2 aprel kuni Milliy Olimpiya Qo‘mitasida AIBA prezidenti Umar Kremlyov va O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov bilan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Olamsport.com nashri xabar berdi.

«Bir xushxabarni aytmoqchiman, jamoamiz reyting bo‘yicha Tokio Olimpiadasi uchun yana 4 ta yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasida -75 kg vaznda Fanat Qahramonov, -81 kg vaznda Dilshod Ro‘zmetov, shuningdek, o‘z vazn toifalarida yuqori pog‘onada turgan yana 2 nafar qizimiz Tokio Olimpiadasida ishtirok etishadi», — dedi Polatov.

Olamsport.com nashriga ko‘ra, Shahnoza Yunusova (-69 kg) hamda Rayxona Qodirova (-60 kg) reyting orqali Olimpiadaga yo‘llanma olgan.

Shunday qilib, umumiy hisobda O‘zbekistondan 11 nafar bokschi (8 nafar erkak, 3 nafar ayol) Tokio Olimpiadasiga boradigan bo‘ldi.