21 iyun kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudi Kun.uz nashri rahbari va asoschilaridan biri Maxsudjon Asqarovni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184−2-moddasida (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi va uni bazaviy hisoblash miqdorining ellik barobari (12 mln 250 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda nashrning o‘zi xabar bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, Ichki ishlar vazirligi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan internet-monitoring kuzatuv tadbirlari davomida Kun.uz sayti tomonidan diniy mazmundagi maqolalar joylashtirib kelingani aniqlangan.

Nashrning ma’lumotlariga ko‘ra, monitoringda aniqlangan quyidagi materiallar IIV xodimlarining gumoniga sabab bo‘lgan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ekspertiza o‘tkazish uchun yuborilgan:

1. «Inson qayerda yashayotgan bo‘lsa, o‘sha joyning vaqti bo‘yicha ro‘za tutadi. Ramazonga doir savol-javoblar» sarlavhali intervyu (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan). 2021 yilning 17 aprel kuni nashr qilingan.

2. «O‘zbekistonda eng katta bo‘lishi kutilayotgan „Islomobod“ jome masjidi qurilishiga hissa qo‘shing» sarlavhali masjid xayriyasi. 2021 yil 16 aprel kuni nashr qilingan.

3. «Oylar sultoni — Mohi Ramazon muborak!» sarlavhali xabar (tahririyatning Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan musulmonlarga yo‘llagan tabrigi). 2021 yil 12 aprel kuni nashr qilingan.

4. «Ro‘za kimlar uchun farz, kimlarga yengillik berilgan? — Ramazonga doir savol-javoblar» sarlavhali intervyu (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan). 2021 yil 12 aprel kuni nashr qilingan.

5. «Zulhijja oyi avvalgi 10 kunida qilinadigan amallarning fazilatlari» sarlavhali maqola. 2020 yilning 23 iyul kuni nashr qilingan.

6. «Yangi Zelandiya politsiyasi hijob uslubidagi formani tanishtirdi» sarlavhali xabar. 2020 yilning 18 noyabr kuni nashr qilingan.

7. «Mahr — ayolning haqi. Uning miqdori qancha va qanday ado qilinadi?» nomli ko‘rsatuv. 2021 yilning 18 aprel kuni e’lon qilingan.

Ekspertiza taqdim qilgan xulosada yuqoridagi materiallarda O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga da’vatlar mavjud emasligi, Islom davlati qurish va xalifalik boshqaruvini joriy etishga qaratilgan da’vatlar mavjud emasligi, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik yoki mutaassiblik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilmaganligi, fuqarolar o‘rtasidagi totuvlikni buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar, milliy, irqiy, etnik va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi ma’lumotlar mavjud emasligi ko‘rsatilgan, deya qayd etdi Kun.uz.

Lekin, ekspert hijobli formani joriy qilgan Yangi Zelandiya politsiyasi haqidagi xabarlarda keltirilgan iqtibosga e’tibor qaratdi:

«Men muslima ayollar ham politsiyada ko‘proq ishlashi kerakligini his qilaman. Yangi Zelandiyada hijob politsiya formasining bir qismi sifatida namoyish qilinishi juda yaxshi. O‘ylaymanki, buni ko‘rgan muslimalar politsiya sohasiga ko‘proq qiziqishi mumkin», — deydi Zina Ali.

Uning fikriga ko‘ra, hijob formasidagi politsiyachilar hatto musulmon bo‘lmagan o‘lkalarda ham borligini maqsadli ko‘rsatish aholi orasida bu mavzulardagi bo‘layotgan ixtilofli masalalarni zimdan qo‘zg‘atishga olib kelishi mumkinligi sababli uni tarqatish taqiqlanishi ta’kidlangan, deya ekspert so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz.

Bundan tashqari, yuqorida ko‘rsatilgan barcha materiallar Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 yanvardagi «Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 10-sonli qarori talablariga zid ravishda tayyorlanganligi [dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilmagan — tahr.] sababli O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanishi qayd etilgan.

Yuqoridagi ekspert xulosalari asosida bo‘lib o‘tgan ma’muriy sudda Kun.uz rahbari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184−2-moddasida (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va u bazaviy hisoblash miqdorining ellik barobari (12 mln 250 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

Kun.uz tahririyati avvaldan diniy mazmundagi materiallarni tayyorlashda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertiza guruhi bilan samarali hamkorlik qilib kelishini ta’kidladi.

«O‘zbekiston aholisining asosiy qismi musulmonlar ekanligi nuqtayi nazaridan Kun.uz saytida ijtimoiy muammolar, maishiy va oilaviy nizolar kamayishiga o‘z hissasini qo‘shish kabi xayrli maqsadlarni ko‘zlagan holda, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan tegishli lavozimlarga rasman tayinlangan imom-domlalar bilan odob-axloqqa chaqiruvchi suhbatlar berib boradi», — deyiladi xabarda.

Nashr avvalo mamlakatda qonunlarga barcha birdek rioya etishga mas’ul ekanligini e’tirof etgan holda, kelgusida diniy mavzudagi har qanday materiallar va xabarlar Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazibgina berib borilishini ma’lum qildi.

22 iyun soat 12:08 vaqtidagi skrinshot.

Ushbu yangilikdan so‘ng Kun.uz o‘z saytida materiallarni e’lon qilishni to‘xtatdi (o‘zbekcha versiyasi). So‘nggi yangiliklar soat 20:42 da e’lon qilingan. «Gazeta.uz» co‘roviga javoban tahririyat sud qaroriga izoh berishdan bosh tortdi.

Avvalroq, Kun.uz nashri ta’sischilari va rahbarlaridan biri Umid Shermuhamedov yetti oy o‘tgach, O‘zbekistonga qaytib kelganidan so‘ng birinchi marta aeroportda 30−40 daqiqa ushlab turilganligini aytgandi. U buni jurnalist sifatidagi kasbiy faoliyati bilan bog‘lagan.