Foto: Timur Karpov
Toshkent "skver"iga marsiya
Guvohlar ko'rsatmasi
Foto: Timur Karpov
Toshkent "skver"iga marsiya.
Guvohlar ko'rsatmasi
Roppa-rosa 14 yil avval Toshkentning Amir Temur xiyobonida daraxtlarni kesish boshlangan edi. Poytaxtning asosiy ramzlaridan birining yo'qotilishi yilning eng yodda qolarli voqeasiga aylangan edi. "Gazeta.uz" guvohlar bilan "skver qirg'ini" haqida gaplashdi va rasmiylar buni qanday izohlaganiga doir OAVdagi chiqishlar arxivini o'rgandi.
Roppa-rosa 14 yil avval Toshkentning Amir Temur xiyobonida daraxtlarni kesish boshlangan edi. Poytaxtning asosiy ramzlaridan birining yo'qotilishi yilning eng yodda qolarli voqeasiga aylangan edi. "Gazeta.uz" guvohlar bilan "skver qirg'ini" haqida gaplashdi va rasmiylar buni qanday izohlaganiga doir OAVdagi chiqishlar arxivini o'rgandi.
O'zining 100 yildan ziyodroq tarixi davomida Toshkent markaziy xiyoboni ko'plab marta nomini va haykallarini o'zgartirgan. 2009-yilga kelib faqat daraxtlar o'zgarishsiz qolayotgan edi. Ularni-da narigi dunyoga jo'natish uchun odamlarga 10 kun kifoya qildi.

2009-yilning 12-noyabridan 20-noyabriga qadar O'zbekiston poytaxti markazida kechgan ayovsiz jang oqibatida shahar o'zining eng asosiy ramzlaridan biridan mahrum bo'ldi. Ushbu voqeaga 14 yil to'lishi munosabati bilan "Gazeta.uz" muxbirlari Jahongir Azimov va Viktoriya Abdurahimova poytaxt jurnalistlari va faollaridan voqealar qanday rivojlanganini so'radi.
Toshkentdagi xiyobon, 1948-yil.
Manba: Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi
Hammasi qanday sodir bo'lgandi?
Ekojurnalist Nataliya Shulepina o'z saytida "yurakdagi jarrohlik"ning solnomasini yozib borgan. U 17-noyabr kuni daraxtlarni kesish ishlari 12-noyabrdan boshlanganini yozgan. Ekofaol va "Chimyon o'rmonini qayta tiklash" loyihasi asoschisi Pyotr Stalbovskiyning xotirlashicha, u o'sha kuni tasodifan Sayilgoh ko'chasi bo'ylab ketayotgan edi. Amir Temur xiyobonidan esa benzin-arralarning bo'kirishi eshitilardi. "Toshkent oqshomi" gazetasi bo'layotgan hodisani "obodonlashtirish ishlari" deb ta'riflagan.

Daraxtlarning ommaviy kesilishi haqida jamoatchilik oldindan ogohlantirilmagan. Jurnalistlar Yevgeniy Sklyarevskiy, Nataliya Shulepina, Timur Karpov, Tamara Sanayeva, faol Pyotr Stalbovskiy va "Gazeta.uz" muxbirlari suhbatlashgan boshqa guvohlar daraxtlar kesilayotgani haqida yo tanishlari, yoki bo'lmasa obunachilari orqali xabar topgan. Suhbatdoshlarimizning birortasi butun bog' tag-tugi bilan kesib tashlanayotgan bo'lishi mumkinligini tasavvur ham qilib ko'rmagan.

"Gazeta.uz" bosh muharriri Azamat Atajanov bu haqda xiyobon yonidan o'tib ketayotib xabar topgan.
"Butun xiyobonni kesib tashlashlarini tasavvur qilish ham mumkin emasdi, — deya xotirlaydi Azamat Atajanov. — Shunday fikrning o'ziyoq johillikdek edi. U yerdagi ishchilar hech narsani bilmasliklarini aytib, har doimgidek javob bergan. Daraxtlarni xuddi ortiqcha shox-shabbadan tozalayotgandek kesib tashlashgandi, shuning uchun barcha daraxtlarni kesib tashlashayotganini anglash qiyin bo'lgan".
"Men bir-ikkita daraxtni kesishsa kerak, deb o'ylaganman. Hammasini kesib tashlashlarni birov xayoliga ham keltirmagan. Dahshatli qirg'in yuz bergan, deb aytish mumkin", — deya xotirlaydi "Toshkent haqidagi xatlar" almanaxi muallifi Yevgeniy Sklyarevskiy.

