22 iyunda «Agrobank» ATB bosh ofisida bankning, Visa hamda Humo karta tizimlari vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda kobeydjing kartasining qulayligi va imkoniyatlari, to‘lov tizimi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelajak vazifalar muhokama qilindi.

Visa kartasi tizimining Markaziy Osiyodagi vakili Kristina Doroshning ta’kidlashicha, ushbu kobeydjing karta tizimi nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH davlatlari o‘rtasida ilk bor amaliyotga joriy etilmoqda.

«Agrobank»ning bank kartalariga xizmat ko‘rsatish departamenti direktori Zafar Mamajonovning fikriga ko‘ra, kartaning aholi uchun qulayligi yana shundan iboratki, u terminal va bankomat tanlamaydi. Kartani «Agrobank» tomonidan o‘rnatilgan barcha terminal va bankomatlarda ishlatish mumkin. Internet orqali buyurtma berish va mahsulotlar sotib olish uchun kobeydjing kartasi qulay bo‘ladi. U aholining konvertatsiyaga sarflaydigan vaqtini hamda mablag‘ini tejaydi.

Kobeydjing karta orqali bir vaqtning o‘zida ikkita to‘lov tizimining afzalliklaridan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lib, O‘zbekiston hududi hamda Visa kartasi qabul qilinadigan dunyoning 200 mamlakatlarida tovar va xizmatlar uchun xorijiy valyutadagi to‘lovlarni avtomatik konvertatsiya orqali amalga oshirish mumkin.

Uchrashuv doirasida ishtirokchilar mazkur karta mijozlarini rag‘batlantirish maqsadida sovg‘alar aksiyasini tashkil etishni reja qildilar.

Reklama huquqlari asosida.