O‘zbekiston Prezidenti v. b., bosh vazir Shavkat Mirziyoyev shanba kuni Navoiy va Buxoro viloyatlariga tashrif buyurdi, deya xabar qildi «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturi.

Navoiy viloyatida u «Navoiyazot» AJda amalga oshirilgan yirik loyihalar, jumladan, polivinilxlorid, kaustik soda va metanol, shuningdek, ammiak va karbamid ishlab chiqaruvchi majmua qurilishi bilan tanishdi.

«Navoiyazot"ning yana bir muhim loyihasi — zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni tadbiq etgan holda yiliga 500 ming tonna azot kislotasini ishlab chiqarishni tashkil etish hisoblanadi. Ob’ekt ishga tushirilganidan so‘ng bu yerda 50 yillar muqaddam foydalanishga topshirilib, ma’naviy va jismoniy jihatdan eskirgan quvvatlar buzib tashlanadi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Navoiy shahridagi obodonlashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar bilan tanishdi. Viloyat hamda shahar rahbariyati ishtirokida Navoiy asosiy rejasining amalga oshirilishi, xo‘jalik chiqindilarini utilizatsiya qilish, arzon turar joylar qurilishi masalalari muhokama qilindi.

Prezident v. b. viloyatga safari chog‘ida paxta dalalarini ko‘zdan kechirib, Karmana tumani fermerlari bilan suhbatlashdi.

Navoiy viloyati faollari bilan uchrashuvda hududning eksport salohiyatini oshirish, paxta va kuzgi hosilni yig‘ib olishni samarali tashkil etish, ijtimoiy ob’ektlar va turar joylarni sovuq mavsumga tayyorlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jamg‘arish kabi masalalar muhokama qilindi.

Xuddi shu kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatidagi Qandim gazni qayta ishlash zavodi qurilishi bilan ham tanishdi. Qiymati 2,6 mlrd dollar bo‘lgan loyiha Rossiyaning «LUKOYL» neft kompaniyasi bilan Koreyaning Hyundai Engineering va Singapurning ENTER Engineering kompaniyalarini jalb etgan holda amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha ishga tushganidan so‘ng yiliga 8 milliard kub metrdan ziyod tabiiy gaz qayta ishlanib, talab qilingan tovar gazi olinadi.

Zavodning birinchi navbati 2018 yili ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Qandim GQIZ qurilishida birinchi g‘ishtni qo‘yishga bag‘ishlangan marosim aprelda bo‘lib o‘tgan edi. Oradan besh oy o‘tganidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev ob’ektda «LUKOYL» prezidenti Vagit Alekperov bilan yana bir marotaba uchrashdi. Tomonlar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli yo‘nalishlarni muhokama qildi.

Video