Timur Karpov 2009-yili fotojurnalist bo'lib ishlardi. U daraxtlar kesilayotganidan o'zi o'sha vaqtda ishlayotgan tahririyat so'rovidan so'ng xabar topgan.

"Men bunga ishonmaganman. Albatta, darhol o'sha yerga yugurib borganman va o'sha daraxtlar genotsidiga guvoh bo'lganman", — deydi u.
Foto: Timur Karpov
Timurning so'zlariga ko'ra, xiyobonni chekkalaridan boshlab kesishga kirishishgan. Daraxtlar bilan birga bir vaqtlar Toshkent o'qituvchilar seminariyasi huzuridagi pravoslavlarning 1898-yilda qurilgan Avliyo Aleksandr Nevskiy cherkovi faoliyat borgan bino va "Poytaxt" mehmonxonasi ham buzilgan. Bu haqda tarixchi Boris Golender o'zining alohida videoessesida hikoya qilib bergan. Xuddi shu vaqtda Toshkent davlat yuridik universiteti oldidagi qatnov qismi kengaytirilgan. Hozir bu yo'lning bir harakatlanish bo'lagi avtoturargohga aylantirilgan.
Nataliya Shulepinaning yozishicha, kesiladigan daraxtlar sariq tasma bilan belgilab chiqilgan. Ulkan chinorlarni asta-sekin bo'laklarga ajratib, traktor tirkamalariga ortishgan va olib ketishgan. Timur Karpov daraxtlarni qayerga olib ketishayotganini kuzatishga uringan, ammo yakuniy manzilni topolmagan. O'sha kundan beri qudratli chinorlar qayerga olib ketilgani yoki nimaga ishlatilganini hech kim bilmaydi. Nataliya Shulepinaning ta'kidlashicha, xiyobonda 400 ga yaqin daraxt kesilgan.
"Bu kunlarda xiyobon boʻylab yurish bu xuddi qabristonda yurish bilan barobar. Endi daraxtlarni boʻlaklab, transportga ortib, ildizlarini qoʻporib olishayotgan edi", — deb yozgan ekojurnalist oʻz solnomasida.
Foto: Timur Karpov
Suhbatdoshlarimiz daraxtlarning kesilishidan ham ko'ra kesilgan joyi qizg'ish bo'lib chiqqan daraxt tanalarini ko'proq esladi.

"Bu juda ayanchli manzara edi. Atrofda tanasining qizil o'zaklari bilan oq jasadlar yotar, ulardan tom ma'noda qon oqardi. Xuddiki biror jonivorni, qandaydir kitni o'ldirishayotgandek edi", — deb eslaydi Timur Karpov.

"Ko'pchilik rostdan ham: „Daraxtlardan qon oqyapti", degandi", — deydi Yevgeniy Sklyarevskiy.
реклама
реклама
"O'sha vaqtda „Gazeta.uz" sayti ochilganiga endi bir yildan sal oshgandi, — deya hikoya qiladi Azamat Atajanov. — Biz ba'zi narsalarni darhol, rasmiy javob kutmasdanoq yoritish zarur ekanini vaqt o'tgach tushunib yetamiz (Farg'ona yo'li ko'chasidagi yo'l o'tkazgich buzilishi bilan ham shunday bo'lgandi. Ishchilar ko'prik buzilayotganini aytgan, ammo hokimlik buni rad etib, rasmiy so'rov berishni so'ragan. „Gazeta.uz" javobni olguncha ko'prik buzib tashlangan). [Xiyobonga to'xtaladigan bo'lsak], hokimlik bilan telefon suhbatida daraxtlarni kesishga hech kimning haddi sig'masligi, axir — men buni aniq eslayman — xiyobondagi va Matbuotchilar ko'chasidagi, jumladan, o'sha vaqtda buzib tashlangan Avliyo Aleksandr Nevskiy cherkovi oldidagi ko'plab daraxtlar oldiga ular davlat tomonidan qo'riqlanishi haqidagi lavhachalar qo'yilgan-ku, degan gap aytilgandi. Men soddalik qilib shu gapga ishonganman. Hokimlikka rasmiy so'rov berib, javobni kuta boshlaganman".
Azamat Atajanovning eslashicha, daraxtlarning kesilishini yozmaslik haqida ko'rsatma yo iltimoslar bo'lmagan. Daraxtlar kesilishini yoritishning oqibatidan qo'rquv ham bo'lmagan. Qanday harakat qilish kerakligi tushunariz bo'lgan, xolos.
"U vaqtlarda daraxtlarni butun Toshkent bo'ylab kesishayotgan edi. Pushkin (hozirgi Mustaqillik) ko'chasida ham. Boshqa ko'chalarda ham. Odamlar bundan g'azablanmasdi ham. Kesishyaptimi, demak shunday bo'lishi kerakdek edi".
Kesishning ikkinchi kuni Pyotr Stalbovskiy rasmiyroq uslubda kiyinib xiyobonga kelgan. U o'zi bilan zanjir ham olib kelgan. Ortiqcha shovqin-suronsiz o'zini daraxtlardan biriga bog'lagan. Pyotrning so'zlariga ko'ra, u kamida ikki soat daraxtga bog'liqlik turgan.

