Ezgu niyatlar taomi
Qishloqda pishirilgan sumalak haqida Xolida Musulmon fotohikoyasi
Sumalak — o'ziga xos marosimlari bor, pishirilishi oson bo'lmagan taom. Shu bois qishloqlarda uni bir necha oila bir bo'lib tayyorladi. Va farzandlari o'qishga kirishi, uyida gaz, yurtda esa tinchlik bo'lishini niyat qilib, qozon kavlaydi. Xolida Musulmon navbatdagi fotohikoyasi — qishloqda tayyorlangan sumalak haqida.
Sumalak — o'ziga xos marosimlari bor, pishirilishi oson bo'lmagan taom. Shu bois qishloqlarda uni bir necha oila bir bo'lib tayyorladi. Va farzandlari o'qishga kirishi, uyida gaz, yurtda esa tinchlik bo'lishini niyat qilib, qozon kavlaydi. Xolida Musulmon navbatdagi fotohikoyasi — qishloqda tayyorlangan sumalak haqida.
"Mening qo'lim emas, momolarimning qo'li" — deya pichirlaydi Marhabo Jumaboyeva sap-sariq bug'doy donalarini dasturxonga socharkan. Bu bilan u sumalak tayyorlash sir-asrorlarini o'rgatgan buvilarini yodga oladi.

Atrofda xotin-xalaj. Bari — qo'shnilar. Ular bu hafta Navro'z timsolini tayyorlashda Marhabo opaga yordam beradi. Xarajatlar avvaldan taqsimlab olingan: bir ayol bug'doyni olib kelgan, boshqasi — yog', uchinchisi — un.

Odatga ko'ra, sumalakni bir necha xonadon birgalikda pishiradi. Bu taom odamlarni uyushtiradi — chunki uni tayyorlash yaxshigina mashaqqat. Bunda har kimning o'z vazifasi bor. Keksalar sumalak qanday pishirilishini erinmay o'rgatadi. Erkaklar suv tashib, o'tin yoradi. Qiziquvchan bolalarga ham har xil mayda-chuyda yumushlar topiladi. Qolgan zahmat — ayollar zimmasida.
Sumalakning fursati kelgani haqida nafaqat taqvim, balki tabiatning o'zi ham xabar beradi. Masalan, G'allaorolning tog'oldi hududlarida joylashgan Chuvilloq qishlog'ida muzdek shamol esayotganiga qaramay, quyoshning bahoriy taftini his qila boshlaganing ondan — boshqacha aytganda, ustingdagi kamzulni yechib qo'yish mumkin bo'lganidan boshlab — sumalak tayyorlashga kirishish mumkin. Ba'zida bahor nisbatan erta, fevraldayoq eshik qoqib qoladi — qishloq ahli tabiatning bu chorloviga bo'ysunmay iloji yo'q, chunki sumalak jaziramani yoqtirmaydi.
реклама
реклама
Ish sumalakning asosi bo'lgan bug'doyni tozalashdan boshlanadi. Sumalak mazali bo'lishi uchun bug'doyning navi ahamiyatsiz, muhimi — singan, burdalangan don-dun, ular orasidagi toshlar terib, olib tashlanishi kerak. Siniq don unmaydi, chirib, sumalak ta'miga yomon ta'sir qilishi mumkin.
Tozalangan bug'doy suvda bir yarim kun ivitilib, so'ng xaltalarga solinadi. Kurtak otguncha suv sepib, xalta o'ngdan chapga ag'darib turiladi. Odatda ikki kunda nish uradigan bug'doy xontaxta ustiga o'rtacha qalinlikda yoyib chiqiladi. Sepilgan ortiqcha suv oqib ketishi uchun xontaxta ustiga oldindan plyonka ham yoziladi — bug'doyning qalin va sifatli ildiz olishining siri ham shunda.
Bug'doy iliq xonada, kuniga uch mahal — doim bir vaqtlarda — suv sepib o'stiriladi. Marhabo opa "Bismilloh!" deya ishga kirisharkan, yana: "Mening qo'lim emas, momolarimning qo'li!", deganicha bug'doyga iliq suv sepadi. Bug'doyning qurib qolmasligi va ortiqcha o'sib ketmasligiga e'tibor berish lozim. Yo'qsa taom taxir bo'lib qoladi.
Yetarlicha o'sgan bug'doy go'shtqiymalagichda maydalanib, yanchiladi. Ezilgan bug'doy bir necha marotaba yuvilgach, shirali suvni ajratib olish bosqichi boshlanadi.
Tayyorgarlik bosqichlari ortda qolgach, ayollar o'choqqa o't yoqib, qozonga obdon yog' surkab chiqadi. Qozonga dastlab, sumalakni pishirish vaqtida u tagiga olmasligi uchun, sharaqlatib toshlar tashlanadi. Tosh yig'ishdek mas'uliyatli ishni bolalar bajaradi. Hech bir "sehrli" vazifasi bo'lmasa-da, toshni qozonga ixlos va yaxshi niyat bilan solishning gashti o'zgacha, bolalar esa ularning mo''jizaviyligiga ishonadi.

