Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, yo‘nalishli avtobus haydovchilari (konduktorlari) va metro kuzatuvchilari niqobsiz bo‘lgan shaxslarni transport vositalari saloniga chiqarmaslik (kiritmaslik) choralarini ko‘rishi belgilandi.

Bu boradagi taklif Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, Transport vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar tomonidan kiritilgan.

Shuningdek, muntazam ravishda mikrofon orqali yo‘lovchilar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish, jamoat transportlarining oxirgi bekatida dezinfeksiya-tozalash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Temir yo‘l vokzallari va aeroportlarda esa sanitariya-epidemilogiya talablariga amal qilinishi qat’iy nazoratga olinadi. Jumladan, dezinfeksiya va tozalash tadbirlari muntazam ravishda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 106847 (+395) nafarni tashkil etmoqda. Eng ko‘p holat Toshkent shahri (156), Toshkent (28), Samarqand (34) va Surxondaryo (25) viloyatlarida kuzatilgan. Kasallikdan vafot etganlar soni esa 720 nafarni tashkil qildi.

O‘z navbatida, jami sog‘ayganlar 102546 (+383) nafarga yetdi.

SSV ma’lumotiga ko‘ra, Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kasallarni iyun boshida kunlik yotqizish ko‘rsatkichi 45−50 kishidan iborat bo‘lgan, hozirda bu ko‘rsatkich 140−150taga yetgan.

Bundan tashqari, 15 martdan qayta ishga tushgan 1003 qisqa raqamiga so‘nggi 10 kun ichida (12−21 iyun kunlari) 2962 nafar fuqaro murojaat qilgan.