"Birinchi yarim soat ichida IIVning oddiy patruli kelgan, ammo men ular bilan muloqotga kirishmaslikka uringanman. Ular ham hech narsani o'zgartira yoki aniqlay olmasliklarini tushunib yetishgan. Keyingi yarim soatlarda esa ofitser kelgan. U ataylab kelganini, hech qanday tahdidi yo'qligi, meni aqli raso deb hisoblashini, bor-yo'g'i maqsadimni va ahvolimni bilgani kelganini aytgan".
Pyotr daraxtlarni kesish jarayoni ma'lum bir qonuniyat asosida olib borilayotganini payqagan. Uning fikricha, aholining munosabatini paypaslab ko'rish uchun xiyobonni asta-sekin, bosqichma-bosqich chopishgan.

"Kesilgan daraxt bo'laklari yerda yotardi. Adashmasam, kesish oxirigacha ham xiyobonga bemalol kirish mumkin edi. Chet ellik bir sayyoh ayol bor edi. Umuman, hammasi odamlar ko'rishi va ularning munosabatini ko'rish uchun qilingandi", — deydi u.
Faolning so'zlariga ko'ra, u daraxtga bog'liq holda turgan butun vaqt davomida uning oldiga obodonlashtirish xizmatining bir xodimi kelgan.

"U qalban menga hamdardlik bildirgandek, menga: „Seni tushunaman, barakalla senga", demoqchi bo'lgandek yonimga kelib turgan", — deydi Stalbovskiy. — Ayni vaqtda u o'z ishini, men esa o'z ishimni qilayotgandik. Brigadir xuddiki meni va daraxtni o'z holiga qo'yish belgisi sifatida hech kimni haydamagan. U yerda ish tiqilib yotgandi".
Foto: Timur Karpov
Pyotr tinchgina noroziligini bildirayotgan bir vaqtda Timur Karpov bo'layotgan hodisani suratga tushirar va obodonlashtirish xizmati xodimlari bilan suhbatlashardi:

"2009-yilda qo'lida fotoapparati bor odam terrorchiga teng bo'lganini unutmaslik kerak. Suhbatlashganim har bir xodim xiyobonning estetik jihatdan chiroyli emasligiga meni ishontirmoqchi bo'lardi. „Xunuk-ku, hammasi chiroyli bo'ladi", derdi ularning bari", — deya eslaydi fotosuratchi.

Nataliya Shulepina o'z materiallarining birida shunday deb yozgandi: "Mening: "Bu yerda endi nima bo'ladi?", degan savolimga militsioner: "Park", deb javob berdi. "Bungacha nima edi o'zi?" — "Park". "Nima farqi bor?" — "Yangi park archali bo'ladi".

Timur suratga olishni boshlaganidan 40 daqiqa o'tib, uning oldiga formali odamlar kelib, kamerasini olib qo'yishga uringan. Ish mushtlashuvga aylanib ketishiga ham bir bahya qolgan. Oxir-oqibat uni IIBga olib ketishgan, ammo tezda qo'yib yuborishgan. U yerdan chiqib, Timur yana xiyobonga qaytib kelgan.

Pyotrni ham IIBga olib ketishgan. Faolning eslashicha, xiyobonda unnig oldiga podpolkovnik kelgan. U Pyotrga xushmuomalalik qilgan, hurmat bilan gaplashgan.