Nuroniylarning duoi fotihalari bilan qozonga masalliqlar — avvaliga yog', so'ng undirilgan bug'doyning shirasi va un solinadi. Sumalak qaynayvergach, asta-sekin quyuqlashadi. Sarg'ish tusga kirib, tanga tashlagach (sumalakning pufakcha hosil qilib, biqir-biqir qaynashi shunday deyiladi — tahr.), yana to'rt chelak bug'doy shirasi qo'shiladi. Shirali suv taxminan to'qqiz marta — har biqirlab, qaynab chiqqanida qo'shilaveradi.
Sumalak yarim tungacha qaynatiladi. Bu vaqt davomida keksalar bolalarga ko'z-quloq bo'lib turadi. Bolalarning onalari esa o'choq boshida qishloq yangiliklari, latifalar, xotiralar bilan bo'lishadi. Ilgari bunday bazmlar ashulayu laparlarsiz o'tmagan. Ammo ularni biladigan momolarning ko'pi dunyodan o'tib ketdi — hozir mahalla yoshlari ovozini baland qilib zamonaviy musiqa qo'yadi.
Navro'z taomi haqida xalq orasida og'izdan-og'izga ko'chib yuruvchi bir talay rivoyatlar bor. Emishki, odamlar sumalakni undirilgan bug'doyning foydasi va to'yimliligi ma'lum bo'lishidan ancha avval pishira boshlagan ekan.

Rivoyatlardan biriga ko'ra, sumalakni birinchi bo'lib Muhammad alayhissalomning qizlari Bibi Fotimai Zahro pishirgan ekan. "Burungi zamonda onalar och qolgan farzandlariga hatto non ham topib bera olmagan vaqtlar bo'lgan ekan. Shunda endi nish urgan yosh maysalardan terib kelgan Fotima momomiz unga suv qo'shib qozonga solibdi. Ochligidan xarxasha qilayotgan egizak o'g'illari ovqat tayyorlayotganiga ishontirish uchun qozonga tosh tashlab, uni tinimsiz aralashtiraveribdi. Farzandlari yig'layverib uxlab qolibdi. Tinimsiz qozon kavlashdan charchagan momomizning o'zlari ham uyquga ketibdilar. Niyatlari shunchalik ezgu bo'lgan ekanki, o'sha tunda osmondan yetti farishta tushib, tongga qadar to'yimli taom tayyorlabdi. Ona va bolalar uyg'onib qarashsa, qozon to'la shirin va totli yegulik — shu tariqa ular ochlikdan qutilib qolgan ekan", — deya hikoya qiladi Marhabo opa.
реклама
реклама
Boshqa bir afsonaga ko'ra, "sumalak" so'zi fors tilidan 30 farishta deb tarjima qilinadi. Rivoyat qilishlaricha, sumalak tayyorlanayotgan xonadonga farishtalar tushib, har biri qozonga odamlar uchun sog'liq, boylik, farzand ne'mati kabi biror naf qo'shib ketarkan. Har xil yomon xayollardan yiroqlashib, sof qalb bilan, chin ko'ngildan, ixlos bilan doshqozon ustida qilingan ezgu niyatlar albatta ro'yobga chiqishiga odamlar ishonadi.
Xususan, chuvilloqliklar ham mo''jizaga ishonadi. Ezgu niyatlar bilan sumalakni kavlarkan, ular Yaratgandan bolalarining doim to'q bo'lishini, universitetlarga grant asosida o'qishga kirishini, qishloqqa gaz kelishini, yurtda tinchlik-totuvlik bo'lishini, mashina ololmayotganlar, Amerikaga ketolmayotganlar, o'g'il farzandli bo'lishni xohlayotganlar ham o'z niyatlariga yetishini so'raydi.
Fotosuratlar muallifi: Xolida Musulmon / "Gazeta.uz"

Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting