Prezident Shavkat Mirziyoyev shanba kuni Toshkentdagi halqa temir yo‘li qurilishi loyihasi bilan tanishdi, deb xabar qildi «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturi.

Toshkent avtomobil halqa yo‘li bo‘ylab elektropoyezd harakatining yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘risida ilk bor Shavkat Mirziyoyevning noyabr oyida poytaxt saylovchilari bilan o‘tkazilgan saylovoldi uchrashuvida ma’lum qilingan edi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasining bosh muhandisi Husniddin Hosilov «Axborot» dasturiga bergan intervyusida xabar qilishicha, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan loyihadan ko‘zlangan maqsad — yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish, avtomobil yo‘llaridagi tirbandlikni kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilashdan iborat.

«Halqa"ning umumiy uzunligi 71,2 km (ikki yo‘nalishda yo‘l uzunligi 140 km dan oshadi) bo‘lib, liniyada 26 ta bekat quriladi. Birinchi bosqichda temir yo‘lda 10 ta — har bir yo‘nalishda 5 tadan tarkib harakatlanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ular butun yo‘lni taxminan bir soatda bosib o‘tadi.

Loyiha qiymati 265 mln dollarni tashkil etib, jumladan davlat byudjetidan 185 mln dollar, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondidan 80 mln dollar mablag‘ ajratiladi. Xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi ehtimoli ham mavjud.

Husniddin Hosilovning ta’kidlashicha, temir yo‘l tarmog‘i avtobus yo‘nalishlari, metropoliten stansiyalari va boshqa transport turlari bilan qulay holda bog‘lanadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, loyihani ishlab chiqishda qator xorij davlatlari tajribalari hisobga olingan.

Video