"U xushmuomalalik bilan so'rar, gap nimadaligini o'rganardi. Aslida mening aksiyam „men sizlarga hech nima demayman" degan ma'noda odamlarga kamsitishga qaratilmagan edi. Aksincha, men sizga hammasini tinchgina, odamiy tilda gapirib beraman. Men unga aytdim: „Niyatim, insoniylik nuqtai nazaridan, bu ishlarning bari to'xtatilsin". U insoniylik nuqtai nazaridan menga pichirlab, hammasini to'g'ri qilayotganimni aytmasligini tushunib turgandim. Lekin u menga xalal ham bermadi. Aftidan, u o'ziga berilgan buyruq — muammoni ehtiyotkorlik bilan hal etish — doirasida harakat qilayotgandi. Ular zanjirni shovqinsiz uzish yo'lini topishdi. Shunda ham podpolkovnik ko'p o'yladi, bir necha marta kelib ketdi, juda muloyim edi".

Pyotrning hikoya qilishicha, zanjirni uzishgach, IIB xodimlari uni namoyishchining qo'liga tutqazishgan va olijanoblik bilan undan bo'linmaga borishini so'rashgan.

"Qo'limni qayirishgani yo'q. Podpolkovnik juda o'ychan edi, u men nimaga bunday qilayotganimni tushunishni istardi. Go'yoki men avliyodek", — deydi u.

Yunusobod tuman IIBda faoldan aybiga iqrorligi haqida tilxat yozib berishni so'rashgan, ammo u hujjatlarga imzo chekishdan bosh tortgan. Bunga ko'ngan IIB xodimlari Pyotrning barmoq izlarini olib, so'ng qo'yib yuborishgan.
Nataliya Shulepinaning maqolalariga ko'ra, xiyobondagi daraxtlarni kesish ishlari 20-noyabrga qadar davom etgan. Jurnalistning xotirlashicha, 21-noyabr kuni faollar guruhi shamlar qo'yish marosimiga to'plangan. G'oya yoshlar ekotarmog'i faollaridan chiqqan.
"Biz ham hamkasblarimiz bilan bordik. Keyin bilsak, biz oldindamiz, ortimizda odamlar to'planyapti. Bu butun boshli fleshmob edi, butun boshli kolonna kelayotgandi. U vaqtlarda trotuar xiyobongacha olib borardi. Mashinalar nima bo'lyapti deb to'xtar, biz esa ularga: „Xiyobonning azasiga", derdik".

Shamlarni qo'yish boshlanganida kun qorong'ilashib qolgandi. "Mayorlar yetib kelishdi. Tabiiyki, kichikroq bir janjal ko'tarildi. Shamlarni bosib-yanchib tashlashdi. Men xiyobondagi motam marshi haqida uning issiq izi sovimay yozmaslikka qaror qildim. Fleshmoblar allaqachon taqiqlangandi. Biz u yerdan oyog'imizni qo'lga olib ketdik. O'zim bilan fotoapparat olmagandim. Olib qo'yishadi deb qo'rqqandim. Lekin odamlar suratga tushirishayotgandi. Mayor "Amerika ovozi"da ishlaydigan yigitning fotoapparatini tortib olgan. Qo'lma-qo'l uzatib yuborib, qaytib berishmagan".

Rasmiylar izohi?
Oradan bir necha kun o'tib rasmiylar xalqqa qandaydir axborot berish kerakligini tushunib yetgan, deya eslaydi Azamat Atajanov. Daraxtlar kesilishi yuzasidan rasmiy nuqtai nazar 2009-yilning 16-noyabr kuni "Toshkent oqshomi" gazetasida e'lon qilingan.

Bu materialdan chiqarish mumkin bo'lgan eng asosiy xulosa — daraxtlar "shahar yanada chiroyli va obod bo'lishi" uchun, "estetik jihatdan bezatish" maqsadida kesilgan. Maqolada aytilishicha, 2009-yili tashkil etilgan maxsus komissiya xiyobondagi daraxtlar ahvolini o'rganib chiqqan va "yashil dastur" ishlab chiqqan. Maxsus komissiya tarkibida Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi, shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, sog'liqni saqlash va boshqa idoralarning vakillari bo'lgan.

