Qizildan Mustaqillikkacha
O'zbekistonning bosh maydoni fototarixi
Qizildan Mustaqillikkacha. O'zbekistonning bosh maydoni fototarixi
Toshkentdagi Mustaqillik maydoni 1866-yildan buyon muhim qarorlar qabul qilinadigan markaz hisoblanadi. Turli davrlarda bu yerda turar joy mavzesi, cherkov bo'lgan, unda harbiy paradlar o'tkazilgan. Mustaqillikning 32 yilligi munosabati bilan "Gazeta.uz" mamlakatning bosh maydoni fototarixini tayyorladi.
Toshkentdagi Mustaqillik maydoni 1866-yildan buyon muhim qarorlar qabul qilinadigan markaz hisoblanadi. Turli davrlarda bu yerda turar joy mavzesi, cherkov bo'lgan, unda harbiy paradlar o'tkazilgan. Mustaqillikning 32 yilligi munosabati bilan "Gazeta.uz" mamlakatning bosh maydoni fototarixini tayyorladi.
Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan mustamlaka qilinguniga qadar, hozirgi Mustaqillik maydonining o'rni huvillagan bir joy edi. Ochiq manbalarda bu yerda Qo'qon xonining saroyi bo'lgan deyiladi, ammo tarixchi Boris Golender bu farazni rad etadi. Qo'qon xonining qarorgohi Qo'qonda bo'lgan. Toshkentda esa, Golender ma'lumotlariga ko'ra, Toshkent hokimining saroyi bo'lgan, lekin u ham hozirgi Mustaqillik maydonida emas, balki Olimpiya shon-shuhrati muzeyi va "Jasorat" monumenti o'rnida bo'lgan.
Turkiston general-gubernatori qarorgohining orqa hovlisidan ochiladigan manzara, 1871−1872-yillar.
Foto: Turkiston albomi, AQSh Kongressi kutubxonasi
Boris Golenderning so'zlariga ko'ra, maydon 1865-yildan to 1992-yilga qadar, ruscha "красивая" — "chiroyli" so'zidan olingani holda, Krasnaya (Qizil) maydoni deb atalgan. Ammo "Toshkent" ensiklopediyasida yozilishicha, hudud 1917-yilga qadar Sobor maydoni, 1917−1956-yillarda Qizil maydon, 1956-yildan 1992-yilga qadar esa Lenin nomli Qizil maydon deb atalgan.

Maydon hududi chor Rossiya Toshkentni egallagach o'zlashtirila boshlagan, deya hikoya qiladi Boris Golender. 1866-yili Turkistonning birinchi general-gubernatori Konstantin fon Kaufmanning kelishiga qarorgoh — bir qavatli uzun oq rangli va shu sababli "Oq uy" nomini olgan bino qurilgan. Unda sovet hokimiyati o'rnatilguniga qadar Turkistonni boshqargan boshqa 12 general-gubernator ham o'z oila a'zolari bilan birga yashagan.
"Oq uy" bilan birga maydon hududida boshqa xonadonlar ham paydo bo'la boshlagan. Ular yevropacha usulda uncha katta bo'lmagan hovlilar solishgan. XX asr boshlarida bu yerdagi mahalla "elita" hisoblangan, ammo 1966-yilgi zilzila uni butunlay vayron qilgan.
реклама
реклама
1870-yillar boshida "Oq uy" qarshisida Harbiy Spaso-Preobrajenskiy sobori qurila boshlagan. Cherkov anchagina joyni egallagan. Qurilish ishlari 1888-yilda yakunlangan. Cherkov yonida qo'ng'iroqli baland minora ham bo'lgan.

"Avvallari soborlar yo diniy idoraga, bo'lmasa harbiy idoraga tegishli bo'lgan. Farqi shundaki, harbiy idoraga qarashli cherkovlarda kapellanlar — diniy faoliyatni dunyoviy ishlar bilan birga olib boruvchi ruhoniylar xizmat qilgan", — deya tushuntiradi Boris Golender.
Spaso-Preobrajenskiy sobori.
Foto: Boris Golenderning shaxsiy arxividan
Tarixchining so'zlariga ko'ra, Spaso-Preobrajenskiy soborining to'rt tarafiga ko'zga ko'ringan harbiy qo'mondonlar, xususan, general-gubernatorlar dafn etilgan. Inshoot va general-gubernator qarorgohi atrofida Toshkentning eng birinchi Botanika bog'i sifatida talqin etiladigan Turkiston florasi bog'i barpo etilgan.

Sovet hukumati avvaliga ibodatxonani xuddi Olmaotaning bosh cherkovi kabi muzeyga aylantirish istagini bildirgan bo'lsa-da, ammo bu reja amalga oshmagan — Spaso-Preobrajenskiy sobori 1929-yili sovetlar tomonidan portlatib yuborilgan.

Boris Golender general-gubernatorlarning jasadlari eksgumatsiya qilinmagan, deb hisoblaydi.

"Ularning jasadlari tuproqdan olingani haqida hech qanday ma'lumot yo'q. Vaholanki, u yerda 29 kishining qabri bo'lgan. Birini 1918-yili Botkin qabristoniga ko'chirishgan. Zilziladan so'ng bu maydonni qanday qilib yer bilan bitta qilib yuborishganini men o'z ko'zim bilan ko'rganman", — deydi Golender.
O'zSSR Xalq komissarlari soveti binosi.
Foto: The Constructivist Project
Oktabr inqilobidan to 1930-yillarga qadar "Oq uy"dan muzey sifatida foydalanilgan. 1930-yil 17-avgustda O'zbekiston poytaxti Samarqanddan Toshkentga ko'chirilgach, "Oq uy" rekonstruksiya qilinib, uning negizida respublika hukumati — O'zbekiston SSR Xalq komissarlari soveti uchun bino qurilgan. Binoga kirishda o'zbek (lotin yozuvida) va rus tillarida lavhalar bo'lgan.

Boris Golender Qizil maydonda harbiy paradlar o'tkazish amaliyoti 1930-yillarda boshlangan deb hisoblaydi. Uning fikricha, bungacha bunday tadbirlarni o'tkazishga maydondagi cherkov xalal bergan. Chor Rossiyasi hukmronligi davrida paradlar hozirgi Amir Temur xiyoboni oldida joylashgan Bosh shtab binosi oldida o'tkazilgan.
реклама
реклама
1936-yil noyabrida Qizil maydonga Lenin sharafiga birinchi haykal o'rnatilgan. Pidjak kiygan kommunistlar dohiysi monumenti haykaltarosh Boris Korolyov tomonidan yasalgan. Oradan 20 yil o'tib, 1956-yilda maydon obodonlashtirilib, tribuna qurilgan, Leninning pidjaki esa paltoga almashtirilgan — yangi haykalni Matvey Manizer yasagan.
1965-yili maydonda O'zbekiston SSR Ministrlar Sovetining yangi — O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining hozirgi binsoini qurish boshlandi. Ministrlar Soveti va "Oq uy" zilziladan zarar ko'rmagan bo'lsa-da, falokatdan so'ng Qizil maydonni boshdan-oyoq rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan edi.

Ushbu ishlar davomida maydon hududi 3,5 barobarga kengaydi, Ministrlar Sovetining binosi oldida esa Toshkent ramzlaridan biriga aylangan ulkan va mashhur favvora paydo bo'ldi.

1975-yili Lenin haykali yana bir bor yangilandi. U hozir xalq orasida ko'proq "globus" nomi bilan mashhur Mustaqillik (Ozodlik) obidasi turgan postamentga joylashtirilgan edi.

O'sha yili Ikkinchi Jahon urushidagi G'alabaning 30 yilligi sharafiga "Noma'lum askar qabri" yodgorlik majmuasi barpo etiladi. Ansamblni rekonstruksiya qilishda ishtirok etgan arxitektorlar — S.Odilov, L.Adamov va boshqalar SSSR Davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.

1970-yillardan boshlab maydonda yiliga ikki marta — 7-noyabr kuni oktabr inqilobi tantanalari vaqti va 9-mayda G'alaba kuni munosabati bilan paradlar o'tkazilgan.
Mustaqillik e'lon qilingach, Lenin nomli Qizil maydon Mustaqillik maydoni deya qayta nomlandi. "Noma'lum askar qabri" o'rnida Xotira maydoni paydo bo'ldi. Ministrlar Soveti binosi 1999-yilgi Fevral voqealaridan so'ng Vazirlar Mahkamasi uchun butkul rekonstruksiya qilindi. 1990-yillar boshlarida Mustaqillik bayramining asosiy tantanalari aynan shu maydonda o'tkazilar edi.
Mamlakatning Toshkentdagi bosh maydonida Mustaqillik kuni tantanalari, 1992-yil.
Foto: O'zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi
O'zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov 2004-yili hududni obodonlashtirish haqida ko'rsatma bergach, maydonning hozir biz o'rgangan ko'rinishi shakllana boshladi. Yashil hududlar, yangi favvoralar aynan o'shanda paydo bo'lgandi, "Oq uy" esa Senat uchun moslashtirilgan binoga aylandi (hozir unda Prezident administratsiyasi joylashgan). 2005-yili Baxtiyor ona haykali va "Ezgulik" arkasi ochildi.
"Gazeta.uz" taqdim etilgan axborot uchun Boris Golender va O'zbekiston Kinofotofono hujjatlar milliy arxiviga minnatdorlik bildiradi.
Materialni Jahongir Azimov tayyorladi.
Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan
bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting