov bronza medali uchun kurashish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi.

O‘zbekistonlik yana bir klassik kurashchi Mo‘minjon Abdullayev ham (130 kg) Tokio-2020 Olimpiadasi doirasidagi o‘z uchrashuvlarini o‘tkazdi. U birinchi davrada estoniyalik Artur Vitininga qarshi gilamga chiqdi.

Mo‘minjon Abdullayev (qizil kiyim) Foto: MOQ axborot xizmati

Abdullayev ushbu bahsni o‘z foydasiga hal qilish uchun atigi 31 soniya sarfladi xolos. Yakuniy hisob 8:0.

Mo‘minjon Abdullayev Tokio-2020dagi ikkinchi bellashuvini chorak final bosqichida chililik sportchiga qarshi kurashdi. Yasmani Fernandesga qarshi kechgan bellashuvda Abdullayev 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va musobaqani tark etdi.

Boks. O‘zbekistonlik bokschi Bahodir Jalolov hindistonlik Satish Kumarga qarshi jang qildi. Ushbu bahsda Jalolov yaqqol ustunlik bilan g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘l oldi. Ma’lumot uchun, boks bellashuvlarida yarim finalda imkoniyatni boy bergan sportchi bronza medali bilan taqdirlanadi.

Bahodir Jalolov. Foto: MOQ axborot xizmati

Endi Jalolov final yo‘llanmasi uchun buyuk britaniyalik Freyzer Klarkga qarshi ringga ko‘tariladi.

Og‘ir atletika. -76 kg vazn toifasida ishtirok etgan O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Kumushxon Fayzullayeva dast ko‘tarishda 101 kg, siltab ko‘tarishda 126 kg, umumiy hisobda esa 227 kg natija qayd etdi. Bu ko‘rsatkich bilan Fayzullayeva umumiy jadvalda oltinchi o‘rinni egalladi.

Bu vazn toifasida ekvadorlik Neysi Daxomes umumiy hisobda 263 kg ko‘rsatkich bilan g‘alaba qozondi. Kumush medal AQSh, bronza medali esa Meksika vakilalariga nasib etdi.



Kumushxon Fayzullayeva. Foto: MOQ axborot xizmati