"Komissiya xulosasiga ko'ra, bugungi kunda shahar aholisi va mehmonlarining chinakam hordiq maskanlariga aylangan boshqa ko'plab park va xiyobonlarda amalga oshirilgan daraxtlarni yangilash ishlarini davom ettirish maqsadga muvofiqdir. Hech shubha yo'qki, bugungi kunda obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan Amir Temur xiyoboni ham ko'z ochib yumguncha xuddi shunday yashil makonga aylanadi", — deyiladi maqolada.
Daraxtlarni kesishga sabab sifatida esa "o'simliklarning zich to'planib" ko'rsatilgan:

"Turli daraxtlar o'sadigan mazkur yashil hudud uncha katta bo'lmagan maydonni egallaydi va unda biror marta bo'lgan kishi bu yerda o'simliklar zich o'sib ketganiga e'tibor qaratgan bo'lsa ajab emas. Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mutaxassislarining qayd etishicha, bu yerdagi ko'plab daraxtlar o'zibo'larcha, ya'ni urug'dan o'sib ketgan va bir vaqtlar tartib bilan ekilgan daraxtlar orasida mana shunday "tiqilinch"ni keltirib chiqargan".

"Xususan, Amir Temur xiyobonida o'sib turgan aylant, shumtol va boshqa alohida turdagi o'simliklar o'z holicha o'sib chiqqan bo'lib, bizning iqlim sharoitlarimizga mos chidamlilik xususiyatiga ega emas".
Toshkentdagi xiyobon oldidan oʻtgan koʻcha, 1932-yil.
Manba: Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi
Qo'ng'izlar mutatsiyasi
Toshkent shahar tabiyotni muhofaza qilish qo'mitasi 2010-yil may oyi o'rtalariga kelib bayonot berdi. Quyida uni to'liq keltiramiz.

"Shahar chigirtkalar bosqiniga uchragan o'tgan yilning kuzini hamma yaxshi eslasa kerak. O'shanda Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo'mitasi xodimlari Sog'liqni saqlash vazirligi vakillari bilan birgalikda poytaxt aholisi orasida chigirtkaning inson salomatligiga ziyoni yo'qligi va u turli xil kasalliklar manbai emasligi haqida aholi orasida tushuntirishlar bergan edi.

Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo'mitasi poytaxt hokimligi ham bilan ham hamkorlik qiladi. Hokimlikning faol ishtirokida Toshkentni qayta qurish va rivojlantirish bo'yicha Bosh reja ishlab chiqilgan va qabul qilingan bo'lib, hozirda bu reja faol tatbiq etilmoqda.

Hozirgi vaqtda maxsus ishlab chiqilgan "Yashil dastur" asosida nafaqat shaharning, balki har bir ko'cha, maydon arxitekturasining o'ziga xosliklariga alohida e'tibor qaratilmoqda, hududlarning an'analari va ularning joylashuvi inobatga olinmoqda, — deydi Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo'mitasi raisi o'rinbosari. — Poytaxtni gullab-yashnagan shaharga aylantirish bo'yicha alohida dastur ishlab chiqilgan. Bu yo'nalishda yashil ko'chatlarni yetishtirish va o'tqazish bo'yicha yangi uslublar, texnologiyalar qo'llanila boshladi.

Dasturni ishlab chiqishda daraxtlarning o'ziga xosliklari, xususan, ekilganiga 50 yildan oshgani va ularning aholi va turli inshootlarga ko'rsatayotgan xavfi inobatga olingan. Bunday xavfning prognoz qilinishiga yumshoq tana daraxtlarni zararlovchi po'stloqxo'r qo'ng'izlarning mutatsiyaga uchrashi sabab bo'ldi — endi ular chinor kabi qattiq tana daraxtlarda ham zararkunandalik qilmoqda.

Bu jarayon birdan yuz bergani yo'q, ko'p yillardan beri kuzatilmoqda. Joriy yil bahori ushbu xavotir asosli ekanini ko'rsatdi. Kuchli shamol bilan birga kechgan jala yomg'irlari oqibatida turar joy uylari yonidagi ko'plab daraxtlarni qulatdi va baxtli tasodif tufayligina aholi jabr ko'rmadi.

"2009 va 2010-yilning yomg'irli bahorlari Toshkent daraxtlariga sezilarli zarar yetkazgan zararkunanda hasharotlarning intensiv ko'payishiga zamin yaratdi, — deydi Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo'mitasining Hayvonot va o'simlik dunyosini muhofaza qilish bo'limi boshlig'i. — Toshkentni qayta qurish va obodonlashtirish bo'yicha tegishli qarorlarda bizning tavsiyalarimizga asosan eman, zarang va kashtan kabi daraxt turlarini ekish zarur ekani alohida ko'rsatib o'tilgan.

Shu bois Toshkent shahrini qayta qurish va rivojlantirish bo'yicha Bosh rejaga "yangi yashil iqlim zonalarini tashkil etish"ga doir band kiritilgan. Bu eski va kasal daraxtlarni aniqlangan joyida kesib, o'rniga aholi daraxtlar soyasi va favvoralar salqinida hordiq chiqarishi mumkin bo'lgan yashil park zonalarini tashkil etishni nazarda tutadi.

Joriy yilda Toshken shahar hokimligining Obodonlashtirish boshqarmasi Toshkent shahrini qayta qurish va rivojlantirish rejasiga asosan eski daraxtlarni kesish va yangi park zonalarini tashkil etish ishlarini bir maromda olib bormoqda. Ayni vaqtda daraxt va o'simliklarning zararkunandalar, ayniqsa, po'stloqxo'r qo'ng'izlarning tishi o'tmaydigan turlari ekilmoqda.

реклама
реклама
"Skver"ning qisqacha tarixi
Ko'pchilik hali ham kesib tashlangan daraxtlar ming yillik bo'lgan, deb o'ylaydi. Tarixchi Boris Golender va jurnalist Yevgeniy Sklyarevskiy bu kabi farazlarni rad etadi. Tarixchi o'z videoessesida xiyobon 1865-yildan boshlab bunyod etilgani haqida hikoya qiladi. Turkiston o'lkasining ikkinchi general-gubernatori Mixail Chernyayev (1882-yildan 1884-yilgacha rahbarlik qilgan) esa maydon betartib ekanini payqab, harbiy muhandis Mixail Ulyanovga xiyobon chizmasini tayyorlashni buyurgan. Uning chizmasi asosida yo'llar tarmog'i paydo bo'lgan va ular bo'ylab daraxtlar ekib chiqilgan. Golenderning ta'kidlashicha, bu voqea 1882-yilda yuz bergan.

"Gazeta.uz" muxbiri tanishib chiqqan arxiv fotosuratlarida park hududidagi daraxtlar birdan emas, balki birin-ketin paydo bo'lgani seziladi. Yevgeniy Sklyarevskiyning fikricha, kesilgan chinorlar yoshi 40 dan 60 gacha bo'lgan bo'lishi mumkin.
Bu daraxtlar ko'p yillik davomida odamlarni Toshkent jaziramasidan asragan, odamlarni o'ziga ohanrabodan tortuvchi bir markaz edi. Arxiv suratlari sovet davrida bu yerda restoranlar bo'lgani, kitoblar bilan savdo qilingani haqida ma'lumot beradi. Bu sovet O'zbekistoni yozuvchilari va shaxmatchilarining sevimli maskani bo'lgan.

"Kuniga kamida 30 tacha shaxmat taxtasi chiqardi, — deydi 50 yildan beri xiyobonda shaxmat o'ynab keladigan shaxmatchi Husan amaki. — Chinorlar yo'q qilingach, shaxmatchilar ham yo'q bo'ldi. Hammayoq cho'lu biyobonga aylandi".

"Bu o'ziga xos chinorlar o'rmoni odamlar uchun bir tuhfa edi", — deydi Pyotr Stalbovskiy.

"Toshkent oqshomi"dagi maqolada xiyobondagi daraxtlarga shunday ta'rif berilgandi:

"Ular nafaqat shahar qiyofasiga putur yetkazyapti, balki sanitariya va karantin talablariga ham javob bermaydi. Bularning bari ekologiyaga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda, aholi salomatligida zararli iz qoldirmoqda".
Fitna nazariyalari
Daraxtlarning kesilishiga doir haqiqatga zid izohlar aholi orasida hamon yashab kelayotgan turli nazariyalar tarqalishiga sabab bo'lgan.

"Menga brigadirmiyey yo qandaydir boshqarmaning boshlig'i uchta kichkina kasal daraxtni ko'rib qolib, shularni kesib tashlashni buyurganini, ertalab kelib qarasaki, butun xiyobon chopib tashlanganini aytib berishgandi", — deydi shaxmatchi Husan amaki. Uning aytishicha, Qozog'istonga qochib ketgan bittasidan boshqa hamma aybdorlarni qamashganmish.
Eng keng tarqalgan mish-mishlardan biri — xiyobon o'sha vaqtda yangi qurilgan Xalqaro forumlar saroyi ko'rinib turishi uchun yo'q qilingan. Hozir ham unda-bunda chinorlarni kesishga sabab bo'layotgan chalailmiy izoh ham bor: chinorlar aholida allergiya qo'zg'armish.

Timur Karpovning so'zlariga ko'ra, o'sha yillari boshqa bir chalailmiy faraz ham ommalashgan edi.

"Toshkentda yerosti suvlari juda pastlab ketgani, chinorlar tizimi esa bu pastlashuvni yanada kuchaytirishini ta'kidlashgandi. Xiyobonni kesib tashlab, ular go'yoki yerosti suvlari darajasini ko'tarmoqchi bo'lgan, deyishadi", — deydi u.
Foto: Timur Karpov
Toshkent shahar ekologiya boshqarmasining rasmiy bayonotiga ko'ra, daraxtlar kasallangan edi. "Toshkent oqshomi" daraxtlarni kesishga doir maqolasiga chirigan daraxt tanalarining to'rtta suratini ilova qilgandi. Ularga shunday tagso'z qo'yilgandi: "Amir Temur xiyobonidagi aksariyat daraxtlarning ahvoli shunday edi". Ammo surat olingan burchak unda ko'ringan daraxtlar haqiqatan ham "skver"da o'sganini so'zsiz tasdiqlay olmaydi.
Yana bir mashhur nazariya — chinorlar mebel tayyorlovchilarga berib yuborilgani haqida. Suhbatdoshlarning aksariyati bu nazariyani ishonarli, deb hisoblaydi.

"Bir kub chinor qancha turishini bilasizmi? 400 dollar! — deydi Timur. — Shu taxmin paydo bo'lishi bilan rasmiylar uni yo'qqa chiqarish uchun qo'lidan kelgan hamma narsani qildi, "Yo'q, bu befoyda daraxt, parketdan boshqa narsaga yaramaydi", degan gaplarni gapirishdi. Ammo men suhbatlashgan mebelsozlar "skver"dagi daraxtlar a'lo darajada bo'lganini aytgan. Daraxtning yoshi qancha katta bo'lsa, u shuncha qimmat, chunki zichligi shuncha yuqori bo'ladi", — deydi Timur.
Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi bu nazariyani quyidagicha izohlagan edi:

"Arzon sensatsiyaga o'ch OAVlarning eski daraxtlar noqonuniy kesilgani haqidagi har turli xabarlari haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Chinorlardan mebellar tayyorlanishi ham haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Pilomateriallar (arralangan yog'och materiallar)ni quritish, qayta ishlash shu qadar ko'p mablag' talab qiladiki, ularni chetdan import qilgan arzonroq. O'zini jurnalist atagan bu kimsalar biror narsa yozishdan avval suveren O'zbekistonning poytaxti — Toshkent shahrini qayta qurish va rivojlantirish bosh rejasi bilan tanishishlari kerak edi.

Mustaqillik yillari Toshkentda ko'plab yo'l o'tkazgichlar, bino va inshootlar, yangi ko'priklar qurildi, bir qator maydonlar obodonlashtirildi, yangi yashil istirohat hududlari tashkil etildi.
Bunday ishlar butun respublika bo'ylab olib borilmoqda. Toshkent o'zining yashil libosini ko'p jihatdan yangiladi. Va bu fakt ko'plab xorijiy OAVlar tomonidan tan olinmoqda. Bas shunday ekan, bir lahzalik arzon "sensatsiya"ga bahona izlaguncha O'zbekiston poytaxti, Toshkent yanada obod bo'layotganidan, yangi jozibador yashil qiyofa kasb etayotganidan quvongan yaxshi emasmi?!".
Haqiqatni aytish fursati keldimi?
Ma'shum fojiadan 14 yil o'tib, suhbatdoshlarimiz bir ovozdan o'zlari uchun qadrdon bir joy yo'qotilganini ta'kidlaydi.

"Yurakning bir parchasini shundoq uzib olgandek. Bu barcha toshkentliklarga qarshi jinoyat edi. Bu daraxtlar genotsidi edi", — deydi Timur Karpov. U 2009-yildan beri xiyobonga bormaslikka, uni aylanib o'tishga harakat qiladi.
— Nima uchun kesib tashlashganining nima farqi bor? Tamom, endi u bog'ni qaytara olmaysan baribir, — deydi Husan amaki.

— Nima deb o'ylaysiz, tarixdan qanday xulosalar chiqarish mumkin?

— Bizda xulosa chiqarishni bilishmaydi. Biz Amerikani quvib yetamiz deb Afrikadan ham ortda qolib ketdik. Bu yerda hech narsa shunchaki o'z-o'zidan hal qilinmaydi. Shaxsan men kimdir qandaydir xulosa chiqargan, deb o'ylamayman. Hammayoqda daraxtlarni kesishyapti. Negaligini hech kim bilmaydi. Demak, hech kim hech qanday xulosa qilmayapti.
Xiyobondagi kitob bozorida, 1955-yil.
Manba: Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi
Suhbatdoshlarning deyarli barchasi xiyobonning chopilishi butun mamlakat bo'ylab uzoq vaqt davomida daraxtlarni kesish uchun boshlang'ich nuqta vazifasini bajarib berganini qayd etdi.

"Hammayoqda chinorlarni kesish boshlandi, — deydi Yevgeniy Sklyarevskiy. — Hovlilarda, maktablarda chopishdi. Odamlar hech narsa qilolmadi. Nazariy jihatdan Ekoqo'mitaga shikoyat qilish mumkin edi, ammo bundan biror ish chiqmasdi".

Yevgeniy Semyonovich "mana shu rasvogarchiliklarning barchasi uchun" yuridik baho, munosabat olishdan umidvor, "chunki bu ishlar ekologik vandalizm harakatlari edi", deydi u.

"Hech yo'g'i aybdorlarning, buyurtma berganlarning ismlarini aytishsin, buni kim uyushtirganini hech bo'lmasa tarix bilsin", — deya qo'shimcha qiladi u.
реклама
реклама
Guvohlarning javoblari qanchalik tushkun bo'lmasin yoki ular bu ishdan hech kim hech qanday xulosa chiqarmaganini qanchalik ta'kidlamasin, toshkentliklar ongida o'zgarish yuz bergan. Ular daraxtlarga himoyachilar kerakligini tushunib yetgan. Daraxtlar o'zini o'zi himoya qilolmaydi. 2009-yili Toshkentning naq yuragidagi xiyobon chopilayotganini ko'rgan odamlar shok holatiga tushib qolgan.

"Bunday vaziyatlarda mutlaq nochorligingni his qilasan. Bu odamni tushkunlikka tushirib qo'yadi. Qandaydir mag'lubiyat, umidsizlik hissi bor edi. Boz ustiga, Andijon voqealarining xotirasi hali esdan chiqmagan edi", — deya Timur Karpov nega o'shanda jamoatchilik xiyobon himoyasi uchun turib bera olmaganini izohlaydi.

Pyotr Stalbovskiy esa ortga nazar tashlab, agar odamlar daraxtlar himoyasi uchun chiqsa, xiyobonni saqlab qolish mumkin edi, deb hisoblaydi.
Toshkentdagi xiyobon, 1959-yil.
Manba: Kinofotofono hujjatlar milliy arxivi
Hozir manzara biroz boshqacha. Yashil maydonlarni chopish hali ham davom etayotgan bo'lsa-da, ba'zi-ba'zida boy berilgan xiyobon xotirasi odamlarni birlashtira oladi. Timur Karpov "Moviy gumbazlar" xiyoboni uchun kechgan kurashni shunday misollardan biri sifatida ko'rsatadi.

"Men faqat bir narsani tushunolmayman: nega rasmiylar shunchaki bas qila qolmaydi? — deya savol qo'yadi Karpov. — Hammasi allaqachon tushunarli. Allaqachondan beri hamma gapiryapti. Chang bo'ronlarini ham ko'rib turibmiz. Prezident ham gapiryapti, hokimlarga ham namoyishkorona tanbeh berayapti. Daraxtlarni shunchaki tinch qo'ysa bo'ladimi? Bizda ular juda ham kam".
Amir Temur xiyoboni 2023-yil kuzida. Foto: Yevgeniy Sorochin
Materialni Jahongir Azimov va Viktoriya Abdurahimova tayyorladi.
Materialni Jahongir Azimov va Viktoriya Abdurahimova tayyorladi. Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting